Turkiyalik Xakon Demir: “O’zbekiston mening Vatanim”

Mavlon SHUKURZODA
Buyuk zotlar Shayh Xovand Tohur va Xo’ja Ahror Valiy avlodiga mansub muhtaram vatandoshimiz Xakon Demir bilan suhbat.

Xakon Demir 1964-yili Turkiyaning Adana shahrida o‘zbek muhojiri oilasida dunyoga kelgan. 1974-yildan beri Istanbulda yashaydi. 1986-yili Istanbul universitetining huquq fakultetini bitirgan. Istanbulning yetakchi advokatlari qatoridan o’rin egallagan. Turkiyadagi Turkistonliklar jamiyatining faol a’zolaridan biri. 1999–2001-yillar Yevroosiyo-Turk jamiyatlari uyushmasi Prezidenti, keyinchalik 2001–2005-yillarda esa Turkiyada turkistonliklar jamiyati raisi vazifalarida faoliyat yurgizgan. Jamiyat rahbari sifatida AQSH, Turkiya, O‘zbekiston, Iroq va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro simpozium hamda konferensiyalarda ma’ruzalar o’qigan. Amerikalik o‘zbeklar jamiyatining faoli, Nyu-Yorkda joylashgan Turk–Amerika federatsiyasi vitse-prezidenti janob Xalil To‘raning taklifi bilan bir necha marta AQSHga tashrif buyurgan. 2001-yili Toshkentda o’tgan O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi bayram tantanalari ishtirokchisi.

Quyida Xakon Demir bilan qilgan suhbatimizni e’tiboringizga havola etamiz.

Mening ajdodlarim

 Men bolaligimdan o‘tmishimiz, ajdodlarimiz va vatanimiz tarixiga qiziqib kelaman. Shu to‘g‘rida ota-buvalarimga tinimsiz savol berar edim. Ota-onamiz bizga ona vatan, o‘zbeklar va oilamiz tarixi to‘g‘risida erinmay gapirib berishardi. Uyimizda turk tiliga hurmat ko‘rsatilsa-da, ota-onam biz bilan o‘zbek tilida so‘zlashardi.Otam juda ziyoli, o‘zbeklar tarixini yaxshi biluvchi, bilimdon, fidoyi odam bo‘lgan. Bizning kelib chiqishimiz asli Toshkentdan. Otam Said Maqsudxon Demirning gaplariga qaraganda, biz ota tarafidan hurmatli zotlar, islom dunyosiga mashhur Shayxontohur va Xoja Ahror Valiy avlodidan ekanmiz. Azaldan ota-buvalarimizni «Saidlar», «To‘ralar» deb atashar ekan. Otamning buvalari eski zamonda Toshkent hokimi mahkamasida yuqori lavozimlarda xizmatda bo‘lgan ekanlar. Otamning onalari Masturabonu ham xo‘jalardan bo‘lib, Toshkentning hurmatli oilasiga mansub ekanlar. Onamning ismlari Munisaxon, ular ham asl kelib chiqishlari Toshkentdan. Otalari Mirobid buvamlar toshkentlik, onalari Onaxon buvimizning kelib chiqishi Marg‘ilondan. Allohga shukur, onam hayotlar. Otam Said Maqsudxon Demir Turkiyada 1983-yili 55 yoshida kasallik tufayli vafot qilganlar.

Vatandagi notinchliklar…

 Ota-bobolarimiz Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng ko‘proq ziroatchilik (qishloq xo‘jaligi, fermerlik) va savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanishgan. 1930-yili buvamiz stalinchilarning zulmiga chidolmay, oilasi va yaqinlari bilan birga vatandan chiqib ketishga majbur bo‘ladilar. Ko‘chish chog‘ida otam endigina ikki yoshga to‘lgan ekan. Onam esa ularning oilasi Afg‘onistonga o‘tib Qunduz shahrida o‘rnashib olganidan so‘ng muhojiratda tug‘ilgan. Kattalar Afg‘onistonga ko‘chish paytidagi azob- uqubatlar, otalarining ayanchli hayoti, g‘ariblik azoblarini gapirganida har doim ko‘zimga yosh kelardi. Yosh bo‘lsam-da, «odam qanday qilib shuncha azobga bardosh berar ekan», deb o‘ylanar edim… Muhojiratdagi og‘ir kunlar Afg‘onistondagi xo‘rliklar va og‘ir hayot, boz, vatanga qaytish umidi uzilganidan keyin ota-onalarimiz Turkiyaga borishni ma’qul topishadi. Otam 1952-yili Turkiyaga akasi Said Murodxon bilan birga ko‘chib o‘tadilar. Katta akasi va opalari Afg‘onistonda qolishgan edi. Ammo Afg‘onistonga sho‘rolar bostirib kirgach, ular ham 1983-yili Turkiyaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladilar. Turkiya hukumati ko‘pchilik o‘zbeklarni Adana shahriga joylashtiradi. Otamning aytishicha, u yerda o‘zbeklarga katta g‘amxo‘rlik, izzat-ikrom ko‘rsatilgan. Yashash, o‘qish va erkin mehnat qilish uchun hamma shart- sharoit yaratib berilgan ekan. Xullas, otam Turkiyaga ko‘chib kelganlaridan g‘oyat xursand bo‘lganlar.

Bizning ikkinchi vatanimiz

Otam o‘z baxtini Turkiyada topadi – 1963-yili onamizga uylanadi, 20 yil baxtli va inoq turmush kechirishadi. 1964-yili men, 1968-yili singlim tug‘ilamiz. 1974-yili oilamiz Istanbul shahriga ko‘chib o‘tib, biz shu yerda muqim bo‘lib qolamiz. 1986-yili men Istanbul universitetining Huquq fakultetini bitirganman. 1988-yildan advokatlik qilaman. Turmush o‘rtog‘im ham menga hamkasaba. Ikki farzandimiz bor: o‘g‘lim 19, qizim 15 yoshda.

Ajdodlarga ehtirom

Otam Said Maqsudxon Turkiyaga ko‘chib kelganlarida familiyalarini buyuk bobomiz nomi bilan Temur (turkchada, Demir) deb atashni ma’qul ko‘radilar, biz ham shu tabarruk nomni qabul etib, Demir bo‘lamiz. Bu nom kimligimiz va kimlarning avlodi ekanimizni eslatib turadi.

Bobomning o‘gir qismati

Amerikada “Turkiston-Amerika” jamiyati rahbari Abdulloh Xo’ja (chapdan birinchi) bilan

Bobomiz Said Abdulg‘ani To‘raning qismati juda og‘ir kechgan. U kishi bag‘rikeng, insonparvar, qo‘li ochiq, har doim odamlarga yordam berishga tayyor, saxovatli odam edilar. O‘sha 1930-yili buvamizning ayrim qarindoshlaridan Toshkentda qolganligi sababli, ularni Afg‘onistonga olib kelish maqsadida u erdan vatanga qaytadilar. Chegaradan o‘tayotganlarida bolshevik askarlar buvamizni tutib, qiynab, qamoqqa tashlaydilar. Ularni quloqlikda, qo‘poruvchilikda ayblab sovetlarga qarshi unsur va dushman deb ko‘rsatib, Sibirga 25 yilga surgunga jo‘natadilar. Buvamiz juda baquvvat odam edilar, tushkunlikka tushmay, hamma qiyinchilik va xo‘rlanishlarga chidab, 23 yildan keyin Stalin vafot etgach, 1953-yili ozod bo‘lib, Toshkentga qaytadilar. Toshkentda buvam Afg‘onistondagi oilalari haqida hech qanday ma’lumot ololmay, qattiq kuyunadilar. Oilalarini qo‘msab Toshkentdan bosh olib ketadilar. Afg‘onistonda yashayotgan avlodlariga yaqinroq bo‘lish maqsadida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh bir yeriga ko‘chib boradilar. Buvamiz Said Abdulg‘ani To‘ra hayotlarining oxirgi pallasigacha qachon Turkiston ozod bo‘lar ekan, qachon sovetlarning baland devori qular ekan, qachon bola-chaqamni bag‘rimga bosadigan kun kelar ekan, degan armon bilan o‘tdilar. Eshitishimcha, buvam O‘zbekistonning mustaqillikka erishishiga qattiq ishonar, toat-ibodatda vatan ozodligini iltijo qilib so‘rar ekanlar. U kishi 1963-yili bandalikni bajo keltirdilar. Mana, bir oilaning og‘ir taqdiri… O‘sha davrda O‘zbekistonda bunday qismatga ega bo‘lgan oilalar soni yuzlab emas, minglabdir.

Otamning vataniga ilk tashrifi

Buvamning qismatini men otamdan eshitganman. Otam esa uni vatanlariga birinchi tashriflarida eshitib kelganlar. Otamning u yerga borishlari ham oson bo‘lmagan. Bu ular uchun eng muqaddas orzu, uni amalga oshirish uchun ko‘p yillarini sarf qilganlar. Bir necha yillik urinishlardan so‘ng, 1972-yili baxtli tasodif tufayli otamga vatanga borib kelishga ruxsat tegadi. Ota-buvalari, ajdodlari yashagan ona zaminga birinchi bor qadam qo‘ygan har bir muhojir so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan hissiyotni boshidan o‘tkazadi. Otam Toshkentda so‘rab-surishtirib tog‘a-xolalari, amma-amakilarini, barcha qarindoshlarini qidirib topib, O‘zbekistonda ikki oy qolib ketadilar. Otamning safardan ko‘zlagan maqsadi Otamning vatanlariga borishdan ko‘zlagan asosiy maqsadlari buvam Said Abdulg‘ani To‘rani so‘rab-surishtirish edi. Otam buvam to‘g‘risida u kishining qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlari bilan ko‘p vaqt suhbatda bo‘lganlar. Hatto Sibirda birga jazo muddatini o‘tagan odam bilan ham uchrashganlar. U kishining qanchalik matonatli, kuchli, irodali odam bo‘lganligini otam bizga keyinchalik gapirib berganlar. Qarindoshlarimiz biz to‘g‘rimizda hech narsa bilmas, bizni hali ham Afg‘onistonda yashaydilar, deb o‘ylashar ekan. Otam vatan tuyg‘usi ila har kuni azim Toshkent shahri bilan yaqindan tanishishga oshiqardilar. Ayniqsa, eski Toshkent ko‘chalarida aylanishni, o‘zbek bozorlari, madrasalariga tashrif buyurishni, choyxonalarda gurunglashib o‘tirgan qariyalar bilan suhbatlashishni yoqtirardilar. Otam o‘z maqsadlariga erishganlarini mamnuniyat bilan ko‘p eslar, quvonchlari ichlariga sig‘masdi.

G‘urbatda g‘arib…

 Otam eski Toshkent ko‘chalarining birida, o‘zlari tug‘ilgan, ota-buvalari yashagan hovlini qidirib topadilar. 30-yillarda bu hovli sovetlar tomonidan musodara qilinib tortib olingan, bugun o‘sha katta hovlining bir qismigina bor ekan. Ammo otam tug‘ilgan uy, o‘sha yerning o‘zida qachonlardir buvalarimiz ekib ketgan, hovlining og‘ir qismatidan boxabar ko‘hna tut daraxti saqlanib qolgan ekan. Otam o‘sha tutga qo‘llarini qo‘yib yuzlariga suribdilar, zero qachonlardir shu daraxtga bobolarining, otalarining qo‘llari tekkan bo‘lsa ajab emas… Keksa qarindoshlaridan avlod tarixini surishtirib, erinmay hamma gaplarni yozib olgan ekanlar. Axir bu noyob tariximizning zarvaraqlari edi-da. Turkiyaga kelganlarida bizga Toshkentda kechgan quvonchli va hayajonli daqiqalarini charchamay soatlab gapirib berganlar. Otam O‘zbekistondan xuddi onadan boshqa tug‘ilganday bo‘lib qaytdilar. Ular ichki hasrat o‘tini o‘chirishga harakat qildilar, lekin baribir otamning dard va armonlariga davo topishning iloji bo‘lmadi… Otam, o‘z navbatida toshkentlik qarindoshlariga muhojirlikning ming azobini gapirib berganlarida ular ham chidab turolmay yig‘lagan ekanlar. Tashqaridan qaraganda yuzlarida doimo tabassum bo‘lar, ichlaridagi ko‘p yillik dard, nola va hasratlarini ko‘rsatmasdan saqlashga harakat qilardilar. Buni faqat musofir bo‘lgan, g‘urbatda g‘arib bo‘lib yashagan odamgina bilishi mumkin…

Mening siyosiy faoliyatim

Toshkentdagi uchrashuvlar

Men 1999–2001-yillar Yevroosiyo-Turk jamiyatlari uyushmasi Prezidenti, 2001–2005-yillarda esa Turkiyada turkistonliklar jamiyati raisi lavozimida faoliyat yurgizdim. Yevroosiyo – Turk jamiyatlari uyushmasi Turkistonliklar jamiyati, Sharqiy Turkiston jamiyati va Karkuk turklari jamiyatlarini birlashtirib, hamkorlikda ish yurituvchi, Turkiyaga Osiyodan kelgan barcha turkiylarning tarixiy, madaniy va insoniy huquqlarini himoya qiluvchi, muvofiqlashtiruvchi bosh tashkilotdir. Yevroosiyo – Turk jamiyatlari uyushmasi prezidenti sifatida dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘ldim. Shu vaqt oralig‘ida Amerika Qo‘shma Shtatlari, O‘zbekiston, Iroq va boshqa mamakatlarga siyosiy, madaniy-ma’rifiy inson huquqlari masalalarida bir necha marta borishga to‘g‘ri keldi. Turkistonliklar jamiyatiga raisligimda ham O‘zbekiston va AQSHga borib kelardim, u yerdagi yor-do‘stlar bilan uchrashib, xalqlarimiz orasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qo‘ldan kelgancha harakat qilardim. Bugungi kunda dunyoda 200 dan ortiq Turkistonliklar jamiyati bor. Bunday jamiyatlar Amerika, Yevropa, Osiyo, Afrika qit’alarida va hatto Avstraliyada ham mavjud. Lekin ular orasida eng yiriklari uchta, bular Nyu-Jersida (AQSH), Adanada (Turkiya) va Istanbulda (Turkiya) joylashgan.

Turkistonliklar jamiyati

Ma’lumki, o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab bir qancha o‘zbek oilalari Turkiyadan AQSHga ko‘chib borishdi. Ular 1958-yili tashkil etilgan «Turkisto–Amerika» Amerikadagi turkistonliklar assotsiatsiyasi tevaragida birlashdilar. Biz hech vaqt ushbu tashkilot va Amerikadagi o‘zbeklar bilan aloqamizni uzmaganmiz. Aksincha, har doim bordi-keldi aloqalar hamda o‘zaro yordamni ko‘zda tutib faoliyat yurgizib kelmoqdamiz. Turkiyada biz o‘tkazadigan barcha tadbirlarda ulardan vakillar kelib qatnashadi. Biz ham o‘z navbatida Amerikadagi turkistonliklarning tadbirlariga kelib qatnashib turamiz. Bundan tashqari, Nyu-Yorkda Turk–Amerika federatsiyasi ham mavjud. Bu tashkilot katta obro‘ va nufuzga ega.

Xalqaro simpoziumdagi ilk ishtirokim

Men 2001-yili Yevroosio-Turk jamiyatlari uyushmasining rahbari sifatida Nyu-Yorkda tashkil qilingan «Turk kuni» siyosiy-madaniy tadbirida ishtirok etdim. 20-may kuni mazkur tadbir doirasida uyushtirilgan simpoziumda ma’ruza qildim. Unda Sharqiy Turkistondagi og‘ir ahvol, Afg‘onistondagi o‘zbek va turkmanlarning hayoti, Iroq turklari va Shimoliy Iroq masalasi to‘g‘risidagi mavzularni yoritdim. Men o‘z chiqishimda birinchi marta Tolibon, al-Qoida, Usama Bin Ladin, Saudiya Arabistoni missionerlarining Afg‘onistonga salbiy ta’siri va mazkur mintaqaga AQSHning munosabatini tanqid qilgan edim. Shuningdek, Pokiston va ayrim arab mamlakatlaridan yordam olayotgan Tolibon, al-Qoida askarlari jihod niqobi ostida Shimoliy   Afg‘onistonda begunoh o‘zbek va turkmanlarning qatl qilinayotganligi va pushtunlar zulmi xususida ham ochiq gapirdim. Agar bu qora kuchlarni dunyo hamjamiyati bir bo‘lib to‘xtatmas ekanmiz, ertaga ular jahonning boshqa mamlakatlariga ham hamla qilishlari mumkin, deb xulosa qilgan edim o‘sha simpoziumda. Bu davrda Nyu-Yorkdagi sentyabr voqealari hali ro‘y bermagan edi.

Amerika o‘zbeklari bilan uchrashuv

Har gal Amerikaga kelganimda o‘zbeklar meni yaqin qardoshidek kutib olishadi. Bu galgi tashrif chog‘ida men O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasini, Nyu-Yorkdagi Bosh Konsullikni ziyorat qildim, yuqori lavozimli diplomatlar bilan yaqin suhbatda bo‘ldim. Men amerikalik vatandoshlarimiz bilan turli madaniy-ma’rifiy va siyosiy tadbirlarda ishtirok etdim. E’tibor qilsangiz, Amerikada turli yoshdagi vatandoshlarni uchratasiz. Birinchi avlodning ko‘pchiligi yoshi ulug‘. Ularning hikoyalarini eshitsangiz, butun bir tarix bilan yuzlashganday bo‘lasiz. Ular o‘zbek tilida sof gaplashadilar. Ulardan biz iloji boricha ko‘proq ma’lumot olishimiz kerak. Hozir amerikalik o‘zbeklar orasida o‘zbekchilikning, ona tilimizning saqlanib qolishida ham ular ning roli kattadir. Ikkinchi avlod – ularning farzandlari. Ular bugungi kunda ko‘pchilik. Aksari Afg‘onistonda, Turkiyada, Saudiya Arabistonida va Germaniyada tug‘ilgan. Ularning hayoti mana 40–50 yildirki, Amerikada o‘tmoqda. Bugungi TAA a’zolarining asosiy qismini shular tashkil qiladi. Uchinchi avlod esa Amerikada tug‘ilib-o‘sganlardir. Ularning dunyoqarashi ham rivojlanishi ham yuqoridagilardan farq qiladi. Mening fikrimcha, ular o‘zbek urf-odatlari, tarixi, madaniyati va ona tilini o‘rganishga muhtoj. Ular bilan jiddiy shug‘ullanilmasa, keyingi avlodning o‘zbek tilida so‘zlashi og‘ir kechadi deb o‘ylayman. Bu narsa Amerikadagi Jamiyatimizga katta vazifa va mas’uliyat yuklaydi. Bu Jamiyatga yordam berishda avvalo biz, Turkiyadagi o‘zbeklar, qolaversa vatanimizdan ham yordam kerak. Biz bugungi kunda moddiy yordamga muhtoj emasmiz, ammo ma’naviy-madaniy yordamga ehtiyoj bor. Bizga o‘zbek tilini o‘rgatuvchi o‘qituvchilar, adabiyotlar, darsliklar kerak. Chunki vatandan ketganlariga 80–90 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zbeklar ona tili va urf-odatlariga sodiq qolganliklarini namoyish qildilar. Shu bilan birga, kelajak avlodni biz ajdodlarimizning boy tarixi va madaniyati ruhida tarbiyalab voyaga yetkazishimiz ham farz, ham qarz deb bilaman.

O‘zbekistonga birinchi tashrifim

O’zbekiston mustaqilligining 10 yillik tantanalarida, Toshkent, 2001-yil

90-yillar o‘rtalarida, Turkiyaning O‘zbekistonda ayrim ichki siyosiy ishlarga aralashuvidan kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida Turkiyadagi turkistonliklar jamiyati O‘zbekistondan bir oz chetlashdi. Ammo, bizning madaniy-ma’rifiy aloqalarimiz, bordi-keldi masalalar davom ettirildi. 2000-yildan keyin aloqalar bir oz iliqlashdi, bundan xursandmiz. 2001- yili biz O‘zbekiston Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashidan O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi bayram tadbirlariga taklif oldik. Shu sabab, men va yana bir necha faollarimiz O‘zbekistonda ikki hafta turish baxtiga musharraf bo‘ldik. Bu tashrif menga ona zamin O‘zbekistonga ilk bor qadam bosishimga imkon yaratdi. Ikki hafta vatan bag‘rida bo‘lish men uchun bir asrga tatigulik bo‘ldi. Toshkentga ilk bor borganimda ajdodlarim yurgan ko‘chalarni ziyorat qildim. Qarindoshlarimnikida mehmon bo‘lib, ularning suhbatlaridan bahramand bo‘ldim. Samarqand, Buxoro, Xivaning tarixiy obidalarini ko‘rib hayratda qoldim. Azim Toshkent ko‘hna bo‘lishiga qaramay, juda go‘zal, ko‘rkam va zamonaviy shahar ekan. Ko‘chalarining kengligi, bozorlari, zamonaviy ofislar, dunyo talabiga janob beruvchi mehmonxonalar, sport inshootlari, metro, maydonlar har qanday ajnabiy mehmonni o‘ziga rom qiladi. Xorijda yashovchi o‘zbek uchun, mahalla choyxonalarida bir piyola choy ustida keksa otaxonlarning sermazmun suhbatini mazza qilib eshitishdan ortiqcha baxt bormikan? Bunchalik ko‘p daraxt va gullarni biror boshqa shaharda ko‘rmaganman.

Ajdodlarim tarixiga nigoh…

Otam izlab topgan qarindoshlarinikida bir necha kun mehmon bo‘ldim. Men uchun bu uchrashuvlar bir tomondan, quvonchli lahzalarga boy bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘kinch, dard, alam, ko‘z yoshi, sog‘inch kabi tuyg‘ular og‘ushiga yetakladi. Toshkentda bizni oila tarixini yaxshi biluvchi nuroniy mo‘ysafid bilan tanishtirishdi. Ular bilan suhbatlashsam, u kishi oilamiz tarixining bir qismini bilar ekan, xolos. Sho‘ro davrida qo‘rquvdan qarindosh o‘z qarindoshini, shogird o‘z ustozini, qo‘shnilar bir-birovlarini sotishi, chaqimchilik kabi sovet tuzumiga xos yomon illatlar paydo bo‘lgan ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hamma ehtiyotkor, o‘z sirini boy bermaslik maqsadida kamgap bo‘lib yurgan. Qani endi bobolarimiz ekib qoldirgan daraxtlar, qurgan binolar, devorlar tilga kirib gapira olsalar… Rahmatlik buvam Said Abdulg‘ani To‘raning hamma gaplari ichida qolib ketibdi, yonlarida dardkash buvimlar, gaplarini eshituvchi mehribon farzandlari, ko‘nglini tog‘day ko‘taradigan jajji shirin-shakar nabiralari ham bo‘lmagan ekan…. Ona zamin to‘g‘risida gap ketsa, men maktab davrimni eslayman. Ta’til vaqtida ko‘p do‘stlarim qishloqlarga ketishgan, men esa boshimni egib otamdan, «bizning ham qishlog‘imiz, yerimiz bormi?» deb so‘rardim. Otam menga; «Qishlog‘imiz ham bor, yerimiz ham, lekin hozir juda olisda, u O‘zbekiston deb ataladi. Vaqti kelib, sen u yerlarga borib qolarsan», derdilar. Mana, shu gaplarga ham 35 yildan oshibdi. Shukurlar bo‘lsin, men ham, otam ham niyatimizga erishdik. Toshkentga borganimda, o‘sha ona zaminni ko‘rishga muyassar bo‘ldik, boshqalar qatori biz ham vatanlik bo‘ldik.

Mavlon Shukurzoda suhbatlashdi,

Istanbul, Turkiya, 2009-yil.

SHARE