Murosasozlik va murosasizlik

“Oltin o‘rtalik” qaerda?

Kundalik hayotda turfa fe’l-avtor, turfa tiynatdagi kishilar bilan ro‘baro‘ bo‘lasiz. Odamlarning barmoq izlari kabi fe’li xo‘yi ham betakror: yaxshi va yomon, samimiy va tilyog‘lama, rostgo‘y va yolg‘onchi, xayrixoh va g‘arazgo‘y, do‘st va dushman… Atrofingizda sizni tushunadigandan tushunmaydigan, qo‘llaydigandan oyoqdan chalaman deganlar ko‘proqdek tuyuladi. Shunga qaramay, ko‘pincha bag‘rikenglik qilasiz – sizni yomonotliqqa chiqarib bo‘lmag‘ur ovozalar tarqatib yurgan tanishingizning qilmishini bilmaslikka olasiz. Do‘stman deb dushmandan ham tubanroq ishlar qilib yurganlarni kechirishga kuch topasiz. Yaxshiki, bu olamda murosayi madora degan tushuncha bor. Aks holda, kim biladi, hayotimiz natijasiz urish-janjallar, adoqsiz munozarayu mujodalalar bilan o‘tib ketarmidi!

Murosago‘ylik – juda ham qadrli fazilat. Ayniqsa, bugungi ziddiyatlar zamonida. U hayotimizni engillashtiradi, elkamizni bosib turgan zil-zambil yukdan xalos etadi. Murosayi madora keltiradigan katta naf shuki, u qildan ham nozik asab tolalarimizni ortiqcha zo‘riqishlardan saqlaydi, bozordan pulga-da topib bo‘lmaydigan xotirjamlik ne’matini tuhfa etadi. Murosadan bebahra odamning yashashi esa… anchayin qiyin kechadi. Negaki, hayotimiz ko‘ngilga o‘tiravermaydigan, ammo murosa qilishga to‘g‘ri keladigan vaziyatlar bilan to‘lib-toshgan.

Ertalab ishxonaga shosha-pisha ketayotgan paytda yo‘lovchilardan biriga turtinib ketasiz. Garchi aybsizligingiz ayon bo‘lsa-da, sizga qarab xezlanib turgan azamatning yovqarashiga javoban uzrxohlik bildirasiz. Albatta, unga munosib javob berishingiz, yaxshilab “po‘stagini qoqib qo‘yish”ingiz mumkin. Ammo farosatdan benasib odam bilan tortishib obro‘ topib bo‘lmasligini yaxshi bilasiz.

Ishxona ostonasidayoq sizni orqavarotdan g‘iybat qilib yurgan hamkasbingizga duch kelasiz. Har galgidek, u ko‘rmaslikka olib o‘tib ketmoqchi bo‘ladi. Ammo murosa san’atini puxta egallagan inson sifatida birinchi bo‘lib uning istiqboliga chiqasiz, salom berasiz. Hamkasbingizga taqlid qilib “yuzingda ko‘zing bormi” demay, o‘tib ketishingiz ham mumkin. Ammo yuragini kin egallagan bu odamga o‘xshab ichiqoralik qilishni aslo istamaysiz…

Ish yuzasidan rahbaringiz huzuriga chorlaydi. Tund kayfiyatidan bilasizki, maqtov eshitish mavridi emas. Kutilgandek rahbar sizga dakki bera boshlaydi. Aslida aytilayotgan kamchilik u qadar jiddiy bo‘lmasligi, qattiq-quruq gaplar aytishga arzimasligi ham mumkin. Shunga qaramay, boshliq bilan ham murosa qilasiz – bitta gapdan qolasiz, balki ayb o‘zimdan o‘tgandir, deya ko‘ngilga taskin berasiz. Rahbarga qarshi chiqishingiz, uning jamoa orasida doston bo‘lgan ayrim kamchiliklarini yuziga solishingiz ham mumkin. Lekin  bilasizki, bu kabi arzimas xarxashalar bilan o‘ralashib qolsangiz, asosiy ish chetda qoladi, vaqtingizni muhim yumushlar qolib behuda narsalarga boy berasiz.

Do‘stingizning g‘alati qiliqlariga toqat qilasiz, noshudliklariga ko‘z yumasiz, sizga xush yoqavermaydigan odatlarini ko‘rmaslikka olasiz, qusurlarini fazilat deb qabul qilasiz. Bilasizki, aybsiz do‘st izlagan do‘stsiz qoladi.

Bo‘lmag‘ur g‘alvalari bilan atrof-javonibda otning qashqasidek tanilgan qo‘shningiz bilan ham amallab til topishasiz. Buyam bir sinov-da. Qolaversa, musulmonchilikda qo‘shnichilik haqqi degan gap bor.

Xonasi kelganda, sizga dushmanlik yo‘lini tutgan odamlar bilan ham murosaga borasiz. Aslida-ku, raqib ham do‘stdek gap. Negaki, raqiblar bo‘lgani uchun doim atrofga tiyrak nazar bilan qaraysiz, yiqilib qolmaslik, orqada qolib ketmaslikka urinasiz. Zabardast adib Tog‘ay Murod ham “Men nimaga erishgan bo‘lsam – barchasi uchun g‘animlarimdan minnatdor bo‘ldim… Yashasin, g‘animlarim!” deb bejiz  yozmagan.

“Odamlar bilan murosayi madoraga kirishish ham sadaqa”, deyiladi hadisi sharifda. Demak, kimningdir yomonligiga, farosatsizligiga, boringki, dushmanligiga toqat qilgan odam savobga noyil bo‘ladi.

Murosa yo‘lini tutgan odam hech qachon yutqazmaydi – g‘alaba doim uning tomonida bo‘ladi. Bugungi ixtiloflar zamonida murosayi madora hamma davrdan ham muhimroq ahamiyatga ega. Bu xaloskor kuch ko‘zda yoshdek qalqib turgan dunyoni qirg‘inbarotlardan omon saqlaydi, harb maydonida jang qilayotgan askarlarga sulh mujdasini etkizadi.

Ayni zamonda, barcha narsaning me’yori bo‘lgani kabi murosasozlikning ham chegarasi bor. Jamiyatga zarar keltirib, mudhish jinoyatga qo‘l urayotgan kimsa bilan murosa qilinmaydi. Chunki jinoyat bilan murosa qilish unga sherik bo‘lish, uni rag‘batlantirish bilan barobar.

Ko‘pchilikning haqiga xiyonat qilayotgan, halol bilan haromni qorishtirib yuborgan nokasga nisbatan murosa yo‘li tutilmaydi. Hadisi sharifda: “Yomonlikni qo‘l bilan, til bilan yoki qalb bilan qaytaring. Ammo uchinchisi imonning zaifligi belgisidir” deyiladi. Shunday ekan, insonlarni zalolatga boshlayotgan, hidoyatdan adashtirayotgan illatlar tarqalishiga tomoshabin bo‘lib turilmaydi. Birning kasofatiga mingga uradi. Zalolatga botgan kas atrofidagilarni ham o‘zi tushgan chohga tortay deydi.

Odamlar yuziga oyoq qo‘ygan, yovga ters qaragan qo‘rqoqlarga nisbatan murosasozlik ketmaydi. Yaqin va yiroq kechmishimizdan meros achchiq tajriba shuki, hurriyat uchun kurash aynan yog‘iyga murosasoz va sadoqatsiz kimsalar sababli osonlikcha yo‘qqa chiqarilgan. Shu ma’noda, murosani qullikka rozilik va xiyonat bilan chog‘ishtirib yubormaslik kerak.

Murosasozlik – har kimning etoviga yurib ketish, uchraganga qullik va qulluq qilish, nohaqliklarga ko‘nish emas! Murosasozlik mustaqil fikr, qat’iy pozitsiyadan mosuvo bo‘lish ham emas! Murosayi madora hech qachon mudhish jinoyat va yovuzliklarning ildiz otishiga doyalik qilmasligi kerak.

Abdul SOBIR

 

SHARE