Rishod Sobirov – ikkinchi bor jahon chempioni

O’zbekistonlik Rishod Sobirov Fransiya poytaxti Parij shahrida o’tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Dzyudo bo’yicha bu yilgi jahon chempionatida dunyoning 900 nafarga yaqin dzyudochi chempionlik va kelasi yili Londonda bo‘ladigan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun tatamiga chiqmoqda.

Erkaklar o‘rtasida 60 kilogramm vazn toifasida Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) reytingida peshqadamlik qilayotgan hamyurtimiz Rishod Sobirov finalgacha shveysariyalik Lyudovik Chammartin, Burkina-Fasolik Xermann Zungrana, braziliyalik Felipe Kitadai, ozarboyjonlik Ilg‘or Mushkiyev va Janubiy Koreya vakili Jin Von Kimni mag‘lubiyatga uchratdi.

Rishod Sobirov finalda yaponiyalik Xiroaki Xiraokani mag’lub etib, ikkinchi bor jahon chempioni bo‘ldi va kelasi yili London Olimpiadasida qatnashish huquqini beradigan muhim reyting ochkolarini ham qo’lga kiritdi.

Rishod Sobirov 1986-yili Buxoro viloyatining Jondor tumanida tug’ilgan. 11 yoshidan dzyudo bilan shug’ullanadi. 2006-yili Xitoy Taypeyida bo’lib o’tgan Osiyo chempionatida ikkinchi o’rinni egallagan Rishod, 2008-yili XXIX yozgi olimpiya o’yinlarida Olimpiya termamizga birinchi bronza medalini taqdim etgan edi.