O’zbekistonda nemis tili qanday o’rgatilmoqda?

23 sentabr kuni Germaniya elchixonasi tomonidan “O’zbekistonda nemis tilining targ’iboti” mavzusidagi jurnalistlar ekskursiyasi tashkil etildi.

Elchixonaning matbuot bo’limi hamda jurnalistlar ishtirokida o’tgan erkin muloqot davomida O’zbekistonda nemis tilining targ’iboti, taraqqiyoti va hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida fikr almashildi.

Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) tomonidan tashkil etilgan yozgi til kursi ishtirokchilariga diplomlar taqdimoti marosimidan so’ng nemis tilini o’rganayotgan talabalar va jurnalistlar o’rtasidagi qizg’in muloqot bo’lib o’tdi. Unda talabalar va o’qituvchilar ta’lim davomida erishgan natijalari, kelgusi rejalari haqida o’rtoqlashdilar.

Ushbu kursga O’zbekistonning har bir viloyatidagi oily o’quv muassasalaridan 2-4 nafardan talabalar qabul qilingan. Ishtirok etuvchilar orasida asosiy mutaxassisligi nemis tili bo’lmagan talabalar ham mavjud. Talabalar tanlov asosida qabul qilinib, bepul o’qitildi. Shuningdek, yotoqxona, oziq-ovqat va kundalik harajatlar DAAD tomonidan qoplandi.

DAADning taklifi bilan Germaniyadan tashrif buyurgan va yozgi til kursi talabalariga ta’lim bergan Kristina Hayland o’zbekistonlik talabalarning iqtidori, ijodiy faolligiga yuqori baho berdi hamda o’zbek mentaliteti, urf-odatlarining ijobiy jihatlarini ta’kidladi: “Menga talabalar tomonidan ijro etilgan milliy to’y, urf-odatlar sahnalari juda yoqdi. O’zbeklardagi kattayu kichikni “sizlash”, o’qituvchi kelganda o’rnidan turib salom berish kabi ezgu odatlar ma’qul bo’ldi”.

Germaniya Federativ Respublikasining O’zbekistondagi rasmiy hamkor maktablaridan biri, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi “Shayxontohur” akademik litseyiga uyushtirilgan ekskursiya orqali nemis tilining zamonaviy o’qitish usullari, ta’lim tendensiyalari namoyish etildi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi “Shayxontohur” akademik litseyidagi nemis tili xonasida ta’lim uchun barcha sharoitlar mavjud: Germaniyaning 4 ta nashriyoti tomonidan chop etilgan darsliklar, lug’atlar o’quvchilar ixtiyorida. Interaktiv doska orqali kitobdagi ma’lumotlarni ekranga chiqarish, sensor vositasida bevosita ekranda dasturni boshqarish, fonetik, grammatik mashqlarni multimedia yordamida bajarish mumkin. Talabalarga sun’iy yo’ldoshga ulangan televizor orqali nemis tilidagi axborot va ta’lim kanallari namoyish etiladi.

“Maktablar: kelajak hamkorlari” tashabbusida ishtirok etayotgan ushbu maktabda nemis tilini chuqur o’rganish uchun barcha texnik va kutubxona vositalari mavjud bo’lib, o’qituvchi va saralangan o’quvchilar har yili Germaniyada malaka oshirib qaytadilar.

Akademik litsey direktori Matyoqub Baqoyevning g’oyasi bilan mana shunday shaxmat-shashka stollaridan 10 tasi litsey hududiga joylashtirilgan. O’quvchilar darslardan bo’sh paytlarida hamda tanaffuslarda bu yerdan vaqtlarini mazmunli o’tkazishlari mumkin. “Tanaffuslarda o’quvchilar behuda telefon titkilamasdan endi ushbu stollar atrofida aqllarini peshlashmoqda. Stol atrofida 4 kishi o’ynasa, yana 4 tasi ularga muxlislik qiladi. Qarabsizki, 80 ta o’quvchining bekor vaqti mazmunli o’tadi”, deydi litsey direktori.

Nemis tili o’z mavqei bo’yicha O’zbekistonda rus va ingliz tillaridan keyin uchinchi o’rinda turadi. Mamlakatimizda nemis tili chet tili sifatida o’qitiladigan 2300 ta maktab mavjud bo’lib, ularda 600000 ga yaqin o’quvchi nemis tilini o’rganadi. Toshkentdagi Gyote instituti 160 ga yaqin nemis tili kurslarini taklif qiladi va ularda har yili 3000 ga yaqin qiziquvchi ishtirok etadi. O’zbekistondagi 64 ta universitetning deyarli barchasida nemis tilini o’rganish mumkin. 12 ta oliygohda nemis tili kafedrasi yoki nemis filologiyasi fakultetlari mavjud.

Davronbek Tojialiyev