Vatanparvarlik qanday fazilat?

Ahad ABDURAHMON

Mustaqillik bayramimiz arafasida vatanparvarlik haqida gaplar ko’payadi, chiroyli she’rlar, qasidalar, qo’shiqlar aytiladi. Ziyolilar, tarixda o’tgan mutafakkirlar bu haqda nima deyishadi? Qizig’i, ular orasida negadir vatanparvarlik haqida salbiy munosabat bildirganlar ham bor. Keling bugun ba’zi taniqli odamlarning shu haqda aytgan gaplari bilan tanishib chiqaylik.

Afsuski, namunali vatanparvar bo’lish uchun kishi insoniyatning qolgan qismiga dushman bo’lishi kerak . (Volter)

Insoniyat orasidan vatanparvarlik yo’qotilmaguncha dunyo hech qachon tinchimaydi. (Bernard Shou)

Vatanparvarlik ichidan urushlar ochib chiqadigan tuxumdir. (Gi De Mopassan)

Vatanparvarlik johillarga oiddir. (Oskar Uayld)

Ko’rib turganingizdek, odatdagi madhlarga tamomila zid fikrlar. Mening nazarimda bu mashhur va aqlli shaxslar o’zlari yashab o’tgan davrlardagi urushlarda to’kilgan qonlarni ko’rib shunday gaplarni gapirganlar. Albatta, ularning insoniylik fazilatlari, insonparvarliklari tahsinga sazovor. Bu buyuk shaxslarning so’zlari insonni fikrlashga, o’ylashga majbur etadi.

Sevgi, do’stlik, ota-onalik, bolalik, aka-ukalik, opa-singillik kabi vatanparvarlik ham bir tuyg’udir. Tuyg’u bu mavhum tushuncha, ammo uning bizning ruhiyatimiz va ongimizga ta’siri katta. Xuddi boshqa tuyg’ular kabi vatanparvarlik tuyg’usi ham hammada har xil bo’ladi. Ba’zilarda hatto bo’lmasligi ham mumkin va bu tabiiy hol.

Tuyg’ular asosan insonning o’ziga, o’tmishiga yaqin bo’lgan narsalarga nisbatan kuchliroq bo’ladi. Hammadan ko’ra ota-onamizni yoki bolalarimizni, masalan, yaxshi ko’ramiz, negaki ular bizning o’zligimizga yaqinroqdirlar. Ammo bu tuyg’u bizni boshqa odamlarni yomon ko’rishimizga bevosita sabab bo’lmaydi. Aksincha, o’z yaqinlarini sevgan odam uchun boshqa odamlar ham kimlarningdir bolasi, onasi, singlisi ekanini anglash osonroq bo’ladi. Yuqorida keltirilgan iqtiboslardagi umumiy yanglishlik ham aynan shunda. Ya’ni ular vatanparvarlik tuyg’usi boshqalarning vatanini yomon ko’rishga, hatto ularga qarshi urushishga undaydigan his sifatida talqin qilingan. Shundaymikan? O’sha urush misolini olaylik, mana. Urushda qo’liga qurol olib kurashayotgan tomonlarning qaysi birida vatanparvarlik hissi bo’ladi? Albatta, o’z vatanini himoya qilayotganida, bosqinchilik qilayotganida emas! Bosqinchini qo’liga qurol olib qon to’kishga mabjur qilgan narsa vatanparvarlik tuyg’usidan boshqa har narsa bo’lishi mumkin!

Menimcha, yuqorida gaplari iqtibos qilingan mashhur insonlar vatanparvarlikni faqatgina siyosatchilar qo’lidagi targ’ibot-tashviqot quroli sifatida ko’rib gapirganlar. Ammo vatanparvarlik siyosiy qurol emas, balki insoniy tuyg’udir. Albatta, ko’pgina boshqa tuyg’ular kabi, vatanparvarlik tuyg’usini ham osongina manipulyatsiya qilish mumkin. Lekin birov boshqa odamning sevgisini o’z manfaati yo’lida o’yinchoq qilib o’ynasa, sevgi bu yaramas narsa degan xulosa kelib chiqmaydi.

Bu gaplarim bilan men bu zotlar mutlaqo nohaq demoqchi emasman, ammo vatanparvarlik aslida pok va insoniy tuyg’u ekanligini eslatib o’tmoqchiman xolos. Hoyi-havas, shonu-shavkat, boyligu mansab va boshqa shunga o’xshash narsalar ulug’langan hozirgi zamonda haqiqiy insoniy tuyg’u noyob matohga aylanib qolyapti, vafo ham, sadoqat ham, do’stlik ham. Agar siz tug’ilib o’sgan uyni eslaganda yuragingiz ichiksa, O’zbekiston degan so’zni eshitganda entikib ketsangiz, demak sizga shu noyob tuyg’ulardan biri – vatanparvarlik begona emas ekan.

Vatanimiz ozodligining yigirma yilligi sizga qutlug’ bo’lsin, aziz Vatandosh!

SHARE