Elchi Jorj Krol: “AQSH O’zbekiston bilan ishonchli va yaqin hamkor bo’lishni istaydi”

AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Jorj Krolning Vatandoshgazetasiga bergan intervyusi

AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Jorj Krol kuni kecha xalqimizni O’zbekiston mustaqilligining 20 yilligi bilan muborakbod etdi.  Ushbu tarixiy sana munosabati bilan, qolaversa, AQSH va O’zbekiston munosabatlaridagi yangi bosqich va vazifalar haqida bilish maqsadida “Vatandosh” muxbiri AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Jorj Krol bilan suhbatlashdi. AQSHning O’zbekistondagi diplomatik missiyasi yetakchisi sifatida yaqinda ish boshlagan elchi janoblari mamlakatimizning 20 yil davomida erishgan yutuqlariga yuqori baho berdi.

Savol: Muhtaram elchi janoblari, AQSH va O’zbekiston o’rtasida turli darajalarda aloqalarning kuchayayotganiga va o’zaro munosabatlarning mustahkamlanayotganiga guvoh bo’lyapmiz. O’zbekiston davlati rahbariga ishonch yorlig’ini topshirish marosimida so’zlagan nutqingizda Vashington va Toshkent aloqalarining yangi bosqichga kirayotgani haqida gapirdingiz. Bundan tashqari, o’zaro foydali munosabatlarni yanada chuqurlashtirish O’zbekistonda diplomatik missiyangizning asosiy maqsadi ekanini aytdingiz. Bu yangi bosqichning avvalgisidan asosiy farqi nimada? Ikki tomonlama munosabatlarning qaysi sohalari eng muhim hisoblanadi va nima uchun? Shular haqida batafsil so’zlab bera olasizmi?

Jorj Krol: O’zbekiston o’z mustaqilligining 20 yilligini nishonlar ekan, mamlakatlarimiz dinamik hamkorlikka mos barcha jabhalarda – siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy – aloqalarni yanada chuqurlashtirish va yaxshilash borasida yaxshi mavqeda turibdi. Allaqachon o’rnatilgan mavjud aloqalar asosida, Markaziy Osiyoning tinch va barqaror ravnaq topishini ta’minlashga bo’lgan o’zaro qiziqishlarimiz oldimizda turgan keyingi o’n yilliklar uchun ikki tomonlama aloqalarimizning poydevorini belgilaydi. O’zbekistonning o’z fuqarolari huquq va burchlarini hurmat qilishga undovchi va asosiy ijtimoiy taraqqiyot va iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga xizmat etuvchi kuchli, erkin va demokratik jamiyat qurish yo’lidagi harakatlarini qo’llab quvvatlashga bel bog’laganmiz. AQSH mazkur hududda tinchlik va davomiy xavfsizlikni ta’minlashdek umumiy maqsadimizga erishishda O’zbekiston uchun ishonchli, doimiy va ehtiromli hamkor bo’lishni istaydi.

Savol: Hurmatli elchi janoblari, O’zbekistonda ko’plab davlat arboblari, siyosatchilar, diplomatlar, jurnalistlar hamda jamoatchilik vakillari bilan uchrashdingiz. Ushbu uchrashuvlar haqida fikringiz qanday? O’zbekiston haqidagi ilk taassurotlaringiz haqida o’rtoqlashsangiz.

Jorj Krol: O’zbekistonga kelganimga bir necha oy bo’lishiga qaramay, har kuni ushbu o’lka, uning tarixi, madaniyati, urf-odatlari, taraqqiyoti va odamlari haqida ko’p narsa o’rganyapman. Hamma joyda, ko’chada va metroda bo’lamanmi yoki jamoatchilik tadbirlarida va turli darajalardagi uchrashuvlarda bo’lamanmi, odamlarda samimiylik va mehmondo’stlik ko’rdim. Umuman olganda, o’zbek xalqi menga va Amerikaga do’stona munosabatda va ayniqsa, ularning go’zal tillarini so’zlash uchun qilayotgan harakatlarimni qadrlashadi.

Savol: Ushbu lavozimga tayinlanishdan oldin siz Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosida Davlat kotibi yordamchisiga o’rinbosar bo’lib xizmat qilgansiz va ushbu makrohududda ro’y berayotgan jarayonlardan yaxshi xabardorsiz. Mamlakatimizning bugungi geosiyosiy vaziyatini qanday baholagan bo’lar edingiz? Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirish borasida O’zbekistonning roli haqida fikringiz qanday?

Jorj Krol: Markaziy Osiyoning markazi sifatida O’zbekiston har doim hududning xavfsizlik, madaniy, siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim rol o’ynagan. U qo’shnisi Afg’onistonning iqtisodiyotini yaxshilashga ko’maklashish uchun ko’p ishlar qilgan. O’zbekistondan keladigan energiya Kobuldagi chiroqlarni yoritib turibdi va O’zbekiston Afg’onistonda mamlakatni kelajakdagi iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim infrastruktura bilan ta’minlovchi juda ham kerakli temiryo’l qurib berdi. Har qanday aholining iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish mustahkam ijtimoiy va siyosiy xavfsizlik va barqarorlikka erishishning kalitidir. O’zbekistonning mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirishga qaratilgan yondoshuvi va qo’shayotgan hissasi, albatta, avvalo, o’z uyidan boshlanadi, deb ta’kidlash mumkin. Shuningdek, O’zbekiston qo’shni davlatlar uchun kerakli muhandis-texnik mutaxassislarni tayyorlab berayotgani bilan hudud uchun ta’lim markazi hamdir. O’zbek san’ati va musiqasi ham butun hudud bo’ylab tobora mashhur bo’lib bormoqda. San’at va musiqa odamlarni birlashtiradi, shu bilan birga, mintaqaviy hamda global barqarorlik va o’zaro anglashuvni kuchaytiruvchi omillardir.

Savol: O’zbekiston va AQSH hozirgi mavjud munosabatlarni hamda mamalakatlarimiz o’rtasida iqtisodiy hamkorlikning keng sohalaridagi istiqbolli aloqalarini qo’llab quvvatlaydi. AQSHning Ozbekistonda yuqori texnologik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mamlakatimizga katta miqdorli investitsiya kiritish istiqbollari qanday?

Jorj Krol: Men O’zbekistonda AQSHning barcha kattalikdagi biznes kompaniyalari uchun yaxshi imkoniyatlar ko’rmoqdaman. Buni Amerika-O’zbek Savdo Palatasi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi o’tgan fevral oyida uyushtirgan Biznes Forumda amerikalik kompaniyalarning yaxhsi ishtirok etgani ham ko’rsatdi. O’zbekistonning yaxshi ta’lim olgan va mehnatkash xalqi hamda hududdagi markaziy joylashuvi bo’lajak sarmoyadorlarga kop narsa taklif qiladi. Biz AQSH kompaniyalarini O’zbekistonda biznes qilishga da’vat qilamiz hamda O’zbekiston hukumatini o’lkada mumkin qadar eng yaxshi biznes iqlimini yaratishga chaqiramiz. O’zbekiston iqtisodi hajmda hamda kengqamrovlilikda o’sib, mahsulot va xizmatlarimizga ehtiyoj ortib borar ekan, bu yerda Amerika mahsulotlari va texnologiyalarini sotish uchun ko’p imkoniyatlar bor.

Savol: Ekspertlarning fikriga ko’ra, Afg’onistondagi harbiy xavfsizlik, siyosiy barqarorlik hamda iqtisodiy farovonlikning uzoq muddatli istiqbollari qo’shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga bog’liq. Xususan, “Katta Markaziy Osiyoloyihasining muallifi Fredrik Starr, Afgonistoniqtisodiyotini tiklashjarayoniga uning barcha qoshnilari jalb etilishi kerak, deydi. Shu bo’yicha O’zbekiston Afg’onistondagi bir necha infrastruktura loyihalarida faol ishtirok etmoqda. Afg’oniston muammosiga tinch yechim topish yo’lida olib borilayotgan xalqaro faoliyatlarda O’zbekistonning roli haqida sizning fikringizni bilmoqchi edim. Afg’oniston muammosini hal qilishda AQSHning yangi yo’nalishlari nimalardan iborat va bunda AQSH-O’zbekiston hamkorligining o’rni qanday?

Jorj Krol: Yuqorida aytganimdek, O’zbekiston allaqachon Afg’onistonning iqtisodiy o’sishida va uni qayta qurishda muhim o’ringa ega. AQSH bunday o’zaro foydali hamkorlikni nafaqat O’zbekiston va Afg’oniston orasida, balki Janubiy va Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar o’rtasida bo’lishini istaydi. Biz mintaqa bo’ylab yanada kengroq iqtisodiy faoliyat va hamkorlikni yo’lga qo’yish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari bilan ularning o’zaro hamda janubdagi qo’shnilari bilan hamkorliklarini yo’lga qo’yish yo’lida ishlashda davom etamiz. Lekin bu tomonlardan, jumladan, AQSHdan ham, maqsad va harakatlarda muntazamlik va davomiylikni talab etadi. Davlat Kotibi X.Klinton yaqinda Hindistonda qilgan nutqida bu boradagi bizning burchdorligimizni bayon etdi. Bu nutqda u ko’pincha beqarorlik, nizo va ziddiyatlar o’rni bo’lgan Markaziy va Janubiy Osiyo hududida davomiy barqarorlikni o’rnatish maqsadida iqtisodiy va savdo aloqalarini yo’lga qo’yishga xizmat qiluvchi Yangi Ipak yo’li strategiyasini e’lon qildi. Ushbu strategiyani targ’ib qilish va tushuntirish mening O’zbekistondagi AQSH elchisi sifatida qilishim kerak bo’lgan asosiy vazifalarimdan biri bo’ladi.

Savol: Amerika ikki asrdan ziyod demokratiya tarixiga ega va O’zbekiston demokratik institutlarni barpo etish bo’yicha faqat 20 yillik tajribaga ega. O’zbekistonda parlament vakolatlarini oshirish, sud mustaqilligi, nodavlat tashkilotlar va OAV rolini kuchaytirish maqsadidagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bo’yicha ishlab chiqilgan konsepsiyani qanday baholaysiz?

Jorj Krol: Mustaqillikdan keyingi 20 yillik taraqqiyoti davomida O’zbekiston o’z iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash hamda muhim davlat strukturasi va qonunlarini ishlab chiqish bo’yicha katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Keyingi bosqich bu qonunlarni ijro etish hamda OAV, parlament va hokimiyatning sud va ijroiya organlariga kuch va hayot nafasini berishdan iborat. Fuqarolari o’z qonuniy huquqlarini biluvchi va ulardan foydalana oluvchi hamda fuqarolar sifatida o’z majburiyatlarini bajara oluvchi fuqarolik jamiyatini barpo etish O’zbekistonda davomiy barqarorlikni ta’minlash uchun muhim omildir. Farqli madaniyatlarga ega bo’lsak ham, davlatchiligimiz tarixida turli tajribalarni boshdan o’tkazganimizga qaramay, AQSH tajribasi shuni ko’rsatadi. Nazarimizda, O’zbekiston xalqi va rahbariyati ana shunday jarayonga tinch o’tish yo’lida va o’zlariga xos sharoit va voqeliklarni hisobga olgan holda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik uchun o’z yo’nalishini belgilamoqda. Biz ham Amerikada zamon o’zgarishi natijasida doimiy ravishda o’zgarishlarga yuz tutib boryapmiz va biz 200 yil oldin bugungi voqelikdan mutlaqo farqli bo’lgan sharoitlarda yozilgan bo’lishiga qaramay, Konstitutsiyamiz g’oyalari va qonunlarini amalga tatbiq etishga harakat qilamiz. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tizim va strukturalarimizni yanada takomillashtirish va rivojlantirish yo’lida faoliyat olib borar ekanmiz, o’zaro ehtiromli va teng hamkorlar sifatida AQSH va O’zbekiston bu borada bir-biriga ko’makdosh bo’ladi.

Savol: O’zbekiston mustaqilligining 20 yilligini nishonlashga tayyorlanmoqda. Erkin taraqqiyot yillarida mamlakat iqtisodiy islohot, infrastrukturani rivojlantirish hamda ijtimoiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Global moliyaviy inqiroz sharoitida O’zbekistonda amalga oshirilgan inqirozga qarshi choralar dasturi haqida fikringiz qanday? O’zbekistonning xalqaro savdo va iqtisod tizimiga yanada integratsiyalashuvi istiqbollarini qanday ko’rasiz?

Jorj Krol: Sobiq Sovet ittifoqi qulagandan keyingi mavhum kunlardan tortib eng so’nggi global moliyaviy inqiroz paytigacha O’zbekiston iqtisodiy barqarorlikning diqqatga sazovor darajasini ta’minlay oldi. Hukumatning inqirozga qarshi choralar dasturi boshqa o’lkalarda qo’llangan choralarga o’xshash va biz uning O’zbekiston moliya tizimini barqarorlashtirib, iqtisodiyotning o’sishda davom etishini ta’minlaganiga guvoh bo’lyapmiz. Hukumat, baribir, iqtisodiyotni yanada liberallashtirishga hamda umumiy iqtisodiy o’sish va ish o’rinlari yaratishning eng yaxshi vositasi bo’lgan kichik va o’rta biznesning rivojlanishiga yordam beruvchi moliyaviy xizmatlarni oshirishga ehtiyoj borligini tan oladi. O’zbekiston savdo aloqalari va mahsulotlarini hudud bo’ylab va global miqyosda kengaytirib borar ekan, xalqaro savdo va iqtisodiy tizimga, masalan, Jahon Savdo Tashkilotiga sekin-asta qo’shilib boradi.

 Savol: O’zbekistonning mustaqillik yillarida o’sib kelgan yangi avlodi o’z taqdirlari va muvaffaqiyatlarini bevosita mamlakatlari taraqqiyoti bilan bog’lashadi. Shu maqsadda hukumat milliy mentalitet, an’ana va urf-odatlar hamda umumjahon qadriyatlari asosida, jumladan, yoshlar siyosatida doimiy va kengqamrovli o’zgarishlarni amalga oshirish yo’li bilan yosh avlod ta’limiga alohida e’tibor qaratgan. O’zbekiston kelajagini, va bu o’lkaning mustaqilligini yanada mustahkamlashda yoshlarning o’rnini qanday ko’rasiz?

Jorj Krol: O’zbekiston o’z mamlakatlari kelajagiga katta qiziqish bilan qarovchi yorqin va faol yoshlar jamoasiga ega. Har ikki mamlakatlarimiz yoshlar sog’lig’i va rivojlanishiga birdek qiziqish bildirib keladi va mamlakatlarimiz zamonaviy o’zgarishlar va hayot tarzi qarshisida sog’lom turmush tarzi va ta’limini targ’ib etish borasida ko’p ishlar qilgan. Umid qilamanki, mamlakatlarimiz yoshlari dunyoni va uning rang-barangligini o’rganish hamda unda faol va mas’uliyatli fuqarolar sifatida ishtirok etish maqsadida bir-birlari bilan uchrashishlari va tanishishlari uchun ko’p imkoniyatlar bo’ladi.

Savol: Muhtaram elchi janoblari, AQSHda chop etilayotgan birinchi o’zbekcha gazeta – ”Vatandosh” tahririyati samimiy suhbatingiz uchun sizga tashakkur izhor etadi. Sizda gazetamiz orqali yurtdoshlarimizni hamda Amerikada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi bayrami bilan tabriklash imkoni bor.

Jorj Krol: Amerika Qo’shma Shtatlari xalqi nomidan O’zbekiston xalqini O’zbekiston Mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Men O’zbekiston erishgan muvaffaqiyatlarni olqishlayotgan barcha amerikaliklarga qo’shilgan holda O’zbekiston xalqiga davomiy tinchlik, farovonlik and baxt-saodat tilayman. Mustqaillik bayramingiz muborak bo’lsin!

 

Мavlon SHUKURZODA suhbatlashdi,

Vashington-Toshkent.

 

SHARE