Jurnalistikaning kuchi nimada?

Muhrim A’ZAMXO’JAYEV

Dunyoda  savollar ko‘p va ularning aksariyati  bir-biriga o‘xshash. Shuning uchun ham ularga javob berish vaqtida biz taqqos, qiyos, o‘xshatma kabi qulay imkoniyatlardan foydalanishimiz mumkin. Ushbu imkoniyatlarni esa, futbol tili bilan aytganda, golga aylantirish masalasi yo mahoratimizga, yo omadimizga, yoki bo‘lmasam, odatiy ishimizga bog‘liq bo‘lgan hodisa deb qaraylik.

Men juda xurmat qiladigan va yaxshi ko‘radigan kursdoshim agar imkon berilsa, maktabdagi qaysi bir davrga qaytib qolishni xohlarding deb so‘ragan edi. Men ozgina o‘ylab, oltinchi sinf degandim. Chunki aynan shu davr, adashmasam, sinfimiz tarixidagi eng yaxshi bir davr edi. Barcha sinfdoshlarim o‘qirdi, yomon o‘qiydigan o‘quvchi yo‘q edi. Bu o‘qituvchilarning kuchsizligi bilan bog‘liq emasdi. To‘qqiz yillik butun ta’lim olish jarayonimizda shu davrdagichalik talabchan va haqiqatda ham talabiga yarasha bilimi bor o‘qituvchilar bo‘lmagan, desam menga ishonavering. Shuning uchun ham o‘sha davrda sinfdoshlarimda o‘qishga nisbatan mehr bo‘lgandir balki… Butun sinf eng ko‘p sog‘inadigan, eng ko‘p yaxshi ko‘radigan fan esa algebra va geometriya edi…

Geometriyadan  algebra qiziqroq o‘tardi va shu darsda domlamiz bizga mavzularni oddiygina tort yordamida tushuntirishga harakat qilardi. Biz biror mavzuni tushuna olmasak, tortni tasavvur qilish odatiy ishimizga aylanib qolgandi. Agar juda ham tushuna olmasak, o‘qituvchimiz oxirgi chora sifatida pul misolida tushuntirib berardi mavzuni. Ana unda hech bir qiyinchiliksiz hammaning miyasi mavzuni tezda o‘zlashtirib olardi. Lekin pul misoli kamdan-kam, juda ham kam qo‘llanilgan. O‘zini qiynamasdan pul bilan «ishni bitirishi» mumkin bo‘lsa ham, domlamiz, menimcha, bizni yaxshi ko‘rgani uchun ham imkon qadar mavzularni faqat tort yordamida tushuntirishga harakat qilardi.

Xullas, toshbaqadan ham pastroq tezlikda harakatlanishga intilgan bo‘lsak-da, sarlavhada berilgan savolga javob berish uchun sekin-asta etib keldik. Oltinchi sinfdagi ustozim matematika mavzularini tortga o‘xshatganidan ilhomlanib, men jurnalistikani ovqatga o‘xshatgim keldi shu payt. Ovqatlar ko‘p, shuning uchun bir turini tanlab olamiz. Misol uchun, lag‘mon. Bu taom biz bugun gapirayotgan soha uchun juda mos tushadi. Ayniqsa, “quloqda osilib turish” borasida.

Shunday qilib, biz 5 daqiqada tayyor bo‘ladigan lag‘mon haqida bilamiz. Eng mashhuri «Rollton»  deb ataladi va hatto shu nom  o‘sha yarim-tayyor egulik uchun xos  nomga ham aylanib ketgan. Siz  uni arzimagan vaqt ichida tayyorlaysiz, u issiq bo‘ladi. Lekin u qorin to‘ydirish uchun tanovul qilinmaydi. U qorin to‘yg‘azmaydi. U qorinni to‘ldiradi. Siz uning yordamida faqat och qorningizni ma’lum bir vaqtgacha aldab tura olasiz xolos. Bundan  tashqari, O‘zbekistonda sotiladigan turli xil «rolltonlar»ning ustiga «halol»  deb yozib qo‘ygani bilan, ciz uni rostdan ham halolmi yoki halolmasmi, buni bila olmaysiz, uni qanday sharoitda tayyorlanganini bilmaysiz. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, uning ko‘p shubhali tomonlari bo‘ladi o‘ziga yarasha.

Endi  o‘zingiz yoki usta bir oshpaz  tomonidan tayyorlangan, uyg‘ur yoki cho‘zma lag‘mon haqida gaplashamiz. Siz tayyorlamang, keling, o‘sha kelib chiqishi uyg‘ur bo‘lgan usta oshpazga pishirtiraylik lag‘monni. Biz bu oshpazning doimiy mehmonimiz. U o‘z lag‘monini qanchalik halol va pokiza mahsulotlardan tayyorlanishini bilamiz. U lag‘monni sho‘rvasiga tuz qo‘shayotgan vaqtda mehridan bir chimdim olib qozonga tashlab yuboradi, bundan ham xabardormiz. Yana ham tushuntiribroq aytadigan bo‘lsak, «Kung-Fu Panda» mulьtfilьmidagi Pandaning otasi aytganidek, «uning tomirlarida lag‘mon sho‘rvalari oqayotganini» hamma biladi. Shuning uchun u pishirgan lag‘monni tanovul qilish vaqtida biz rostdan ham maza qilamiz, yana va yana egimiz keladi, lekin eng asosiysi qornimiz to‘yganini his qilamiz. Chunki u rostdan ham qorin to‘yg‘azadigan egulik hisoblanadi.

Jurnalistika, haqiqiy jurnalistika o‘sha uyg‘ur  lag‘moniga o‘xshaydi. Uning  kuchi aldashga emas, bo‘sh joyni to‘ldirishga emas, ongni chindan ham to‘ydirish uchun bemalol yetadi. Siz u jurnalistikadan bahramand bo‘lib, undan va o‘zingizdan qoniqish hissini tuyasiz.

SHARE