To‘lagan Isoqov: «Paxtakor-79» SSSR chempionligiga da’vogar jamoa edi»

Mavlon SHUKURZODA

(“Paxtakor-79” fojeasi xronikasi)

To'lagan Isoqov

1979-yil 11-avgustda sevikli jamoamiz “Pahtakor-79” aviahalokatga uchradi… O’shanda faqat jarohati tufayligina omon qolgan ikki futbolchidan biri To’lagan Isoqov edi… Bugun e’tiboringizga sport ustasi, O‘zbekiston futbol tarixida yorqin iz qoldirgan, betakror fintlar dribblingi sohibi, “Pahtakor” jamoasida 15 yil to‘p surgan, Gennadiy Krasnitskiy, Birodar Abduraimov, Vladimir Fyodorov, Mixail An, Vasilis Hadzipanakis kabi jahonga mashur futbolchilar bilan birga to‘p surgan To‘lagan Isoqov bilan o‘tkazilgan suhbatni havola qilamiz. Mazkur suhbatda To‘lagan Isoqov paxtakorchi do‘stlari, ustozlari va bugungi futbolimizning ahvoli xususida so‘z yuritadi.

“Bir narsaga achinaman, ular juda yosh ketishdi… Biz o‘shanda qanday betakror jamodan mahrum bo‘lganimizni keyinroq angladik… Ulardan kelajakda juda iqtidorli futbol mutaxassislari, murabbiylar, futbolimiz professorlari yetishib chiqar edi… Ming afsus, ularning qismati shu ekan. Paxtakorchilar haqida har qancha gapirsam haqliman, chunki men ular bilan birga to‘p surdim, birga yurdik, yashadik, bir qozondan ovqat edik… Xullas aka-ukaday yaqin bo‘lib ketgan edik…”

To’lagan ISOQOV

Paxtakor – dardim va quvonchim

Birinchi ustozim Ma’ruf aka Akbarov bo‘lganlar. Eski hovlimiz Toshkent shahrining Xadra maydonida joylashgan Sirk binosi o‘rnida edi. 1966-yili yer qimirlaganidan keyin boshqa yerga ko‘chib o‘tdik. Bolalik davrimda ko‘proq ko‘chada to‘p tepardim. Mahallalarda yilning har faslida o‘ziga yarasha o‘yinlar bo‘lardi. O‘sha davrning yigitlari chayir, baquvvat va kuchli bo‘lib o‘sishardi. Bugungi yoshlarimizda sportga qiziqish katta, deb aytolmayman. Ular ochiq havoda emas, televizor qarshisida yoki kompyuterga yopishib, soatlab harakatsiz o‘tirishni ma’qul ko‘rishadi. Afsus, ko‘pni ko‘rgan ot-onalar ham shu narsaga moyillik ko‘rsatishyapti. Biz ertalabdan kechgacha yugurardik, cho‘milishga borardik, chelaklarda bir necha chaqirimdan suv tashib kelardik, mehnat qilardik. Eski «Spartak» stadioni doimiy o‘ynaydigan joyimiz edi. Stadionning yuqori qismida basketbol, voleybol, tennis maydonchalari bo‘lib, o‘sha yerda rezina koptok bilan rosa futbol o‘ynardik. Keyinchalik «Spartak» bolalar va o‘smirlar futbol maktabida tahsil oldim. Sal vaqt o‘tib, «Spartak» jamoasiga qabul qilinishim men uchun olamshumul voqeaga aylandi.

Betakror o‘zbek modeli

Futboldan xabari bor kishiga zahira o‘rindig‘i degan ibora begona emas. Darhaqiqat, bir o‘yinchi jarohat olsa, uning o‘rnini bosadigan kishi bo‘lishi kerak. O‘sha paytda «Paxtakor»da bundaylar ko‘p edi. Ittifoq davrida «Paxtakor»ning o‘z o‘yin uslubi bo‘lgan va u avloddan avlodga o‘tib kelgan. Biz o‘z paytida V.Lobanovskiy kashf etgan hujumkorlik taktikasini qo‘llab katta yutuqlarga erishganmiz. Hujumda uch kishi (Fyodorov, Xadzipanakis va men) qatnashib, eng kuchli himoyachilarni ham sarosimaga tushirib qo‘yardik. O‘shanda hattoki, Yevropaning eng dongdor jamoasi bo‘lmish Kiyev «Dinamo»sini avval Toshkentda 5:0, keyinchalik Kiyevda 1:0 hisobida mag‘lub etganmiz. Murabbiylar qo‘rqmay uch hujumchini maydonga tushirishardi. Hozir esa aksariyat jamoalar bir hujumchiga tayanishadi, bunga tushunolmayapman. Bundan tashqari, orqaga qaytib himoyada ham o‘ynar edik. Aytmoqchimanki, O‘zbekistonda iqtidorlar ko‘p, faqat ularni topib, tarbiyalash kerak. Bizning davrimizda hujumchilar kuchli bo‘lishgan. Krasnitskiy, Abduraimov, Ibrohimov, Bektoshev, Fyodorov, Xadzipanakis… Bularning hammasi o‘zbek futboli maktabida tarbiya olishgan.

Katta futbolga yetaklagan buyuk murabbiy

«Paxtakor»da 15 yilcha to‘p surdim. Tog‘-tog‘ va’dalarni qilib, boshqa jamoalarga chaqirishganida ham «Paxtakor»ga sodiqligimcha qolaverdim. 1966-yili 17 yoshga to‘lmasdan jamoa a’zosiga aylangandim, axir. Yosh, oddiy futbolchi birdaniga – Krasnitskiy, Pshenichnikov, Suyunov, Stadnik, Bektoshev, Abduraimov, Ibrohimov, Naumenko, Shtern, Dotsenko kabi yulduzlar orasiga tushib qolsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yarkan… Dunyoga mashhur, SSSR milliy terma jamoasida o‘ynagan Gennadiy Krasnitskiy, olimpiya termasi a’zosi Birodar Abduraimov, yoshlar o‘rtasida Yevropa chempionlari Bektoshev, Dotsenko kabi futbolchilar bilan bir safda bo‘lishni xayolimga ham keltirmaganman. Katta futbolda menga saboq bergan birinchi ustozim – Mixail Yakushindir. U kishi mening o‘yinimni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida ko‘rib, oliy liga jamoasiga qo‘rqmasdan shaxsan taklif qilgan edi.

“Paxtakor” stadionida birinchi “olishuv”

Mixail Yakushin “Paxtakor”da meni juda iliq kutib oldi. Chigalyozdi mashqlaridan keyin mashhur himoyachi, keyinchalik Kiyevning “Dinamo” safida to‘p surgan Sergey Dotsenkoni ko‘rsatib, to‘p bilan uni aldab o‘tishimni tayinladi. Dotsenkoning bahaybat oyoqlarini ko‘rib, ochig‘i qo‘rqib ketdim. Haqiqatdan ham u juda katta edi, hamma yog‘i mushaklardan iborat, uni temir odamga qiyosladim. Aldayman deyman, ammo 2-3 marta harakat qilib ko‘rdim, bo‘lmadi. Yakushin shundan so‘ng meni oldiga chaqirtirib nasihat qildi: «Hayajonlanma, qo‘rqmasdan harakat qil, kechagi himoyachini qanday aldab o‘tgan bo‘lsang, bugun ham shuni takrorla. Agar uyalib, tortinib harakat qilsang, hech narsaga erishmaysan. Maydonda vajohatli bo‘lish, har bir qarich yer meniki, deb tirmashib kurashish zarur». Bu gaplardan keyin ruhlangan holda yana Dotsenko yoniga borib, nihoyat, uni aldab o‘tishga erishdim…

«Paxtakor» bilan birinchi safar

Mashg‘ulotlarning biridan keyin Yakushin meni aeroportga kelishimni tayinladi. Bu jamoa bilan safarga ketishimni anglatardi. Donetskning «Shaxtyor» va Odessaning «Chernomorets» jamoalariga qarshi maydonga tushishimiz kerak edi. Meni jamoaning o‘rinbosarlar tarkibiga kiritishdi. Ammo maydonga tushirishmadi, zahirada o‘yinni kuzatib, katta futbol muhitiga o‘rgana boshladim. Ikkinchi kuni asosiy tarkib o‘yinchilari bilan mashqlarda ishtirok etdim. Keyin Odessaga yo‘l oldik, u erda ham vaqtni zahirada o‘tkazdim…

Ilk o‘yin va birinchi gol

Toshkentga qaytgach, «Krilya Sovetov» jamoasiga qarshi o‘yinning tugashiga 20 daqiqa qolganida maydonga tushdim. Jamoamiz 0:1 hisobida yutqazayotgan edi. Toshkentlik muxlislar shunchalik faol edilarki, hattoki, o‘rinbosarlar o‘yiniga ham 20-25 ming muxlis tushardi. Maydonda hech kimga ma’lum bo‘lmagan o‘zbek yigitining paydo bo‘lishi ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi… O‘shanda birinchi golimni urgandim. Yarim himoyachi Shevochkov chiroyli to‘p oshirganidan so‘ng butun mahoratimni ishga solib, tezlik bilan oldinga qarab yugurdim va kuchli zarba berdim… Bu «Paxtakor» dagi ilk golim edi.

Yakushinning o‘gitlari

O‘yinimni kuzatgan Yakushin oldimga kelib, yaxshi harakat qilganimdan mamnun bo‘lganini yashirmadi va meni jamoaga qabul qilganligini ma’lum qildi. «Bilasanmi, senga qancha ish haqi beramiz»,-dedi va biroz jim qoldi. Sal vaqt o‘tib past ovozda yana shu savolni qaytardi. Uchinchi bor so‘raganida, uning gapini bo‘lib, «Mixail Iosifovich, men futbolga pul uchun kelmaganman, asosiy maqsadim katta futbolchi bo‘lish»,-dedim. O‘shanda Yakushin aytgan gaplarni bir umrga yodimda saqlab qoldim: «Agar pulni o‘ylasang, hech qachon futbolchi bo‘lolmaysan. Yaxshi futbolchi bo‘lsang, pulning o‘zi seni qidiradi»…

Maqsad – yetuk futbolchi bo‘lish

«Paxtakor» safiga qabul qilinganimdan so‘ng oldimga jiddiy vazifalarni qo‘ydim: maqsadim yetuk futbolchi bo‘lish edi. Yakushin rahbarligida o‘z ustimda tinmay ish olib borib, tajriba va mahoratimni oshirishga kirishdim. Harakatlarim zoye ketmadi, tirishqoqligim va mahoratim tufayli bir yil deganda asosiy tarkibdan muqim joy egalladim. Menga ham boshqa o‘yinchilar qatori 250 so‘m miqdorida maosh belgilandi.

«Paxtakor» – o‘zbekning g‘ururi

«Yalla» guruhida Shahboz Nizamutdinov degan xonanda bo‘lardi. U bilan ancha yildan buyon do‘stmiz. Qo‘shiq ijro etishdan tashqari, she’r ham yozib turardi. Uning quyidagi oddiy, ammo chuqur ma’noli misrasiga ahamiyat bering-a:

«O‘zbekistonni dunyoga tanitgan «Yalla», «Bahor», «Paxtakor»!

Hali-hali eslayman, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, G‘ani A’zamov, Malik Qayumov, Botir Zokirov, Soyib Xo‘jayev, Ergash Karimov, Baxtiyor Ixtiyorov va boshqa yirik san’at namoyandalari doimiy muxlis sifatida stadionga tushishardi. Biz esa chiroyli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilardik. Ha, futbolni xalqimiz juda sevardi.

«Dnepr» rahbarlari e’tirofi

Kochetkov davrida navbatdagi turda «Dnepr» jamoasiga qarshi o‘ynashimiz kerak edi. Dnepropetrovskka yetib borganimizda biroz tobim qochdi va mashg‘ulotga chiqmay mehmonxonada qoldim. Ertalab eshikni birov taqillatdi. Qarasam, xonamga notanish kishi kirib keldi. U o‘zini «Dnepr» jamoasi boshlig‘i, deb tanishtirdi. Menga katta miqdor, ya’ni 50 ming keltirgani, Fyodorov va Anlar bilan gaplashgani ular xonalaridan quvib chiqarishganini aytdi. Bu pulni uchchovlaring bo‘lishib olinglar, faqat bugun «Dnepr» g‘alaba qozonishi kerak, aks holda jamoamiz oliy liga bilan xayrlashadi, deb, iltijo qildi…

Jahlim chiqib, unga o’dag‘ayladim, u esa «shantaj» qilmoqchi bo‘ldi. Men qo‘rqmasligimni aytib, uni xonamdan quvdim va Kochetkovni qidira boshladim. Unga orqamdan sharpa bo‘lib yurgan boshliqni ko‘rsatdim va o‘yinda meni maydonga tushirmasliklarini so‘radim. Chunki yaxshi vaziyatda to‘pni darvozaga kiritolmasam, shubha uyg‘onishi mumkin edi. Lekin Kochetkov bundan xabari borligi, sal oldin Fyodorov va Anlar unga bu haqda gapirganlarini aytdi. U yelkamga qo‘lini qo‘yib, «Sizlarga ishonganim uchun birga ishlayapman – bugun albatta o‘yinga tushasan»,-deb tasalli berdi. O‘yinning 63- daqiqasida «Dnepr» darvozasiga chiroyli gol urdim va biz g‘alaba qozondik. Kiyinish xonasida kayfiyatimiz juda zo‘r edi. Shu payt eshik ochilb «Dnepr» rahbarlari kirib kelishdi va ulardan biri dedi: «Sizlar jamoangiz bilan faxrlanishingiz kerak. Chunki tarkibingizda sotqinlar yo‘q ekan».

Oddesadagi  sarguzashtlar

1975-yili bizlar Oddesaning “Chernomorets” jamoasiga qarshi o’ynadik. O’yin ham biz o’ylagandek 1-1 hisobda during bilan tugadi. Bitta golni o’zim kiritgan edim, hisobda oldinda edik, lekin ikkinchi bo’limda bitta to’p o’tkazib yubordik. Baribir, mehmonda odessaliklardan bir ochko tortib olish yomon ko’rsatkich emas edi. Samolyotgacha hali ancha vaqt bor edi. Odessaga kelib qora dengiz sohiliga borib cho’milmay qaytish biz uchun g’alati tuyuldi. Shunda men, Fedorov, An, Lakis… to’rtalamiz cho’milgani ketdik. Borsak, ancha-muncha odam bizlarni tanib so’rashib gaplashishga harakat qilishdi. U yerdagi plyaj yonida qum ustida futbol maydonchasi ham bor ekan. Bir mahal, 3-4 yigit oldimizga kelib, qumning ustida bir futbol o’ynamaymizmi, deb iltimos qilishdi. Biz ularga oddiy til bilan o’zi kimlar bilan suhbatlashayotganliklarini bilasizlarmi, deb aytdik. Bizlar oliy liga futbol jamoasidan ekanligimiz, qolaversa, futbol ustalari ekanligimizni yana bir bor ularga tushuntirishga urinib ko’rdik. Yigitlar yana iltimos qilishib, bizlarga ham esdalik bo’lsin, shunday mashhur futbolchilarga qarshi o’ynadik, deb mag’rurlanib yuramiz, iltimos ko’ninglar, deb qo’yishmadi. Ular to’rttaga to’rtta o’ynab bir yashik pivo uchun o’ynayniz deb aytishdi. Bizlar yigitlarni xafa qilmasdan ko’nishga majbur bo’ldik. Bu yog’iga xafa bo’lmaysizlar deb, qani polega chiqinglar deb o’yinga kirishdik. Qumning ustidagi futbol tamomila boshqacha ekanligini keyin tushundik… Uning ustiga lotin amerikalik futbolchilardan qolishmaydigan mo’jazgina jamoa bizlarni yosh bolalarday aldab o’tib juda yirik hisobda mag’ub etishdi… Kayfiyatimiz juda ham tushib ketdi. Ular esa bizga bir yashik pivo hadya etishib ko’nglimizni oz bo’lsada ko’tarib qo’yishdi: Ko’pda xafa bo’lmanglar, sizlardan oldin bu yerga Kiyevning “Dinamo” futbol jamoasi kelib ketgan. Oleg Blohin boshliq yigitlarni ham 5-0 hisobda dog’da qoldirganmiz. Bu gapni eshitib kayfiyatimiz ko’tarilib hammamiz birdaniga kulib yubordik…  Keyinchalik Odessaga o’ynagani borganimizda u plyajga boshqa bormaydigan bo’lganmiz…

To'lagan Isoqov Kiyevning "Dinamo" o'yinchilariga qarshi hujumda, Kiyev, 1972-yil.

Jiddiy jarohat

«Shaxtyor» jamoasi bilan bo‘lgan uchrashuvda qattiq jarohatlandim. O‘shanda A.Pyanix degan futbolchi noqulay sakrab, oyog‘imga shikast etkazgandi. Toshkentlik shifikorlarga rahmat, qisqa muddatda keyingi o‘yinga tayyorlashdi. Shundan so‘ng Moskvaning «Dinamo» siga qarshi o‘ynadik. Baxtga qarshi o‘yinchilarni “sindirish” borasida nom chiqargan A.Novikov degan himoyachi xuddi o‘sha jarohat olgan joyimga ikkinchi bor tepdi – oyog‘im qattiq lat edi. Bu hayotimdagi eng og‘ir jarohat edi… O‘shanda 0:1 hisobida yutqazayotgandik, uning ustiga ikki o‘yinchimiz almashgan edi. Nafaqat chopish, hatto yurishga ham madorim yo‘q edi. Oyog‘im zirqirab og‘rir, ammo jamoadoshlarim qistovlari bilan o‘yinni davom ettirdim. Shu kuni mag‘lub bo‘ldik, yarim kechada mehmonhonada chidab bo‘lmas og‘riqni sezdim…

Jamoa vrachi Chumakov kechasi soat bir-ikkilarda og‘riq juda azob berayotgani va jarohat avj olishi mumkinligini sezib, tez yordam chaqirdi va meni Moskvadagi travmatologiya kasalxonasiga olib bordi. Doktorning fikriga ko‘ra, oyog‘imda gematoma paydo bo‘lib, qon bir joyda jamlanib, yaxshi yurishmagani sababli og‘riq kuchaygan. Menga yaqin orada maydonga tusholmasligim va jiddiy muolaja olishim kerakligini uqtirishdi. Keyingi o‘yinimiz «Zarya»ga qarshi. Ertalab murabbiyimiz jarohat shunchalik avj olgani, oyog‘imdagi gipsni ko‘rib hayron qoldi. Chunki Chumakov hech kimni uyg‘otmay hammasini o‘zi hal qilgandi. Toshkentga qaytdim va maxsus davolandim. Meni futbolning ashaddiy muxlisi Aleksandr Terkin ismli vrach davoladi. Uning gapiga qaraganda, jarohatim jiddiy ekan. Oyoqdagi qonni chiqarib olish zarurligi, agarda yiring paydo bo‘lsa, murakkab operatsiya qilishga to‘g‘ri kelishi va kamida 2 yil futboldan mahrum bo‘lishimni ham aytdi. O‘shanda 30dan oshgan edim… Vrachlar 2 oy chopmasligim va to‘p tepmasligimni uqtirishdi. Keyin tanishlarim yordamida xitoylik tabibdan igna sanchish muolajasini oldim. Bir haftadan so‘ng sekin-asta harakat qilishga kirishdim, lekin hassani tashlashga xali erta edi…

«Paxtakor-79». Fojia xronikasi: so‘nggi uchrashuv va…

Samoga yulduzlar kabi sochilib ketgan "Paxtakor"chilar...

1979-yil 8-avgust: Chempionatning ikkinchi yarmi endigina boshlangandi. Shu kuni Voroshilovgradning «Zarya» jamoasini 3:1 hisobida yutdik, hammada ko‘tarinki kayfiyat, futbolchilarning kiyinish xonasiga kirib yigitlarni tabrikladim. Ular meni ko‘rib xursand bo‘lishdi va tez safga qaytishimni tilashdi. Ular meni hurmatlashib “oqsoqol”, deb chaqirishardi…  O‘shanda yigitlarimizda qandaydir ko‘tarinki kayfiyat, kuch-quvvat, ko‘zlarida olov, birdamlik va do‘stona muhitni sezdim. Ha, yigitlarimiz chempionlik uchun kurashga astoydil bel bog‘lagandilar. Mening o‘rnimga Shuhrat Eshbo‘taev chiqib, yo‘qligimni bildirmaslikka harakat qilgandi. Ular bilan o‘tirib ancha gaplashdik, lekin bu uchrashuv so‘nggisi ekanligi, ularni boshqa ko‘rmasligimni bilmasdim… Hamma bilan birma-bir quchoqlashib xayrlashdim va bir kundan keyin Moskvaga borib, u erdagi mutaxassislarga ko‘rinishim kerakligini aytib, uyga qaytdim.

1979-yil 9-avgust: Moskvada mashhur professor Zoya Sergeevna Mironova degan Ortopediya institutining katta mutaxassisiga ko‘rinishim kerak edi. Ertalab aeroportga borganimda meni jamoamiz ma’muri Mansur Tolibjonov kutib turgan ekan. Moskvaga uchdim. Etib borgach, birinchi navbatda, bizga ustozlik qilgan, «Paxtakor-79» jamoasini «arxitektori», bo‘lgan buyuk murabbiy Vyacheslav Dmitrievich Solovьyovning xonadoniga bordim. Ancha vaqt gaplashib o‘tirdik, Toshkent, milliy urf-odatlarimiz va ayniqsa, Solovьyov tarbiyalagan yigitlarni esladik. Agar u yillarda dardga chalinmaganida, hech shubhasizki, «Paxtakor»ni chempion qilardi. Solovьyov o‘z davrida Moskva, Kiev, Tbilisi va boshqa ko‘plab dongdor “Dinamo” jamoalarida ishlagan, ammo «Paxtakor»ga mehri va e’tibori juda ham yuqori edi.

1979-yil 10-avgust: Ertalab rentgen-plyonkalari va tashxis natijalarini olib Zoya Sergeevna huzuriga bordim. U barcha hujjatlarimni birma-bir ko‘zdan kechirib, oyog‘imni diqqat bilan tekshirdi. Solovьyovga qarab, Toshkentga shunchalik kuchli jarrohlar borligidan hayron qolganligini ta’kidladi. Klinikadan chiqib, Solovьyovning ishxonasiga borib, nima qilishni o‘yladik. Fursat topib Toshkentga telefon qildim. O‘zbekiston sport qo‘mitasi raisi Mirzaolim aka Ibrohimov bilan gaplashdim. Keyin katta murabbiyimiz Oleg Bazilevich bilan ham… Ular jarohatim bitayotganini eshitib xursand bo‘lishdi va tezda Toshkentga qaytishimni, «paxtakorchilar» bilan 11 avgust kuni Minskka uchib ketishim kerakligini aytishdi. Ular hali hassaga tayanib yurayotganimni bilishmasdi. Minskdagi o‘yindan so‘ng Bazilevichning eski do‘sti – mashhur vrach Elizarovga jarohatimni ko‘rsatish niyatlari borligini ham aytishdi. Bu ishlarning hammasi fojiadan bir kun oldin ro‘y bergandi.

Bor gapni Solovyovga aytdim, u biroz o‘ylanib, o‘yinga kirishib ketishim uchun kamida 2 oy kerakligini ta’kidladi. Shoshilmay jarohatni oxirigacha davolashim, keyin amaliy mashqlarga kirishishim va o‘z ustimda ishlashim kerakligini maslahat berdi. Bu paytda uning moskvadagi uyida yashashim mumkinligini aytdi. Avvaliga ikkilandim, keyin ustozning gaplariga kirib shunday ish tutdim, xitoylik tabiblarning «Bir oy o‘yinga tushmagin», degan gaplarini ham esladim. «Paxtakor-79» bilan bog‘liq mudhish voqeadan so‘ng bilsam, Ollohning o‘zi meni xatardan asragan ekan…

To'lagan Isoqovning "Paxtakor" jamoasi bilan tushgan so'nggi surati, Toshkent, 1979-yil. To'lagan Isoqov birinchi qatorda chapdan to'rtinchi.

1979-yil 11-avgust: Shu kuni Moskvada sobiq «paxtakorchilar» – Leonov, Kuzmin, Patrikeev va boshqalar bilan uchrashishim kerak edi. Biz Kuzminning uyida yig‘ilishib, osh-palov pishirib eski voqealarni eslab, suhbatlashib o‘tirgandik, shu asnoda telefon jiringlab qoldi – «Sizni so‘rashyapti», deb menga telefon go‘shagini tutqazishdi. Quloqqa tutsam, yig‘lamsiragan ayolning ovozi eshitildi, u Solovyovning rafiqasi edi. «Paxtakor»ning halokati haqida uzuq-yuluq so‘zlarni anglaganimda, sekin-asta esim og‘ayotgandek tuyuldi, ko‘z oldim qorong‘ulashdi, tik turolmay stulga yiqilayozdim… Tilimga bir so‘z kelmay o‘rtoqlarimga mudhish xabarni aytishga kuch topa olmasdim… Hamma meni holatimni ko‘rib qo‘rqib ketdi… Solovyovning gapirishga madori qolmay karaxt holatda bo‘lib, shuning uchun uning rafiqasi telefon qilgan ekan.

Hammamiz tezda Solovyovning uyiga etib bordik. Bizni kutib turgan ekan. Har birimizni quchoqlab, ho‘ngrab yig‘lab ko‘rishdi, biz ham yig‘ladik. Shuncha erkakni yig‘lagani g‘alati bo‘lar ekan. Lekin Toshkentda bundan-da dahshatli manzaralar kutib turganini hali bilmasdim… Keyin Solovьyovdan Toshkentga tezda chipta topib berishini so‘radim. U ikkita chipta olgani va kasalligiga qaramay, men bilan birga uchishini aytdi.

Motamga burkangan O‘zbekiston

Halok bo'lgan futbolchilar uchun o'rnatilgan yodgorlik

1979-yil 12-avgust: Erta tong, soat 4:00da Toshkentga yetib keldik. Taksi bilan tezda futbol federatsiyasiga bordik. Federatsiya binosiga kirsak, odam liq to‘la… Kimlar halok bo‘lishgani haqida so‘raganimda, hali hech narsa ma’lum emasligini aytishdi. Kun yorisha borgan sari butun Toshkent motamga o‘rala boshlagandek tuyuldi, hamma yerda bitta gap – butun jamoa halok bo‘libdi… Ammo sobiq markazning buyrug‘iga binoan, bu fojia haqida na Moskva va na Toshkent hech qanday axborot berdi. Lekin o‘zbek futboli muxlislari bu haqda AQShning «Amerika ovozi» radiosi tarqatgan bayonnomadan bilib qolishdi.

Birinchi ta’ziyanoma

Dnepropetrovsk oblasti Kurilovka qishlog'ida 2009-yili o'rnatilgan memorial haykal

O‘zbekiston futbol federatsiyasi binosida ko‘zim qandaydir g‘alati xalqaro telegrammaga tushdi. «Paxtakor»ning halokatga uchrashi sababli birinchi ta’ziya telegrammasi Nyu-York shahrining mashhur «Kosmos» (Bu jamoani o‘tgan asr o‘rtalarida Buxoro shayxlarining avlodi, ikki vatandoshimiz tashkil qilgan. U haqda gazetamizning keyingi sonlarida batafsil ma’lumot beramiz.-M.Sh.) futbol klubidan kelibdi. Fojea haqida o‘zbek xalqi deyarli ma’lumotga ega emasdi. Bilishimcha, halokat yuz berganidan 15-20 daqiqa o‘tib, ushbu xabarnoma O‘zbekistonga yetib kelgan ekan. 2-3 kundan keyin esa, Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika davlatlaridan minglab ta’ziyanomalar kela boshladi. Muxlislar ularni o‘qishga haqli edilar. Shu bois sport qo‘mitasi binosi yonida katta stend tashkil etildi.

 

«Paxtakor» fojiasi va Sharof Rashidov

1979-yil 12-avgust: O‘zbekiston sport qo‘mitasiga bordik. U erda Mirzaolim aka Ibrohimov kutib oldilar va ko‘p o‘tmay bizni O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov huzuriga olib borishdi. Bilasizmi, o‘shanda Sharof Rashidov bizni ko‘zda yosh bilan qarshi oldilar. Hassaga tayangan holda u kishiga yaqinlashdim, Sharof aka meni bag‘rlariga bosib, «Bolam, seni Parvardigorning o‘zi saqlab qoldi, lekin yigitlarimiz juda yosh ketishdi, essiz, essiz, endi nima qilamiz?»,-degan so‘zlari hamon qulog‘im ostida chalinib turibdi.

«Paxtakor» stadioniga kuniga 30-40 ming muxlis kelib, «Paxtakorchilar»ni qachon olib kelishadi? Qaerga dafn qilishadi?»,-deb so‘rardi… Sharof Rashidovich o‘sha uchrashuvda men va Vyacheslav Solovyovga murojaat qilib, «Sizlar marhum «paxtakorchilar»ga juda yaqin bo‘lgan insonsizlar. Bugun muxlislar sizlarga termulib turishibdi. Xalqqa fojiani to‘g‘ri tushuntirib, «paxtakorchilar» hoki yaqin vaqtda olib kelinishi va albatta, bir joyga dafn qilinishini aytinglar»,-deb iltimos qildilar. Shaxsan men har kuni stadion oldida yig‘ilgan muxlislar qarshisida xassamga tayanib 4-5 marta sobiq «paxtakorchilar», ko‘mish marosimini tashkil qilish komissiyasi qarorlari haqida va boshqa savollar xususida chiqish qilardim…

Yigitlar hoki olib kelinganidan keyin Sharof Rashidov bizdan uni qayerga qo‘yish kerakligi haqida so‘radilar. Men birinchi bo‘lib o‘z fikrimni bildirdim: «Paxtakor» stadioniga kiraverishdagi tepalikda katta maydon bor. U erda yodgorlik majmuasi tashkil qilsa yaxshi bo‘lardi». Bu taklif Sharof Rashidovga ma’qul tushdi. Ammo keyinchalik ayrim ota-onalar bunga qarshi chiqishdi. Turli millat vakillari hisoblangan oilalar halok bo‘lgan farzandlarini o‘z urf-odatlari bo‘yicha ko‘mishga ruxsat so‘rashdi. Shuni ta’kidlash joizki, dafn marosimlarini davlat o‘z zimmasiga oldi, oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi, nafaqalar tayinlandi.

So‘nggi vidolashuv

Botkin qabristoniga o'rnatilgan xotira toshi, Toshkent.

1979-yil 18-avgust: «Toshkent» xalqaro aeroportiga maxsus samolyotda Dnepropetrovskdan marhum «paxtakorchilar»ning jasadlari olib kelindi. Aeroportning o‘zida bo‘lib o‘tgan motam marosimida ko‘pchilik so‘zga chiqdi, jumladan, Vyacheslav Solovьyov va men ham. Hamma chuqur qayg‘uda, ko‘zlarida yosh… Gul alvonlarga o‘ralgan 17ta tobut oldiga marhum «paxtakorchilar»ning katta-katta suratlari quyilgan, har birining yonida ota-onasi, oila a’zolari va yaqinlari ko‘zlarida yosh bilan turishibdi. Marosimda sobiq ittifoq chempionati birinchi va ikkinchi ligasida ishtirok etayotgan O‘zbekistonning barcha futbol jamoalari, Qozog‘istonning «Qayrat», Tojikistonning «Pomir», Turkmanistonning «Stroitelь», Qirg‘izistonning «Olg‘a», Moskva, Kiev, Tbilisi, Minsk, Erevan, Boku futbol federatsiyasi va boshqa klublar vakillari ishtirok etishdi. Shu kuni 17 «paxtakorchi»dan besh nafari Botkin qabristoniga qo‘yildi. Qolganlari oila a’zolarining iltimoslariga ko‘ra, o‘z shahar va qishloqlaridagi qabristonlarga dafn qilinishdi.

Gruziyalik futbolchilarning insonparvarligi…

Olim Ashirov gruziyalik David Kipianiga qarshi o'ynamoqda, Toshkent, 1975-yil.

Qisqa vaqt ichida yangi tarkib shakllantirildi. Toshkentdagi birinchi o‘yin Tbilisining «Dinamo» jamoasiga qarshi edi. Gruzinlarni katta murabbiyi Nodar Axalkatsi, jamoa sardori David Kipianilar Fyodorov va Anlarga yaqin do‘st edilar. Jamoada Chivadze, Daraseliya va boshqa mashhur o‘yinchilar to‘p surishardi. Men ham Davidni juda yaxshi tanirdim. Ularni kutib olish uchun aeroportga chiqib, noodatiy manzaraga ko‘zim tushdi… Samolyotning ichi gul bilan to‘la. David Kipiani va boshqalar ko‘zlarida yosh bilan samolyotdan birin-ketin tusha boshlashdi. Qadrdonlarday ko‘rishdik, biroz dardlashdik… David Kipiani halok bo‘lgan «paxtakorchilar»ga Tbilisi stadionida qanday hurmat bajo keltirilgani haqida gapirib berdi: barcha yigitlarimiz xotirasiga sukut saqlangan, hammaning ko‘zida yosh… Taniqli sharhlovchi Kote Maxaradzening qalb qo‘ridan chiqqan so‘zlar barchaga o‘qdek qadalgani, butun Respublikani yig‘latgani haqida gapirib berganida, ko‘zlarimdan yosh qalqib chiqqandi… Davidning o‘zi ham yig‘lagandi. So‘ngra ularni «O‘zbekiston» mehmonxonasiga taklif qilib, biroz dam olishlarini aytdim. Ular esa «Avval qabristonga boramiz», deb turib olishdi.

Aeroportda bir piyola choy ichib, soat beshlarga yaqin «Botkin» qabristoniga bordik. Bu yerni ziyorat qilganlaridan so‘ng gruziyalik mehmonlar bilan Mixail An ko‘milgan Yuqori Chirchiq tumaniga yo‘l oldik… O‘sha paytda «Dinamo»ga har bir ochko juda ham muhim edi. Agar Toshkentda g‘alabaga erishsalar ular kamida kumush medallari sohibi bo‘lishlari kerak edi, mag‘lub bo‘lgan taqdirda esa 4-o‘rin bilan kifoyalanar edilar… Bu barchaga ma’lum edi. Ammo, o‘yin boshlanishidan avval, David meni yoniga chaqirib shunday dedi: «Bu motam kunlarida sizlarni mag‘lub etishga haqqimiz yo‘q. Bugungi o‘yinimizni O‘zbekiston xalqi, marhum «paxtakorchi» do‘stlarimiz xotirasiga jamoamiz tomonidan ko‘rsatilgan e’tirof va chuqur hurmat ramzi sifatida qabul qilinglar». O‘sha kuni stadionga 60000dan ortiq muxlis tushdi. Stadionda qanday muhit bo‘lganini so‘z bilan ifodalashga ojizman… «Paxtakorchilar» o‘sha kuni raqibni mag‘lubiyatga uchratishdi… David Kipiani va jamoadosh do‘stlari esa insonparvarlik ko‘rsatganlaridan mamnun holda stadionni boshlarini baland ko‘tarib, gruzinlarga xos mag‘rurlik bilan tark etishdi…

Marhum do‘stlarim halokatni sezishganmi…?

Idgay Tazetdinov. Idgay Borisovich ziyoli va aqlli inson edi. Futbolchilar uni hurmat qilishar va o‘zlariga yaqin tutishardi. U bilan bog‘liq bitta voqea hech qachon xotiramdan ko‘tarilmaydi. Kochetkov bosh murabbiyligi davrida jamoani Nepalga taklif qilishdi. O‘yin qiziqarli o‘tdi. Biz chiroyli o‘ynab, yirik hisobda g‘alaba qozondik. Qaytishda samolyotda men va Fyodorov murabbiylarimiz – Kochetkov hamda Tazetdinovlar yonlaridan joy oldik. Maroqli gurung avjiga chiqqanida, nima bo‘ldiyu, Volodya Tazetdinovdan yoshini so‘rab qoldi. «46daman», deb javob qaytardi murabbiy. Volodya shunda «14 yil qolibdi»,-dedi. Hammamiz nafaqa yoshini hisobladi, deb tushundik. Lekin Fyodorov o‘zicha, sekin ovozda qo‘shib qo‘ydi: «Murabbiyning vafotigacha». Tazetdinov esa, «Ehtimol, sen bilan bir kunda o‘larmiz», deb sovuqqonlik bilan unga javob qaytardi… Men buni eslab, ularning qalblari nimanidir sezganmikin, degan xayolga boraman.

Mansur Tolibjonov. Mansur aka haqida gapirganimda, u kishining oliyjanobligi, futbolchilarga g‘amxo‘rligi va boshqa odamiylik xislatlarini chuqur hurmat bilan eslayman. Jarohat olib yotganimda, menga o‘sha paytda obro‘li sanalgan «Jiguli» engil avtomobili ajratilganini xabar qilishdi. Buni eshitib, Mansur akaga murojaat qildim va mashinaning «06» markalisidan olib berishlarini iltimos qildim. Pulni esa otamdan olishlarini aytdim. Oqshom payti Mansur aka kasalxonaga yaxshi kayfiyatda kirib keldilar va mashina kalitini menga tutqazdilar. Rosa xursand bo‘ldim, ammo mashina hayday olmasdim. Shuning uchun Mansur akadan uni uyga olib borishlarini so‘radim. Shu orada mashina narxi 1000 so‘mga oshgan ekan (1979 yil). Pul masalasida gap ochsam, u kishi «Oldin – oyog‘ingni davolatib olgin, keyin bir gap bo‘lar», dedilar. Keyin bilsam, etmagan pulni o‘z yonlaridan qo‘shib yuborgan ekanlar… Moskvaga ketayotganimda Mansur akaga uchrab, pulni qaytarmoqchi bo‘ldim. Ammo «Moskvada qancha bo‘lishing noma’lum, yoningda tursin, kam-ko‘stingga ishlatarsan»,-deb pulimni olmadilar.

O‘zbeklarda qarzni vaqtida qaytarishga katta ahamiyat beriladi. Mansur akadan qarzdor bo‘lib qolgandim. Uni endi kimga qaytaraman? Ota-onasigami yoki ayoliga? Ko‘pchilik tanishlarim, «Albatta, oilasiga bering», deyishdi. Kennoyimiz Yulduz opaga pulni olib borganimda, ularning ko‘zlariga yosh kelib, «Mansur akamdan ko‘pchilik qarz bo‘lgan ekan, ammo faqat siz olib keldingiz»,-dedilar. Yulduz opaning aytishicha, Mansur aka xuddi nimanidir sezganday ketishlaridan bir kun oldin qog‘ozga kimlarga qancha qarz berganlari va kimlardan olganlarini yozib qo‘ygan ekanlar: «Paxtakorchilar» doimo safarga borib-kelishardi, hech vaqt u kishi yaqinlari bilan bunchalik xayrlashmagandilar. Hamma qarindoshlarni borib ko‘rdilar. Kechqurun juda bezovta bo‘ldilar, menga bolalik va o‘smirlik davrida ko‘rgan qiyinchiliklari, hayotlari haqida, hech qachon aytmagan voqealarni gapirib berdilar. Nimagadir o‘limni ko‘p tilga oldilar: «Yulduzxon, o‘lim haq, u menga faqat osmoni falakdan keladi… Erda o‘lmasam kerak…».

Vladimir Fyodorov. Vladimir Fedorov o’zbek futbolining yorqin yulduzi, eng mashurlardan biri. U yoshlar o’rtasida Yevropa chempioni, Olimpiya o’yinlarining “bronza” sovrindori bo’lgan. Bir necha marta sobiq ittifoq milliy terma jamoa a’zosi bo’lgan. U o’zbek futbolchilari orasida birinchi bo’lib “Xalkaro toifadagi sport masteri” unvoniga sazovar bo’lgan. Vladimir bilan biz juda inoq va yaxshi do’st edik. Mehmonxonalarda birga turar edik, u ko’pgina sirlarini ham menga ochar edi…

Valeriy Lobanovskiy davrida sobiq SSSR termasi tarkibida faqat Kiyev «dinamochilari» o‘ynashgan, jamoaga birgina Vladimir Fyodorov kiritilgandi. O‘shanda Ukraina futboli mutasaddilari va shaxsan Valeriy Lobanovskiy Fyodorovni bir necha marta «Dinamo» tarkibiga chaqirishgan. Lekin u «Shu zaminda to‘p surib dunyoga mashhur bo’ldim. Endi qarzlarimni qaytarish vaqti keldi. Yana bir narsani bilib qo‘ying, «Paxtakor» chempion bo‘lmagunga qadar bu yerdan hech qayerga ketmayman»,-deya taklifni rad etardi. Mana sizga, o‘zbekistonlik oddiy bir yigitning fidoyiligi, xalqimizga bo‘lgan hurmati. Bu hozirgi yoshlarimizga ibrat bo‘lishi kerak.

Fyodorovning dafn marosimi, Botkin, Toshkent, 1979-yil.

Volodya bilan bog‘liq yana bir voqeani gapirmoqchiman. Bir kuni «Paxtakor» stadioni yaqinidagi restoranda rafiqam bilan ovqatlanib o‘tirgandik. Volodya Fyodorov zalga kayfiyati tushib ketgan, g‘amgin holda kirib keldi. Biroz ichib olganga ham o‘xshadi. Uni oldimga chaqirib, «Nima bo‘ldi senga, kechqurun mashg‘ulotlar bor-ku?»,-deya so‘rovga tutdim. U bo‘lsa: «Oqsoqol, bilasizmi, biz baribir aviahalokatda o‘lamiz. Shuning uchun bugun biroz ichdim»…

Restorandagi bu uchrashuvimiz fojiadan bir oy oldin, ya’ni 1979-yilning 11-iyul kuni bo‘lib o‘tgandi…

Mixail An. O‘zbek futbolining iftixori. An 1976-yilgi sobiq SSSR yoshlar terma jamoasida sardor edi. Evropa chempioni bo‘ldi. «Xalqaro toifadagi sport ustasi» unvonini oldi. 1979-yilning bahorida Misha SSSR milliy jamoasi tarkibida Los-Anjeles shahrida o‘tgan xalqaro turnirda qatnashgandi. Turnirda Misha eng yaxshi yarim himoyachi sifatida e’tirof etilgandi. Amerikaning mashhur jurnallarining birinchi betida uning portretlari chop etildi. O‘yinlarda Misha dirijyorlik vazifasini a’lo darajada bajarardi. Fyodorov-Xadzipanagis-An uchligi ko‘plab grand jamoalarga xavf solardi. Tasavvur qiling, bir o‘yinda kim burchakdan qatorasiga ikki marta gol urgan? Faqatgina Mixail An.

Misha ham Minskdagi o‘yinga bormasligi kerak edi. «Zarya»ga qarshi bahsda qattiq jarohatlangandi. Lekin qandaydir kuch uni o‘sha kuni aeroportga etaklagan. Xuddi kuyov bolaga o‘xshab, zamonaviy, chiroyli, yangi kostyum-shim kiyib olgan An aeroportga kelib «Yigitlar men o‘ynay olmasamda chetda turib sizlarni qo‘llab-quvvatlayman»,-deganida hammalari xursand bo‘lishibdi. Aslida Misha samolyotda uchishdan qo‘rqardi, har doim yosh boladay o‘zini noqulay sezardi. O‘shanda esa… Yigitlarimizning ota-onalariga fojia haqida xabar berish naqadar og‘ir edi. «Politotdel»da yashagan Mixail Anning ota-onasidan xabar olgani bordim. Meni ko‘rgan onaizor dodlab yig‘lab yubordi. Do‘stimning onasi men bilan ko‘risharkan, behad nola qildiki, ohu firog‘idan atrofdagi ayollar tugul, erkaklarning ham dillari tilka-pora bo‘ldi. Keyinchalik bilsam, onaizor Mishani o‘lganiga ishonmay, hayotdan ko‘z yumgunga qadar o‘g‘lini yo‘lini poylab eshikka termilib kun o‘tkazibdi…

Sergey Pokatilov. Ashxobodlik Sergey ajoyib inson edi. Juda mehnatsevar, mashq qilib charchamasdi. Ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa kerak, uning elkasi doimo chiqib ketaverardi. Shuning uchun jarrohlar unga maxsus «spitsa»dan foydalanishni tavsiya etishgan. Har doim uni kiyib darvozada turardi. Futbolga shunchalik ishqiboz va fidoyi ediki… Jahli chiqqan paytda birorta to‘p o‘tkazib yubormasdi. Shuning uchun turli yo‘llar bilan jahlini chiqarishga harakat qilardik. Seryoja oilasiga mehribon bo‘lib, ayniqsa, yangi tug‘ilgan qizalog‘ini yaxshi ko‘rardi. Yonida doimo uning va rafiqasining suratlarini olib yurardi. Rafiqasi Iren ham ajoyib ayol. U bizga Seryoja bilan bog‘liq qiziq bir holatni gapirib bergandi: «Seryoja uchib ketganidan sal vaqt o‘tib, uyda qizalog‘imga ovqat tayyorlashga kirishdim. Shunda qizim birdan chinqirib uyg‘onib ketdi. Uni qo‘lga olgan paytda ko‘zim bexos Seryojaning devorda osilib turgan rasmiga tushdi. Shunda ko‘zlariga tikilib qoldim. O‘shanda bexosdan: «Seryoja nega menga jonsiz ko‘zlaring bilan qarayapsan»,-deb yubordim… Keyinchalik bilsam, aynan ana shu daqiqalarda ularning jonlari uzilibdi…»

Ashirov, An va Agishev qabrlari

Olim Ashirov. Olimjon inson sifatida tengi yo‘q, kamtarin edi. Futbolchi sifatida esa, o‘z ishining ustasi – professional bo‘lgan. 11 yoshidan Toshkentdagi Respublika sport-internatida futbol ilmini o‘rgandi. Iqtidorli hujumchi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosiga aylangach, keyinchalik Solovyovning nazariga tushdi. Shu-shu ular ota-boladay bo‘lib qolishdi. 1979-yili esa sobiq SSSR olimpiya terma jamoasiga nomzod etib ko‘rsatildi. Men “Paxtakor” an’anasi davomchilarini ko’rib ichimdan sevinardim, chunki Fyodorov, An, Ashirovlarga o’xshagan futbolchilarni SSSRning mana-men degan futbol jamoalari jon-jon, deb olishrdi. Olimjon bilan aka-ukaday edik. U kelishgan yigit, ichmasdi, chekmasdi, doimo chiroyli kiyinib yurardi. Menga u har doim Abdulla Qodiriyning Otabegini eslatardi. Oilasiga juda sodiq bo‘lib, ikki o‘g‘lini behad yaxshi ko‘rardi. Ular otalarining izidan borishdi. Bundan 5-6 yil oldin Olimjonning katta o‘g‘li farzandli bo‘libdi. Unga bobosining ismini qo‘yishibdi. Ajabmas, yaqin yillarda Olimjon Ashirovni yana «Paxtakor» jamoasi tarkibida ko‘rsak. Ilohim umri bilan bergan bo‘lsin, kam deganda bobosiga o‘xshagan hurmatli inson bo‘lib yetishsin.

Yuriy Zagumennix. Asli u katta futbolga Xabarovskning «Luch» jamoasida qadam qo‘ygan. Keyinchalik olti yilga yaqin «Zenit»da o‘ynagan. Mashhur murabbiy Pavel Sadirinning yaqin do‘sti edi. Yuriy «Zenit»da o‘ynayotganida umurtqa pog‘onasidan jiddiy jarohat olib, og‘ir xas­talik – paralichga chalinadi. Davolanish naf bermagach, jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ladi. Bir necha soat davom etgan operatsiyadan so‘ng Yuriy o‘ziga kelib, vrachga savol beribdi: «Men futbol o‘ynaymanmi?» Doktor esa «Siz yashaysiz»,-degan ekan. Shundan so‘ng Yura etti oy shiftga qarab yotadi. «Zenit» uni allaqachon jamoa tarkibidan chiqarib yuborgan ekan. Sobiq ittifoq tuzumi davrida shunaqa edi, kasal yoki mayib bo‘lib qolsangiz, holingiz voy… Bu tuzum mashhur futbolchilarni boshiga qanchadan-qancha malomatlar soldi. Bunga Eduard Strelьtsov, Igorь Netto, Valeriy Voronin, Gennadiy Krasnitskiy, Xoren Oganesyan kabi ko‘plab futbolchilar qismati misol bo‘la oladi.

Qisqasi, Zagumennix birinchi guruh nogironi, deb topiladi va unga faqat yotish tavsiya qilinadi. Uning matonatiga qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q. Futbolga mehri shunchalik kuchli bo‘lganki, baribir katta arenaga qaytaman, deya o‘ziga so‘z beradi. Kasal bo‘lishiga qaramay, oldiniga oyoqda turishni o‘rganadi, keyinchalik sekin-asta yurish, undan so‘ng yugurish va futbol o‘ynashga kirishadi. Buni ko‘rgan shifokorlar va «zenitchilar» hayronu lol qolishgan. Lekin jamoa baribir uni qaytarib olmaydi. Shunda «Paxtakor»ga katta murabbiy etib tayinlangan Aleksandr Kochetkov Yurani Toshkentga taklif qiladi. Oxir-oqibat o‘z harakatlari va tirishqoqligi tufayli katta futbolga qaytadi va o‘z yulduzini «Paxtakor»da topadi…

Aleksandr Korchyonov. Juda tajribali va ziyoli inson edi. Chuqur ensiklopedik bilimi bilan hammani lol qoldirardi. Unga hatto Volodya Fyodorov va Misha Anlar ham tan berishardi. Sashada etakchilik qobiliyati ham kuchli edi. Maydonda tezlik borasida unga etadigani topilmasdi. Minskka ketishdan oldin Sashaning rafiqasi qattiq shamollab, kasal bo‘lib qoladi. U rahbarlardan ruxsat so‘ramoqchi edi. Menimcha, ruxsat ham olgan. Ammo… U asosan Anatoliy Mogilniy bilan juftlikda to‘p surardi. Ketishdan bir kun oldin nimagadir Anatoliy Toshkentda qoladi, Aleksandr Korchyonov esa kasal rafiqasini uyida qoldirib, safarga otlanadi…

Sirojiddin BOZOROV. Keyingi avlod vakili, asosiy tarkibda biror o‘yinda maydonga tushmagan, ammo iqtidorli yoshlarimizdan biri bo‘lgan Sirojiddin Bozorov haqida ham faqat iliq gaplar aytish mumkin. U kelajagi porloq, serg‘ayrat va baquvvat o‘yinchi edi. Buni mutaxassislar yaxshi bilishar, sekin-asta uni katta futbolga tayyorlab borishga kirishishgandi. Sirojiddin O‘zbekiston yoshlar termasi a’zosi edi. Maktab-internatni bitirganidan so‘ng «Paxtakor» jamoasi o‘rinbosarlar tarkibiga qabul qilingan. 11 avgustga qadar Toshkent Davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga kirish ilinjida imtihonlar topshirayotgandi. Demak, Minskka bormasdan bemalol imtihonlarni topshirsa ham bo‘lardi. Biroq bu uning xarakteriga mos emasdi. U futbol desa jonini berishga tayyor edi. O‘sha mash’um kun arafasida Toshkentga jiyanini ko‘rgani tog‘asi kelgandi. Ular murabbiyning oldiga borib, bir kunga javob so‘rashadi. Natijada Sirojiddin Minskka asosiy tarkib bilan uchadigan bo‘ladi…

Bosh murabbiy Oleg Bazilevich haqida

Oleg Bazilevich buyuk futbol professori Valeriy Lobanovskiyning yaqin do‘sti, fikrdoshi va ishonchli odami edi. O‘sha paytda Lobanovskiy o‘ylab topgan taktika haligacha Evropa futbolida qo‘llanib kelinmoqda. Bazilevichga ham undan ko‘p narsa yuqqan. U «Paxtakor»ga o‘z fikrlari, rejalari bilan kelgan va uncha-muncha g‘oyalarini amalga oshirishga ham erishgandi. Murabbiy zamonaviy uslublarni keng qo‘llardi. Ammo 2-3 uslubi menga yoqmagandi. Unga bu haqda gapirgandim ham. Dastlab gap futbolchining bo‘yi haqida ketgandi. Uning fikricha, zamonaviy futbolchining bo‘yi kamida 175 sm. bo‘lishi kerak emish.

«Paxtakorchilar»dan Agishev, Sobirov va boshqa ko‘plab futbolchilar baland bo‘yli edilar. Men o‘shanda gap bo‘yda emas, deya Pele (170 sm.)ni misol keltirganman. Mening bo‘yim ham 169 sm. edi. Lekin bu menga 15 yil «Paxtakor»da o‘ynashimga xalaqit bermagan. Bugungi zamonaviy futbol bundan 31 yil avval men aytgan gaplarni tasdiqladi. Masalan, JARda jahon chempionligiga erishgan Ispaniya jamoasi futbolchilari ham unchalik baland bo‘yli emaslar-ku! Fikrimcha, futbolchining bo‘yi qanchalik past bo‘lsa, uning koordinatsiyasi shunchalik baland, mabodo novcha bo‘lsa, bu jihati sust bo‘ladi.

Bazilevichning “Paxtakor” jamoasidan ketishi sabablari

Oleg Bazilevichning ketishiga sabablar ko‘p edi. Menimcha, fojiadan so‘ng u ko‘pchilikka yoqmay qoldi… Dengizchilarda bir an’ana bor, halokatga uchraganda, sardor kemani oxirgi bo‘lib tark etadi. Birinchidan, u jamoa bilan birga bo‘lmay Sochiga, xotinining yoniga jo‘nab ketgandi. Nima bo‘lganda ham, rasmiy o‘yinni tashkil qilish uning vazifasiga kirardi. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, birinchi rahbar sifatida u ham samolyotda bo‘lishi shart edi. Ikkinchidan, «paxtakorchilar»ni ko‘mish marosimida u jamoani qayta tiklab, marhum yigitlar orzularini amalga oshirish to‘g‘risida gapirdi. Lekin keyinchalik turli bahonalarni ro‘kach qilib, Toshkentni tark etdi. Shundan buyon bu mutaxassisning hayoti bilan umuman qiziqmadim. Moskvaning TsSKA jamoasida murabbiylik qilgandi. O‘shanda Toshkentga kelganida muxlislar uni qanday qarshi olganlarini eslashga hojat bo‘lmasa kerak. Umuman olganda, Oleg Bazilevich Toshkentga kelganida jamoamiz ancha etuk, saralangandi. Bu jamoa bilan chempion bo‘lish mumkin edi. Bilmayman, ko‘z tekkanmi? Bu qismat…

«Paxtakor»ni tark etish…

To'lagan Isoqov sport sharhlovchisi Mixail Zaltsburgga intervyu bermoqda, Toshkent, 1975-yil.

Hamma narsaga vaqt malham. Jarohatim sekin-asta bitdi. Lekin kayfiyatim kundan-kunga yomonlashib borardi. Yangi tashkil topgan jamoa meni negadir qiziqtirmasdi. Qandaydir sovuqlik bor edi. Shunda jamoani tark etish, umuman, katta futboldan ketishga qaror qildim. Chunonchi, qattiq ruhiy bosim ostida edim: hech narsa yoqmas, juda muhim va qimmatli narsadan ajralib qolganday o‘zimni o‘ta noxush his etardim. Bu haqda darrov Sharof Rashidovga ham xabar yetkazishibdi. U kishi meni oldilariga chaqirtirib, birinchi navbatda, sog‘ligim, kayfiyatim haqida so‘radilar. Keyin jamoadagi ahvol, muhit va chetdan kelgan futbolchilarning saviyalari haqida savol-javob bo‘ldi. Xullas, suhbatdan so‘ng yana «paxtakorchilar» safiga qo‘shildim. Marhum ukalarim meni hurmatlab «oqsoqol», deb chaqirishardi. Qibraydagi bazamizda mashg‘ulotlardan keyin hazil-huzul avj olardi. Ha, qachon Qibrayga borsam, yigitlarimiz siymolari ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Maydonda ham shu hol. Yangi jamoada men taniydigani faqat «Paxtakor» o‘rinbosarlaridan qabul qilingan Yanovskiy va yana bir-ikki kishi…

Qolganlarni tanimasdim. Qibrayda Yanovskiy bilan bitta xonaga joylashtirishdi. Gaplashib turganimizda birdaniga ko‘zim oyog‘im ostida o‘rmalab yurgan kattakon chayonga tushdi. Yanovskiy ham bu nima deb hayron qarab turardi. Chayonni o‘ldirdik, lekin bu ham yaxshilik belgisi emas, deb bir to‘xtamga keldimda, boshqa «Paxtakor» libosini kiymaslikka qaror qildim. Yanovskiy murabbiylarga mening qarorimni yetkazar, deb kiyinib chiqib ketdim. Ko‘pchilik meni ortga qaytarishga rosa urindi, lekin hammaga rad javobini berdim. Keyin yana Sharof akaning huzuriga chaqirishdi. U kishi: «Yana nima bo‘ldi? Nimaga «Paxtakor»ga qo‘shilmayapsiz», dedilar. Men yigitlarimiz ko‘z oldimdan ketmayotganliklari, boshqa futbol o‘ynamasligimni bildirib, «Paxtakor» safiga chaqirmasliklarini iltimos qildim. Sharof aka meni to‘g‘ri tushundilar va javob berdilar. Xayrlasha turib menga futboldan uzoqlashmasligim, o‘z ustimda ishlashim va keyinchalik ehtimol, «Paxtakor»ga murabbiy sifatida qaytishimga ishonch bildirdilar.

Gretsiyadan maktub

60 yillik yubiley kunimda Gretsiyaning Saloniki shahridan mashhur Vasilis Xadzipanakisdan chiroyli bezalgan tabriknoma keldi. Vasilis dil so‘zlari bilan birga yana bir ma’noli gapni qo‘shib qo‘yibdi: «Moy dorogoy Tulya, nas ostalos malo, beregi sebya». Vasilis bilan tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Yaqinda telefon qilganida, uchchovimiz, ya’ni Fyodorov-Xadzipanakis-Isoqov triosi hujumga o‘tganida mashhur jamoalar himoyachilari titrashlari va hayajonlanishlarini esladik. Bundan tashqari, orqadan og‘ir kavaleriya – Mixail An yetakchiligidagi ikkinchi eshelon qo‘llab-quvvatlab tursa, hech qanday jamoa dosh berolmasdi…

Hamisha barhayot

Mudhish voqea ro‘y berganiga ham 30 yildan oshdi. Men bir narsadan qo‘rqaman, yillar o‘tib yigitlarimizning nomlari esdan chiqib ketmasmikin? To‘g‘ri, ular sharafiga yodgorliklar o‘rnatildi, filьmlar yaratildi, maqolalar chiqib turibdi. Lekin menimcha, bu kabi xayrli ishlar bardavom bo‘lishi zarur. Toki hozirgi yoshlar yigitlarimizning vatanga sadoqat bilan xizmat qilganliklari, o‘zaro totuvliklari va boshqa insoniy fazilatlaridan muntazam xabardor bo‘lib turishsin.

"Paxtakor"chilarning ota-onalari, rafiqalari va farzandlari fojeaning 10 yilligini xotirlashmoqda, Toshkent, 1989-yil.

Fidoyilar edik…

«Paxtakor»da to‘p surgan ko‘plab futbolchilar markazning katta mutaxassislari nazariga tushib qolishgandi. Afsus, katta pul va tog‘-tog‘ va’dalarga ishonib jamoani tark etganlar ham uchrab turardi. Lekin aynan «Paxtakor-79»da to‘p surgan yigitlarimiz o‘z jamoalari fidoyilari bo‘lib qolishdi va boshqa klublarga o‘tishmadi. Bizni bir maqsad bog‘lab turardi – bu ham bo‘lsa jonajon jamoamizni yuqori o‘rinlarga olib chiqish. Misol uchun, meni «Torpedo», «Chernomorets» jamoalariga chaqirishgan: «Kel, mashina, uy beramiz». Bizning yurtga bo‘lgan fidoyiligimiz hamma narsadan ustun edi. Bularni nimaga esladim? Hozirgi yoshlarga qarab hayron qolyapman. O‘sha paytda birovga qaram edik. Shunday bo‘lsada, ko‘pchilik o‘z yurtiga fidoyi bo‘lib qolaverdi. Hozir mustaqil davlatmiz, dunyoga o‘zingni namoyon qilishing uchun imkoniyatlar muhayyo. Futbolchi xohlasa «Milan», xohlasa «Chelsi» yoki «Barselona»da o‘ynashi mumkin. Faqat, buning uchun ko‘p ishlashi, ter to‘kib, o‘zini ko‘rsatishi kerak. Afsus, bugungi aksar yoshlarimizda shu narsa etishmayapti. Fidoyilik masalasida o‘yinchilarimizda kamchiliklar mavjud, deb o‘ylayman. O‘zbekistonda etarli sharoitlar yaratildi, jahon andozalariga javob beruvchi futbol maydonlari va boshqa inshootlar barpo etildi. Futbolchilardan esa faqat yaxshi o‘yin talab qilinadi. Lekin ular yaratilgan sharoitlarga javob beradigan o‘yin ko‘rsatishyaptimi? Biz bunday sharoitlarni etti uxlab tushimizda ham ko‘rmaganmiz. Bunday futbol maydonlari bo‘lmagan, lekin oramizdan jahonga mashhur futbolchilar etishib chiqishdi. Qani aytingchi, stadion markazidan gol urgan, futbol-aslzodalar vatani bo‘lmish Lotin-Amerikaga borib ularni darvozasi to‘rini yirtib yuborgan, burchakdan bir necha marta darvozani ishg‘ol qilgan, driblinglari bilan ko‘pchilikni lol qoldirgan Krasnitskiy, Abduraimov, Fyodorov, Anlarga o‘xshash futbolchilar hozir bormi?

To'lagan Isoqov hayoti hanuz futbol bilan bog'liq, Toshkent, 2010-yil.

Ma’lumot uchun: O‘tgan asrning 60-70-yillarida ko‘zga ko‘ringan iqtidorli hujumchi To‘lagan Isoqov o‘zbek futbolining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan. U «Paxtakor-79» jamoasi bilan uzviy bog‘liq. 1949-yili Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida tavallud topgan Isoqov futbolga ilk qadamlarini poytaxtdagi eski shahar mavzesida joylashgan «Spartak» stadionida qo‘yadi. Unga to‘p tepishni murabbiy Ma’ruf Akbarov o‘rgatgandi. 1966-yildan boshlab, 15 mavsum mamlakatning bosh jamoasi libosida maydonga tushgan hujumchining faoliyatiga yosh futbolchilar havas qilishsa arziydi. Oldingi chiziqda Krasnitskiy, Abduraimov, Fyodorov va Anlar bilan osongina til topishgan hujumchiga o‘ta muhim gollar urish unchalik qiyinchilik tug‘dirmasdi. U «Paxtakor»da jami 52 ta gol urgan. Hammamiz uchun mudhish falokatdan so‘ng faoliyatiga nuqta qo‘ygan Isoqov uch yil Moskvadagi murabbiylarni tayyorlash oliy maktabida tahsil oladi. Yurtimizga qaytgan sobiq hujumchi murabbiylik faoliyatini boshlaydi. Orada ma’lum muddat Toshkent viloyatidagi sport maktabiga rahbarlik qiladi. 1989-yili uni V.Nosovning o‘rniga «Paxtakor»ga taklif etishadi. Keyin Isoqov O‘FF tizimida faoliyat ko‘rsatdi. Futbolimiz faxri shuningdek, turli yillarda «Shahrixon», «Surxon», «Zarafshon» va «Lokomotiv» klublarida bosh murabbiy vazifasida samarali ishladi.

Mavlon SHUKURZODA suhbatlashdi.

SHARE