www.vatandosh.uz – festival g’olibi

[wide][/wide]

26-sentabr kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod uyida 2011-yilgi UZ milliy domeni Internet-festivalining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi UZ milliy domeni Internet-festivali “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, “UZINFOCOM” markazi tomonidan tashkil etildi. “InfoCOM.UZ” jurnali festivalning muvofiqlashtiruvchisi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi rasmiy ko‘makchisi hisoblanadi.

Festival 10-avgustdan 26-sentabrgacha o’tkazildi. Tanlovda festival o‘tkazib kelinayotganidan buyon faoliyat yuritayotgan va UZ domenida ro‘yxatdan o‘tgan saytlar ishtirok etdi.

Saytlarni baholash uchun internet-texnologiyalar, san’at, madaniyat, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarning nufuzli mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tashkil etildi. Festivalning tanlov dasturi 14 ta mavzuga oid va ikkita maxsus nominatsiyani o‘z ichiga oldi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari aniqlandi, g‘oliblarga festivalning diplom va mukofotlari topshirildi.

Bu yilgi Internet-festivalga jami 1 000 ta ariza tushib, ulardan 749 ta sayt tanlov dasturiga kiritildi. Bu yilgi ishtirokchilardan 52 foizi festivalda ilk marta ishtirok etishmoqda.

“Vatandosh” gazetasining rasmiy sayti – www.vatandosh.uz tanlovning “Ommaviy axborot vositalari yo’nalishidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasida 2-o’rinni egalladi. Bu yo’nalishda birinchi o’rin www.olam.uz saytiga nasib etgan bo’lsa, www.infoman.uz va www.xabar.uz saytlari 3-o’ringa loyiq deb topildi.


Husniddin Ato olgan suratlar