Bir og’iz shirin so’z

Yoz. Issiq, nafasni qaytaruvchi havo. Marshrutka. Odam ko‘p. Yonimda bir qariya kishi turibdi. Atrofga alanglayman, birorta joy beradigan yo‘qmikin? Shu payt amaki:

–    Qatortolga qaerda tushaman? – deya so‘rab qoldilar.

–    Amaki, bilmadim, kondutordan so‘rab ko‘rasizmi?

Amaki konduktorga ham xuddi shu savolni berdilar.

–    Ikkita ostanovkadan keyin tushasiz, – konduktor yigitning o‘rniga haydovchi javob berdi.
Amaki ancha yoshlari o‘tib qolgan kishi.

Haydovchi oynasining yarmiga parda tushirilgan, amaki esa ko‘chani ko‘rish uchun egilib qaraydilar. Mana ikki ostanovka ham o‘tdik.

–    Bolam, hozir tushamanmi? – deya yana konduktor yigitchaga o‘tinch bilan qaradi.

–    Aytdi-ku sizga, ikkita ostanovkadan keyin, deb – yigitcha ko‘zlarida nafrat bilan amakini jerkib tashladi.

Endi yigitchani kuzata boshladim. 7 yoki 8-sinflarda o‘qisa kerak. Nahotki bu yigitchaga to‘g‘rilik bilan javob berish shunchalik qiyin? Aslida “yaxshi gap ham yomon gap ham bir og‘izdan chiqadi”, deydilar. Amaki uning bu jerkishiga indamadilar, yana engashgan ko‘yi ko‘chani kuzata boshladilar. Men esa yigitchadan ko‘zimni uzmasdim. Uning ham bobosi, buvisi bormikin? Bunga kattalarga, qariyalarga nisbatan hurmat bilan muomala qilish kerakligini hech kim o‘rgatmagan ekanda. Yoki ko‘cha-ko‘yda yuraverib inson shunaqa qo‘rs bo‘lib ketadimi?

Axir, bu hamma bilgan, yozilmagan qonun bo‘lib qolgan. Mentalitetimizda avvaldan kattalarga hurmat, kichiklarga izzat bilan muomala qilish urf bo‘lib kelgan. Birgina “Otang o‘tirgan uyning tomiga chiqma”, degan maqolning o‘zida qancha ma’no bor.

O‘sha amakining bu qo‘rslikka sukut bilan javob berganlarini ham tushunganday bo‘ldim. Hozir bir gap gapirsa, o‘ntasini javobiga eshitishi ham hech gap emasdi. Yoshlarimiz qaerga qarab ketishmoqda? Kimdan ta’lim va tarbiya olishmoqda. Ertadan kechga qadar ish, ish, deya asosiy dunyoga kelishimiz maqsadini unutmayapmizmi? Axir o‘zimizdan keyin mana shu avlod qoladi-ku? Birgina oddiy savolga to‘g‘ri javob bera olmagan yigitchadan ertaga ortimizdan duo qilib solih amallari bilan ruhimizni shod qilib turishni kutish to‘g‘rimikin? Avvalo, bu yigitchaning aybimi yoki ota-onasini? Aslida e’tibor bersangiz, hamma joyda yoshlik tarannum etilmoqda. Reklama va turli teleefirlar yoshlikning go‘zalligi, va shu kabi shiorlar bilan to‘lgan. Albatta, bu yaxshi, ammo keksalarimizchi? Mana shu tarannum ortidan farzandlarimizga o‘z urflarimizni tushuntirishga vaqt topayapmizmi? Bolasiga, “Ha, og‘zingdan qoning kegur, kimga o‘xshagansan san axmoq”, deya qarg‘ish to‘kkan onaning ovozini eshitganda odamning eti junjikadi. Axir toza fitratda tug‘ilgan bolaning tarbiyachisi biz – ota-onalar emasmi? Oq qog‘oz misoli dunyoga kelgan go‘dakka biz ilk hayot yozuvlarini yozamiz. Uni qarg‘agandan ko‘ra, o‘zimizga dakki bersak bo‘lmaydimi?

Dunyo hayoti tezkor. Bugunning yoshlari ertaning qariyalari bo‘ladilar. Bugun kuch quvvatga to‘la bo‘lganlar, ertaga yordamga va ba’zi holda bir og‘iz shirin so‘zga muhtoj qariyalar bo‘ladilar. Bu hayot haqiqati va buni o‘zgartirish bizning qo‘limizda emas. Bugungi taraqqiy etib turgan kunimiz uchun biz qaysidir ma’noda  shu qariyalar yonida qarzdormiz. Hadisi shariflarda: “Insonlarga marhamat ko‘rsatmaganga Alloh ham marhamat ko‘rsatmaydi”, deydilar.  Musulmonmiz. Farzandlarimiz tarbiyasiga e’tiborliroq, mas’uliyatliroq bo‘lish vaqti kelmadimikin? Bolalarimiz tarbiyani kimdan o‘rganishsin?

Hamma narsa oiladan boshlanadi, oila esa jamiyatimizning bir bo‘lagi. Bu bo‘lakning asosiy tarbiyaviy vazifasi onalarimiz elkasiga tushadi. Shuning uchun onalarimiz, qizlarimizni milliy qadriyatlarimizni e’zozlash ruhida tarbiyalash lozimligini anglab etdim.

Shu o‘y-fikrlar bilan bog‘chadan qizimni olib uyga qaytdim. Uy yoniga yaqinlashar  ekanman, menga tikilib turgan bir otaxonga ko‘zim tushdi. Shunda kun bo‘yi o‘ylaganim, o‘sha konduktor yigitchaga qilgan malomatlarim xayolimdan yashin tezligida o‘tdi. Birovni bir ayb uchun malomat qilgan insonni Alloh to o‘sha ishni malomatchi qaytarmaguncha jonini olmas ekan. Malomatim o‘zimga qaytib turardi.

Mana shu amakini uch kundan beri ko‘raman. Pastki qavatdagi qo‘shnimning uyiga mehmonga kelishgan. O‘zimdan o‘zim uyalib ketdim. Uch kundirki, shu amakining yonginasidan o‘tib bir marta salom bermagan ekanman. Birovga aql bo‘lish oson, bir dono kishi: “Agar hamma birovning xatosidan tafakkur qilishni bilganda edi, hozir hamma podshoh bo‘lgan bo‘lur edi”, degan ekanlar.

Salom berdim.  “Assalomu alaykum”, – bu ortimdan kelayotgan qizimning ovozi edi.
“Va alaykum assalom, qizim, mullo bo‘ling”, dedilar amaki tabassum bilan.
Qariyalar bolalar kabi, ularga ham bir og‘iz shirin so‘z va e’tibor lozim, xolos.

Madina ZARIF

SHARE