O’lishni xohlaysizmi?

Bismillahir rohmanir rohiym.

Suriya ulamolaridan Ab-dul-fattoh Abug‘uddaning “Ulamolar sabridan lavhalar” kitobi avvalida Amr ibn A’lodan ushbu voqea hikoya qilinadi:

“Yoshi yuzdan o‘tgan, dunyo lazzatlaridan maza qilmaydigan darajada zaif bir insonni ziyorat qilib, undan so‘radik:

— O‘lishni xohlaysizmi?

— Yo‘q, — dedi u kishi.

— Dunyodagi lazzatlarning bari bitib, tugagan bo‘lsa, sizga o‘lim afzalroqmasmi? Yana qanday lazzat qoldi?

— Yaxshilarning so‘zlarini eshitib maza qilaveraman.”

Hurmatli vatandosh. Ushbu sondan boshlab, «Hidoyat gulshani» deb atalmish rukn ostida sizga ana shunday go‘zal so‘zlarni taqdim etmakni niyat qildik.

BISMILLAH  HAQIDA

Taqiy Usmoniy “Zikr va fikr” kitobi muqaddimasida “Bismillah” sharhi haqida shunday deydilar:

Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar:

“Allohning nomi bilan boshlanmagan ish chaladir”

Yana Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:

“Kishi ko‘chadan uyiga kelar ekan, shayton u bilan eshigi oldigacha birga keladi. Ammo kishi uyga qadam qo‘yishdan avval “Bismillahir rohmanir rohiym” (yana bir rivoyatda “Bismillahi xorojna, va ’alallohi robbina tavakkalna”) desa shaytonning bu erda nasibasi qolmay, ketib qoladi. Ovqatlanishda ham “Bismillah” bilan boshlansa, shayton ovqatga sherik bo‘lmaydi.”

SUV HAQIDA TAFAKKUR

Taqiy Usmoniy aytadilar:

“Bismilloh” rasmiy narsa emas, zaruratdir. Buni ikki misol bilan sizga isbotlab beray.

Sizga bir suv keltirilsa, oniy vaqtda uni tomog‘ingizdan o‘tkazib rohat qilasiz. Tafakkur qilib ko‘ring, u suvni vujudingizga kim keltirdi? Qanday qilib?

Alloh taolo bandaning hojatlariga yaraydigan, uning tirikligiga sabab bo‘ladigan suvni dengiz, ummonlar shak-lida to‘plab beradi. Suv bir joyda turib aynib qolmasligi uchun Parvardigorimiz uni tuzlar bilan to‘ldiradi. Ummon ichida o‘lib ketgan jonivorlar suvni aynitishi mumkin edi, lekin Xoliqimiz uning mavjlantirib turgani uchun suv achimaydi.

Xudovand: “Bo‘ldi, men suvni yaratib qo‘ydim, endi undan o‘zing foydalanib ol”, demadi, balki bulutni ummon tepasiga keltirib, undagi chuchuk suvlarni o‘ziga so‘rib olib, shamol bilan bandalari ustiga olib kelib, suv qilib yog‘dirdi.

Alloh taolo ko‘rinishida tog‘larga husn bo‘lib turgan qoru muzliklarni bizlar uchun o‘sha erda jamlab qo‘ydi. Xudovand: “Bo‘ldi, ana tog‘larga suvni jamlab qo‘ydim, endi uni o‘zing borib, parchalab, uyga olib kelib, eritib ishlataver” demadi, balki o‘zi Quyoshni uning ustiga olib kelib, tagidan eritib, ariqlar, soylar qilib, xonadoningiz oldiga oqizib qo‘ydi. O‘sha tog‘dagi qorlarni Alloh taolo sizga yaqin bo‘lgan dalalarga yog‘dirib, jamlasa bo‘lardi, lekin bundayam sizning foydangiz bor: agar dalada bo‘lganda unga turli jonivorlar tegib, iflos qilardi, tog‘da esa unga chang ham, g‘ubor ham tegmay, toza bo‘lib turadi.

Ba’zida Alloh taolo er ostida ham filtrlab suvlarni hozir qiladi, xohlagan joyingizni kavlasangiz, unga etishasiz. Siz suv uchun nima xizmat qildingiz?

Endi, Alloh taoloning shuncha xizmati bilan oldingizga kelgan suvni icharkansiz, qanday qilib, uning nomini aytmaysiz?

Suv ichingizga kirdi. Endi uning vujudingizdagi xizmatlari aqlni lol qoldiradi. Alloh taolo “Suvdan hamma narsani tirik qildim” deydi. Tanangizning eng kichik parchasi ham suv bilan tirik. Banda asli badanining qaysi qismiga qancha suv kerakligini bilmaydi. Alloh taolo mana shu ehtiyojni his qilish uchun chanqoqlik degan ne’matni berdi. Nega shukr qilmaysiz?”

HAQIQIY TOLIB

Andalus olimlaridan, buyuk muhaddis Baqi’ ibn Mixlat Imom Ahmad ibn Hanbaldan hadis eshitish maqsadida mashriqqa piyoda kelgan ekan. Bag‘dodga yaqinlashganida Imom Ahmadni mo‘’tazila e’tiqodiga qarshi chiqqani uchun xalifa Ma’mun uy qamog‘iga hukm qilganini eshitib, qattiq g‘amga botdi.

Shu kuni shahardagi masjidga bordi. U erdagi ilm halqasida o‘tirib, ustoz Yahyo ibn Ma’in (katta muhaddis, Imom Buxoriyning ustozlaridan)dan Ahmad ibn Hanbalning holatini so‘rab, u zotning uylariga boribdi. Birov ko‘rib qolishidan xavotirda ichkarida gaplashibdilar. Ahmad ibn Hanbal so‘rabdilar:

— Qaerdan keldingiz? Uzoqdanmi? Afriqiyadanmi?

— Yo‘q, undan ham uzoqdan, Andalusdan keldim, faqatgina sizdan hadis o‘rganish maqsadida keldim.

— Bilgandirsiz, xalifa meni ilm berishdan, masjidga chiqishdan mahrum qildi…

— Hazrat, agar yo‘q demasangiz bir hiyla ishlatsam. Huzuringizga har kuni gado qiyofasida kelaman-da, oz muddat ichida menga bitta hadis aytib bersangiz bo‘ldi, ketaveraman.

Baqi’ ibn Mixlat hikoya qiladi:

“Har kuni juldur kiyimlarda, qo‘limga egri tayoq tutib Ahmad ibn Hanbalning oldilariga kelar, u zot ba’zan bitta, ba’zan esa 2-3 ta hadis aytib berardilar. Ustozdan shu yo‘l bilan 300 dan ziyod hadis yod oldim. Ma’mun dunyodan o‘tib, Ahmad ibn Hanbal mashhur ulamo bo‘lib, muhaddislarga dars beradigan bo‘ldilar. Buyuk mujtahid shuncha buyuk muhaddislarga dars berayotib, huzurlariga kelsam, yonlaridan joy berib, toliblarga shunday der edilar:

— Mana buni haqiqiy tolibi ilm deydi! U gadoylik qilib bo‘lsa-da, mendan ilm o‘rgandi.

Bir kuni kasal bo‘lib qolganimdan xabar topgan imom shogirdlari bilan men yotgan karvonsaroyga keldilar. Shu darajada olimlar ko‘p ediki, hatto odam sig‘madi. Duo qilib ketdilar. Shundan so‘ng, hamma meni hurmat qiladigan, ziyoratimga keladigan bo‘ldi.”

YASHIRIN SAVDO

Abbosiylar xalifalaridan Horun ar-Rashid ayoli Zubayda bilan tungi sayrga daryo qirg‘og‘iga chiqishibdi. Daryo bo‘yida Bahlul degan avliyoulloh qumdan uy yasayotganini ko‘rgan xalifa undan so‘rabdi:

— Ayo, Bahlul nima qilyapsiz?

— Qumdan uy quryapman.

— Uni nima qilasiz?

— Kim sotib olsa, uni duo qilaman, Alloh taolo unga jannatdan bir qasr beradi.

Horun ar-Rashid Bahlul Dononing gapiga kulimsirab, o‘tib ketaveribdi. Halifaning orqasidan etib kelgan xotini Zubayda ham Bahluldan nima qilayotganini so‘rabdi.

— Uy quryapman, bekam. Kim sotib olsa, uni duo qilaman, Alloh taolo unga jannatdan bir qasr beradi.

— Qurgan uyingizning narxi necha pul?

— 1 dinor.

Zubayda 1 dinorni unga berib, duo olibdi.

Kechqurun xalifa tushida jannatda yurganmish. Qarasa, qizil yoqutdan qilingan qasr tepasiga Zubayda deb yozib qo‘yilibdi. Xotinimning qasri ekan, kirib ko‘ray-chi, deb borsa, posbon kiritmabdi va:

— Bu erga kimning ismi yozilsa, o‘sha kiradi, — deb, ko‘kragidan itarib yuborgan joyida xalifa  uyg‘onibdi.

“Kecha xotinim haqida Bahlulning duosi qabul bo‘libdi. Men ham duo olib kelay”, deb yana kechqurun xalifa daryo bo‘yiga kelibdi. Bahlul hamon uy qurayotgan ekan, undan so‘rabdi:

— Uyingizni qanchaga sotasiz?

— Uyimning narxi butun er yuzining podsholigi.

— Butun dunyoning podsholigiga hatto men ham egamasman, nega bugun qimmat qilib yubordingiz?

— Kecha ko‘rmagan savdo edi, bugun ko‘rgan savdo.

BADAVIYNING HIMMATI

Qahatchilik bo‘lib, hamma joyda suv qurib ketgan paytda bir badaviy qishlog‘idagi aynib, rangi ham o‘zgarib ketgan hovuzdagi suvdan olib, Bag‘dod xalifasiga sovg‘a qilib olib borgani yo‘lga tushibdi. Saroy darbonlariga xalifaga buyuk sovg‘a olib kelayotganini aytib, ruxsat so‘rabdi. Ichkariga kirib, podshoh bilan suhbatlashar ekan, xalifa so‘rabdi:

— Menga nima sovg‘a olib kelding?

— Jannatning suvini olib keldim. (Badaviy suvning o‘z qishlog‘idagi hovuzdagina borligiga ishonardi.)

Xalifa badaviyning o‘z qishlog‘idan boshqa erlarni ko‘rmagani uchun, shu suvni jannat suvi deb o‘ylarkan-da deb fikr qilib, xazinabonga suv olib kelgan xumini oltinlar bilan to‘ldirib berishini aytibdi va:

— Ketishida uni Dajla daryosi bo‘yidan olib o‘ting, — debdi.

ALLOHNING RAHMATI

Hadisi sharifda keladiki, Alloh taolo mo‘min bandaning hisobini qiyomat kunida yashirib qiladi. Banda Yaratgan huzuriga kelarkan, Alloh uning gunohlarini jadvalma-jadval ko‘rsatib, shu gunohlarni qilgan eding-a, deb hisob so‘raydi. Shunda banda o‘zining do‘zaxga mahkum bo‘lganini, har tomondan jahannam olovi qurshaganini his qiladi. Shunda Alloh taolo: “Ey bandam, dunyoda shuncha gunohingni yashirgan edim, iymoning hurmatidan bu erda ham yashirib, nomai a’moilingni hasanalarga to‘ldirib, seni jannatga kiritaman” deydi. Alloh taolo aytadi: “Men shunday zotmanki, ularning gunohlarini yaxshilikka almashtiraman”.

Parvardigorimiz qiyomat kunida ham mo‘min bandani qilgan gunohlari uchun sharmanda qilmas ekan…

Tahonaviy aytadilar:

“Ey do‘stim, sen shunday Xudoni tashlab qaerga ketyapsan?”

Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida AbdulAziz tayyorladi.

SHARE