Yurtimizda xatmi Qur’onlar nihoyasiga yetmoqda (Fotoreportaj)

    Yurtimizda ramazon oyining bezagi bo‘lmish taroveh namozlarida Qur’oni karimni xatm qilish yaxshi an’anaga aylangan. Ilohiy kalomni to‘liq yod olgan hofiz yoshlarning yildan-yilga ko‘payib borishi bilan xatm o‘zkaziladigan masjidlar safi ham kengayib bormoqda. Joriy yilgi ramazon oyida diyorimizning qariyb barcha masjidlarida namozxonlar xushovoz va go‘zal tajvid bilan qiroat qilingan Allohning kalomiga some’ bo‘ldilar. Ayniqsa, xatmning yakunida masjidga ilohiy fayzu futuh yog‘iladi, undan bahramand bo‘lishni istagan ahli mo‘min masjidlarni to‘ldiradilar. Kuni kecha ana shunday rahmat nurlaridan munavvar bo‘lgan yana bir maskan – Toshkent shahridagi “Yunusobod-Oqtepa” masjidida bo‘ldik. Masjid imom-xatibi Muhammadzafar Ahmadjonov o‘zi kalomullohni to‘liq ko‘targan qori bo‘lgani uchun namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida har kungi taroveh namozida bir poradan o‘qib berdi. U Qur’oni karim oyatlarini shoshilmay, ravon tilovat qilar ekan, namozxonlarni o‘zgacha sokinlik, ajib bir halovat ruhi chulg‘ab olar edi. Muhammadzafar Ahmadjonov ayni paytda Toshkent islom institutining oldi o‘qituvchilaridan biri. Uning tajvid qoidalarini mukammal o‘zlashtirgani talabalarga qiroat fanidan ta’lim berishida juda qo‘l kelmoqda.

    Masjidga tashrif buyurgan O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdurazzoq Yunus namozxonlarni xatmona yakuni bilan qutlab, bu muborak kunlarni qadriga yetishga, uning fazilatidan imkon qadar ko‘proq foydalanib qolishga chaqirdi.

    Keng va yorug‘ masjidda istirohat namozini (tarovehning ana shunday ma’noni beradi) xatmi Qur’on yakuni bilan o‘tkazayotgan namozxonlarning dillaridan shunday kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga hamdu sanolar to‘kilayotgani shubhasiz edi. Zero namoz so‘nggida qilingan duo va iltijolar ham dillardagi o‘sha pokiza tilaklarga hamohang bo‘ldi. Bu kabi muborak kechalarda qalb va til birligidagi musaffo tilaklar ijobat bo‘lgay, inshaalloh!

    * * *

    Shu kuni poytaxtimizdagi yana bir fayzli maskan “Hofiz Ko‘hakiy” jome’ masjidida ham xatmona yakunlandi. Masjidga yetib kelaginimizda yosh qori, Toshkent islom institutining birinchi kurs talabasi Jasurbek Qulboev xatmda qiroat qilar, masjid ichi va hovlisi esa igna tashlasang yerga tushmaydigan darajada namozxonlar bilan to‘la edi. Masjidga sig‘magan yana yuzdan orti kishi tashqarida o‘tirgan ko‘yi ilohiy kalomga quloq tutardi. Qur’oni karimni juda yoshligidayoq yod olgan Jasurbek qorining yoniq ohangdagi tilovati to‘g‘ridan-to‘g‘ri dillarga xitob qilardi. Namozxonlardan birining mamnun holdagi so‘zlariga quloq tutamiz: “Bu yilgi tarovehda qoridan yolchidik. Jasurbek qori har kuni mana shunday tarzda, bir poradan o‘qib beradi. Bu ayniqsa menga o‘xshab kun bo‘yi ishda bo‘ladigan odamlarga juda ma’qul tushmoqda. Qori bola umridan baraka topsin, uni mana shunday tarbiyalagan ota-onasiyu ustozlariga rahmat!”
    Masjidga tashrif buyurgan Toshkent qorilarining ustozi, sakson besh yoshli Yahyo qori domla xatmonaning oxirgi suralarini tabarrukan o‘qib berdi, namoz so‘nggida esa ramazon va xatmi Qur’on sharofatidan elu yurt tinch, xalqimiz farovon bo‘lishini so‘rab duolar qildi. Umrini ilohiy kalomni keng yoyish va qori yetishtirish bilan o‘tkazgan mo‘ysafid qori domlaning duoyu iltijolariga barcha namozxonlar chin dildan “omin”, deb turardilar.

    Nu’mon Otaboyev.
    Suratlarni Hamdam Shorahmedov olgan.