Yaxshilikka yomonlik

(O‘zbek xalq ertagi)

Bir kishi tuya minib, safar­ga chiqibdi. Sahroda karvonlar olov yoqib o‘tirganini ko‘rib qolibdi. Bu kishi borib yetguncha ular jo‘nab ketishibdi. Shu payt qattiq shamol turib, olovni yallig‘lantiribdi. Qurib yotgan xas-xashakka o‘t ketibdi. Haligi kishi no­xush ovozni eshitibdi. Qarasa, bir ilon olov ichida to‘lg‘anib:

— Qutqaringlar, qutqaringlar! — debdi. Boyagi kishi darrov uzun tayoqqa to‘rva osib ilon tomonga tutibdi. Ilon darrov to‘rvaga tushibdi. U kishi to‘rvadan ilonni chiqarib, yo‘lida davom etmoq­chi ekan, ilon unga:

— Hoy odam, endi seni, tuyangni chaqib, sizlarni halok qilishim kerak, — debdi.

— Nima uchun? Yaxshilikka yomonlik bilan javob berasanmi? — debdi kishi ajablanib.

— Ha! — debdi zaharli ilon.

Shunda ulaming oldidan tulki o‘tib ketayotib, bu mojaroning sababini so‘rabdi. U kishi bor voqeani aytib beribdi. Shunda tulki:

— Men bunga ishonmayman. Shunday katta ilon shu kichkina to‘rvaga qanday sig‘sin? — debdi. Ilon bo‘lsa:

— Ishonmasang yana to‘rvaga tushay, ko‘rgin! — debdi.

— Tush, — debdi tulki.

lion to‘rvaga kiribdi. Tulki ul kishiga qarab:

— Ey odam, dushman to‘rvaga tushdi, vaqtni o‘tkazma! — debdi.

Shundan keyin u kishi to‘rva og‘zini bog‘lab, yerga zarb bilan uribdi. Ilon halok bo‘libdi.

SHARE