“Xorijda ishlab kelgan qaynotamizga ming salom”

(Londonlik o’zbeklar hayotidan)

Londonda qaysi o’zbekdan so’ramang, 25 raqamli qizil avtobusni biladi. Toshkentdagi, Sirg’alidan Mustaqillikka qatnaydigan, 57-avtobusning alternativ varianti: tiqilinch, shovqin… hayot qatnaydi. Farqi, 25-avtobusda kamida 25 ta millat vakillari uchraydi, desam lof o’rnida ko’rmang. Ha-da, deyarli 8 millionlik shaharda 300 dan ortiq tilda gapiruvchi xalq-elatlar yashasa, axir.

Hammasidan qizig’i, har safar shu avtobusga chiqsam, sira bo’lmasa, bitta o’zimizning vatandoshni uchrataman.

Bir safar o’rtoqlar bilan shahar markaziga ketayapmiz. Gapdan-gap chiqib, oldingi o’rindiqdagi xitoyga o’xshab ketadigan bir odam millati to’g’risida bahslasha boshladik. Xitoy, dedik, undan keyin koreys va mo’gulistonlikka o’xshatdik. Yoshlik-g’o’rlik, o’zimizcha o’sha yo’lovchining ustidan kulganday ham bo’ldik. Bu holat 15 daqiqacha davom etdi. Bahs to’xtaganini sezdi, shekilli, “xitoylik akaxon” shundoqqina orqa o’rindiqda o’tirgan menga qarab, jiddiy qiyofada ‘Ukalar, o’zbekchani yomon qiyib qo’yarkansizlar lekin’ dediyu, joyiga qaytib o’girildi.

Ustimizdan muzdek suv quyilganday bo’ldi. Hech kim nima deyarini bilmaydi, kulay desa noqulay. Axir kim bilibdi deysiz, u notanishning o’zbekliginiyu bizning gapimizni anglab o’tirganini; bizni hech kas tushunmaydi, deya gapiraveribmiz biz ham. Buning ustiga, kam bo’lgani uchunmi, til o’rganish muammolimi, Londonda katta yoshli o’zbeklarni har doim ham uchratavermaysiz, asosan yosh yigitlar o’qiyman-ishlayman deb keladi bu yurtlarga.

Markazgacha hali ancha masofa bor. Uzr so’radik. Tanishdik. Obid aka ekan ismlari. To’rt yildan beri shu erda ekanlar. Asli Samarqand taraflardan. Ancha suhbatlashdik…

Yoshi qirqqa kirib qirqta hunarni egallagan, hayotning ming xil tashvishlarini ko’rib ulgurgan bu tajribali insonning besh nafar farzandni tashlab Angliyaga kelgunicha bo’lgan kechirmishlari alohida bir hikoya, bu orolda kechirmishlari boshqa.

– O’zbekistonda ham ko’p ishning boshini ushlaganman: dehqonchilik qilganman, haydovchi bo’lib yo’lovchi tashigan, chiroqchi bo’lib “svet haqi”ni to’lamagan fuqarolarning simlarini uzib yurgan vaqtlar ham bo’lgan. Hatto, bir vaqtlar don qabul qilish markazida boshliq lavozimlarda ishlashga ham to’gri kelib qolgan. Ehhe, na bir hokimlaru prokurorlar bilan “muomala” qilishga to’gri kelmagan deysiz.

Obid akaning shu yoshda, ingliz tilini umuman bilmasdan turib Birlashgan Qirollikka kelishi sababi menga qiziq tuyuldi. Ko’p vatandoshlar ishlash uchun Rossiya davlatiga ketishini tushunsa bo’ladi. Biroq, Angliya?! Umuman begona til, xarajatlar-da arzon emas?! Sababi, oddiygina qilib aytganda, tirikchilik deb atalmish yuk ekanligini oldindan bilsam-da baribir so’radim.

– Oila, farzandlar-da sabab. Bolalar yaxshiroq o’qisin, yaxshiroq yashasin, o’qisin, deya boriga qanoat qilmasdan shu yerlarda qiynalib yuribmizda. Shuning uchun qarz-qurs qilib 5000 dollar sarflab bir amallab 2007-yili shu yurtlarga keldik rizq orqasidan. Eee, bilsangiz edi, qanday qiyin bo’lganini?! Avvallari xuddi o’zimni boshqa sayyoradagiday his qilgandim. Til bilmayman, savollarga, maktabda o’rganganim, ispanchada javob berishga harakat qilaman. Hozir eslasam, bir kulaman-e. Til bilmagandan keyin ish topish ham, yo’l topish ham qiyin bo’larkan. Nailoj, turk restoraniga joylashib, oshpazlarga yordam berib yurdim ikki  yil. “Eshshak”day ishladim, desam ham bo’laveradi shu yillar davomida. Lekin nolimayman, yaxshi-yomon bo’lsa-da, halol mehnat bilan oilamni boqdim.

– Hozir ancha tilingiz kelishib qolgan-ku?

– Kelishadi-da til maktabiga borib bolalarim qatorilar bilan alifbodan boshlab ingliz tilini o’rganganimdan keyin. Bu yerlarda tartib shunaqa: yo o’qib “student visa” asosida yashash huquqini olasan Angliyada yo bo’lmasa, “nelegal” bo’lib ishlaysan… qo’lga tushguncha. Ammo-lekin juda qiziq bo’larkan qirqqa kirib darslarga qatnashib yurish. Hatto, o’qituvchilar ham mendan ancha kichik edi.

Qoyil qolganim, Obid aka ingliz tilida ancha-munca muomala qila boshlagandi. Katta yoshdagilar uchun ancha mushkul masala yangitdan til o’rganish.

– Oradan xash-pash deguncha to’rt yil o’tib ketibdi. Bu vaqt orasida necha marta ishdan haydalib, necha marta yangi ishlar topdik. Vizalar tugab “nelegal” bo’lib qolishga ham ulguribmiz… Shu yoshgacha universitetlarda o’qiganimiz yetar, biz bu yerda oqib yuraversak bola-chaqani kim boqadi. Nimalarga erishdik, nimalarga – yo’q…

– Nimalarga erishdingiz?

– Mana shuncha yil ishlab endi-endi oyoqqa turayapman. Kichik bo’lsa-da, uy-joy qildim farzandlarimga poytaxtdan yaqinda. Mashina olish harakatidaman. Boshqa kam-ko’stlarni to’g’irladim.

Onasi har-har zamon kuldirib turadi. Musiqa markazi jo’natgandim uyga. O’rtoqlarini chaqirib, onda-sonda o’yin-kulgi qilarmish og’illarim. “Ha, Ota! Rahmat, Ota! Bo’lsa yana jo’natvoring shunga o’xshagn yaxshi-yaxshi narsalardan”, deb o’ynarmish. Rosa kuldim-e… Farzandlarim bilan faxrlanaman. Kattasi ham o’qib, ham ishlab, o’z mustaqil yo’lini topishga harakat qilayotganmish. Ana shu faxr, ana shu farzandlar uchun yuribman-da bu yurtlarda.

– Boya sal xo’rsinib qo’ydingiz…

– Eee, uka, muhojirlik oson emas. Siz ham talabasiz bu yerlarda, bilasiz. Yo’qotganlarim ham ko’p bo’ldi. Farzandlarimning katta bo’lishini ko’rolmayapman. Onasining aytishicha, katta o’g’limning bo’yi mendan balandmish hozir.

Sog’inch haqida esa gapirmasam ham bo’lar. Ona tuproq sog’inchi, aka-ukalar, oila, farzand sog’inchi… Chet mamlakatlarni ko’rgan har kimsa bilsa kerak bu hisni… Qolaversa, o’zimning umrim o’tayapti begona joylarda…

Eng katta armonim, yuragimni achitadigan o’kinch, onam bu olamdan o’tdi bu yerlarda yurganimda. Borolmadim. Onam sog’inganda, oxirgi damlarida “Obidim qani” deb meni so’raganida, yonida bo’lolmadim. Hech kimning boshiga solmasin. Juda yomon, juda og’ir…

– Armon bo’ladi, to’g’ri. Ammo dunyo ko’rayapsiz, orzu-havaslar amalga oshirayapsiz. Eng katta orzuingiz nima, sir bo’lmasa, Obid aka?

– O’zi sal g’alati odamman-da. Orzuim ham o’zimga o’xshagan g’alatiroq: shu xayollarimda o’ylayman, Nasib qilsa, yana bir necha yil ishlab, uyga qaytib borsam, Toshkent aeroportida samolyotdan po’rim bo’lib-b-b tushsam, pastda, bir yoqda katta bo’lib uylanib ketgan o’gillarim salom berib-b-b kulib tursa, bu yoqda kelinlarim kelin salom aytsa. “Londonda ishlab kelgan qaynotamizga salom”, “Kechani kecha demasdan, kunduzni kunduz demasdan mehnat qilgan dadajonimizga ming salom” deb. Kulasiz-a! Bu bir hazil-da. Nimani ham orzu qilardim, tezroq ona Vatanga qaytib borsam, oilam davrasida bo’lsam, farzandlarimga to’y qilsam deyman. Bilsangiz agar, shu yerlarga kelib, Vatan nimaligini tushundim. Tinchlik, osoyishtalik nimaligini tushundim. O’zbek xalqi qanday xalqligini anglab yetdim. Muhojirlik ko’p narsalarni o’rgatar ekan…

– Suhbat boshida ancha qiynaldim, dedingiz. Agar shunaqa bo’lishini bilganingizda, bu yurtlarga kelarmidingiz?

– Rosti, yo’q. Mening yoshimda, til bilmasdan, begona el orasida. Kelmasdim. Ammo bilasizmi, farzandlarimni, iloji bo’lsa, uzoq yurtlarga dunyo ko’rishga, o’qish uchun jo’natgan bo’lardim. Pul topish uchun emas, uning qadriga yetish uchun, qiyinchilik ko’rishi uchun, hayotni tushunishi uchun!

– Ko’p yillardan beri shu yerdasiz. Ko’p insonlarni, ko’p voqealarni ko’rgansiz. Balki hayotiy tajribangizdan kelib chiqib londonlik o’zbek ukalaringizga nimalardir demoqchidirsiz…

– Bilasizmi, oz’bek yigitari juda ko’p Londonda. Shukrki, qizlarimiz sanoqli, borida, aksari oilasi bilan yashaydi. Nazarimda, shunday bo’lgani ham ma’qul. Ammo yigitlarimiz o’qib-ishlab, dunyo tanishlari juda ijobiy holat, fikrimcha. Bugun bo’lmasa ertaga bu yigitlar baribir qaytadi, katta bilim, katta tajriba bilan qaytadi. Eplaganlari, balki, sarmoya ham qilar. Ammo bir holat uncha yaxshi emas, nazarimda: ba’zi yoshlar hamma orzu-havaslarini qilib bo’lganlaridan so’ng ham “yana uni, yana buni qilvolay” deb umrlarini o’tkazishayapti bu yerda…

* * *

Yaqinda Obid aka telefon qilib qoldi. Mening ham yodimga suhbatlarimiz davomida eng asosiy savol yoddan ko’tarilgani tushdiyu, shuni so’radim-qo’ydim:

– Qachon qaytasiz, Obid aka?

– Endi avvalgi rejaga ko’ra, 2017-yilgacha ishlab Qirolichaning xazinasini bo’shatib ketmoqchi edim (Kuladi). Rostiga aytsam, yana ikki yilda qaytmoqchiman. Yosh ham 45 larga kirib qoladi. Birinchi qiladigan ishim, opam bilan Haj safariga bormoqchiman. Onamni olib boraman deb va’da qilgandim, nasib qilmadi…

– Nega hozir keta qolmaysiz, uy oldingiz, mashina oldingiz?

– Uka, shu-u-u bir do’koncha ochsam deb edim o’zimizdan, qarigandan keyin ham bir ish qilish kerakku…

Londondan yozib olib vatandoshlarga yo’llovchi

Sherzod ALI

SHARE