Beshikka belanmagan bolalar

Ko‘hna beshik yangi davrda o‘z o‘rnini boy beryaptimi?

Intiqlik bilan kutilgan jajji chaqaloq dunyoga keldi. Xonadon sohiblari eng avvalo yangi mehmon uchun beshik hozirlaydi. Asrlar davomida shakllangan an’ana bu. Xalqimiz beshik eskilik sarqitiga chiqarilgan suronli zamonlarda ham undan voz kechmagan. Ammo shafqat bilmas vaqt ko‘p narsani o‘zgartirishga qodir ekan. Texnologiyalar soat sayin ulkan o‘zgarishlar yasayotgan bugungi davrimizda beshikka tarix mulki sifatida qaraydigan oilalar ham yo‘q emas. Aslida-ku, odamlar orasida beshik haqida qarama-qarshi fikrlar oralagani, tibbiyot mutaxassislari ham bu borada   turlicha nuqtai nazarlar ilgari surayotganiga ko‘p bo‘ldi. Nahotki, ko‘hna beshik o‘z o‘rnini zamonaviy vositalarga bo‘shatib bersa?…

BESHIKDA UZLUKSIZ YoTQIZISh MUMKIN EMAS

Noila Tolipova, Toshkent tibbiyot akademiyasi bolalar kasalliklari kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi:

– Etakchi shifokorlarning fikri bo‘yicha beshik to‘g‘ri ishlatilganda uning salbiy ta’siri yo‘q. Ammo beshikdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida bola sog‘lig‘iga xavf soluvchi holatlar yuzaga keladi. Bolaning uzluksiz beshikda etishi zararli. Negaki, uzoq vaqt beshikda etgan bolaning terisiga yorug‘lik tushishi kamayadi, bu esa D vitamining sintez bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi va raxit kasalligini keltirib chiqaradi. Raxit kasalligida suyakning yumshoqlashib ketishi, uning deformatsiyasi, masalan, qiyshiq o‘sishi kuzatiladi. Bosh miyaning shikastlanishi kasaliga chalingan, o‘qiga o‘ralib yoki chala tug‘ilgan, tug‘ma kasalliklar bilan dunyoga kelgan go‘daklarni ham beshikka yotqizish tavsiya etilmaydi.

Beshikni me’yorida va to‘g‘ri ishlatish kerak. Buning uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya qilgan bo‘lardim:

•    Beshikni qattiq erga emas, yumshoq ko‘rpacha ustiga qo‘yib tebratish kerak.

•    Bola beshikda faqat uxlaydigan paytda yotishi kerak, uyg‘oq mahalda chaqaloqni qo‘lga olib, orqalarini uqalab o‘ynatish lozim. Beshikda kam harakatchanlik bola o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning oldini olish uchun chaqaloq iloji boricha, ayniqsa, kunduz kunlari beshikda kam yotqizilishi va ko‘proq harakatda bo‘lishi ayni muddao.

•    Beshikni oftob nuri va yorug‘lik tushadigan joyga qo‘yish kerak.

•    Go‘dakni beshikda yotgan holda emizish mumkin emas, agar bunga to‘g‘ri kelib qolsa, birlamchi bo‘yin qiyshiqligi kasali yuzaga kelmasligi uchun galma-gal ikki tomondan emizish lozim.
•    Beshik ohista tebratiladi, tez yoki qattiq tebratish mumkin emas.

•    Chaqaloqni bir yoshgacha yoki unda mustaqil yurish qobiliyati shakllanguncha beshikka belash tavsiya etiladi. Agar bola beshikda yotishni istasa yoki nimjon bo‘lsa, bu muddatni biroz uzaytirish mumkin.

•    Beshik sumagini ishlatishdan oldin yog‘ga botirib olish va boshqa gigienik talablarga amal qilish kerak. Aks holda, teri va jinsiy a’zolar kasalliklari yuzaga kelishi hech gap emas.

•    Beshikni sun’iy matodan tikilgan qalin parda bilan yopish man etiladi. Bu bolaning nafas olishiga to‘sqinlik qiladi. Beshik ustiga yopiladigan mato tabiiy bo‘lishi lozim. Pardani vaqti-vaqti bilan ochib shamollatib turish maqsadga muvofiq.

•    Beshikni zinhor isitish uskunalari oldiga qo‘ymang. Beshik tagiga solingan ko‘rpacha yupqa va paxtadan bo‘lishi kerak.

•    Beshik bog‘larini qattiq bog‘lash mumkin emas. Chaqaloqni elka, qorin va oyoq qismidan qattiq bog‘lash ham qon aylanishini buzadi, suyaklarning qiyshiq o‘sishiga sabab bo‘ladi. Bola beshikda harakatlana olmasligi natijasida mushaklari yaxshi rivojlanmay qolishi hamda organizmda modda almashinuvi buzilishi mumkin.

GO‘DAKLIK CHOG‘INI UNUTGAN ODAM

Tohir Malik, O‘zbekiston xalq yozuvchisi:

– Beshik biz uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bir yigit ona qadriga etmas, ona ko‘z yoshlari unga ta’sir etmas ekan. Bir kuni ona beshikni olib, o‘g‘li qarshisiga qo‘yib dedi: “Ey chaqaloqlik paytini unutgan noinsof! Mana bu beshikni ko‘ryapsanmi? Chaqaloq chog‘ingda shu beshikka mixlanib, tungi uyqularni men o‘zimga harom etdim. Beshikda yotganingda yuzingga bitta pashsha qo‘nsa uni quvishga imkoning bo‘lmay yig‘lar eding. Men seni xira pashshalardan asrab, beshigingni tebratar edim. Yig‘idan to‘xtamasang, seni echib olib, bag‘rimga bosardim. Kuch-quvvatimni sening kamoling uchun sarf etdim. Mana endi katta bo‘lib, kuch-quvvatga to‘lding. Chaqaloqlik, bolalik, yoshlik paytlaringni unutib qo‘yding…”

Biz beshiklarni ko‘p ko‘ramiz. Ammo qachondir shu kabi beshikda yotganimizni, onamiz tunlari bedor alla aytib chiqqanlarini o‘ylaymizmi? Agar o‘ylamasak, eslamasak, unda noinsof farzand ekanmiz. U holda uyimiz to‘riga beshik suratini chizdirib, ostiga «Unutma!» degan xitobni yozib qo‘yishimiz lozimdir?

SOVUQDAN HIMOYA BORASIDA UNGA YETADIGANI YO‘Q!

Munavvara Yoqubbekova, “Alla uyi” madaniy-ma’rifiy markazi rahbari, filologiya fanlari doktori:

– Ota-bobolarimizning buyuk kashfiyoti bo‘lmish beshikda serquvvat mikroiqlim mavjud bo‘lib, u go‘dakning har tomonlama sog‘lom o‘sishini ta’minlaydi. “Beshik bolasi – bek bolasi” degan maqolimiz ham bejiz aytilmagan, axir. Beshikning tuzilishini ko‘riboq qoyil qolasiz. Butun dunyoda eng maqbul qurilma deb tan olingan gumbazsimon qubba shakli uning shakli uchun asos qilib olingan. Beshik ichidagi keng muhit bolani belash va echishga qulaylikni hamda bahavolikni ta’minlaydi. Chaqaloqni har xil hasharotlardan, zax va sovuqdan himoya qilishda unga etadigani yo‘q. Yozi issiq, qishi sovuq kechadigan Markaziy Osiyo sharoitida beshiknig bola parvarishida ahamiyati katta bo‘lgan. To‘g‘ri, bugungi kunda beshik ko‘p xonadonlarda o‘z o‘rnini jajji karavotchalar, shinam aravachalarga bo‘shatib beryapti. Tuvak va sumak o‘rniga pamperslar – bir martalik tagliklar bolaning oromiga posbonlik qilyapti. Ammo, menimcha, ko‘pasrlik tarix sinovidan o‘tgan beshik baribir o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.

MIXSIZ YASALGAN KOSHONA

Adhamjon Isoqov, beshikchi usta:

– Beshikchilik necha asrlardan beri oilaviy hunar bo‘lib avlodlarimizga o‘tib kelyapti. Kasbimiz siri – yog‘ochga yaxshi ishlov berishda. Beshiklar qurt tushmaydigan tut daraxtidan, ba’zida o‘rik, yong‘oq daraxtidan, egmasi va sumagi esa ko‘pincha yumshoqroq tol daraxtidan yasaladi. Ustalar beshik yasash uchun daraxtni ixlos va yaxshi niyat bilan izlaydi. O‘tmishda yashagan mohir ustalar umuman mixdan foydalanmagan. Beshikka bezak berishda bo‘yoqlarning tabiiyligiga e’tibor berish kerak. Ana shunda hidi chiqmaydi. Ayol kishi vaqti bemahal bolasi bilan beshikni ko‘tarishiga to‘g‘ri keladi. Shularni o‘ylab, beshik ixcham va engil bo‘lgani ma’qul. Menimcha, ulug‘ allomalar tarbiya topgan beshik qadr-qimmatini aslo boy bermaydi.

BESHIKNING QANDAY AFZALLIKLARI BOR?

1.    Usti yopiq bo‘lgani uchun chaqaloq uxlayotganda turli xil hasharotlar bezovta qilmaydi.

2.    Beshikda yotganda bolaning tagi quruq, toza turadi, shuning uchun ham bola xotirjam uxlaydi.

3.    Chaqaloq qo‘lga o‘rganib qolmaydi. Bola ko‘p ko‘tarib yurilsa, keyinchalik ham mana shunday e’tibor talab qiladi.

4.    Beshikning rangli bezaklariga qarab tinchlanadi, rang ajratishni o‘rganadi.

5.    Beshikning bir maromda tebranishiga ona allasining hamohangligi bolaga yaxshi ta’sir etadi, uning osuda uxlashini, ruhan va jismonan sog‘lom rivojlanishini ta’minlaydi.

6.    Beshikda yotgan bolaning umurtqa suyaklari tekis o‘sadi.

7.    Chaqaloq yotganda yuztuban o‘girilib qolmaydi. Qo‘li bilan yuz-ko‘zini tilib, jarohatlamaydi, barmog‘ini og‘ziga solib so‘rmaydi.

8.    Beshik harorat mo‘’tadilligini saqlaydi, chaqaloqning isib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

9.    Pampersga ketadigan xarajat tejaladi.

BESHIK KIMLARGA TAVSIYA ETILMAYDI?

Nurulloh Sodiqov, bolalar jarrohi:

– Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi (noto‘g‘ri o‘sish) bilan tug‘ilgan go‘daklarni beshikka belamaslik kerak. Sababi, ularning oyoqlari biriktirilmagan holda, ochiq turishini tavsiya etishadi. Bolada bunday tug‘ma kasallik bor-yo‘qligini bilish uchun ortoped ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Tug‘ma yurak porogi bo‘lgan bolalarda ba’zan nafas olishi qiyinlashishi kuzatiladi. Shuning uchun ularga ham beshik tavsiya etilmaydi. Ko‘pincha katta vazndagi chaqaloqlar tug‘ilish jarayonida bosh suyagi deformatsiyalanadi. Natijada, bosh suyagida qon bosimi baland bo‘ladi. Bezovtalanish va injiqlik shu kasallik bilan og‘ringan bolalarga xos. Ular beshikka belansa, juda ohista tebratish lozim.

ESDA TUTING!

•    Bolaning chaqaloqlik davrida (chilla davri) mushaklar tonusi yuqori bo‘lganligi sababli beshikka yotqizish uchun uning qo‘l-oyoqlari majburiy to‘g‘rilanadi va oqibatda bola toliqadi va fiziologik holati buziladi. Aslida,  bola 2-3 oydan so‘ng beshikka yotqizilishi kerak.

•    Beshikka bog‘lashda bolaning oyoq-qo‘llari yarim bukilgan holatda bo‘lishi lozim. Agar tanasi to‘g‘ri qilib bog‘lansa, qon aylanishi buziladi va o‘sishda nuqsonlar kelib chiqadi. Bolaning bosh qismi baland yoki past bo‘lmasligiga e’tibor qaratish kerak.

•    Beshikda bolani uzoq vaqt saqlash, terlaganda beshikdan echib olish va ho‘l kiyimini alishtirmaslik shamollashga olib keladi.

•    Beshikda yotgan bola emizilganda, og‘zidan sut qaytib kelishi va quloq nayi orqali o‘rta quloqqa tushib yallig‘lanishi ro‘y beradi. Shuning uchun shifokorlar bolani beshikka yotqizishdan oldin emizishni tavsiya etishadi.

•    Beshikda turgan xonani muntazam ravishda shamollatib turish kerak, chunki yangi tug‘ilgan chaqaloq kislorodga katta odamlarga nisbatan ko‘proq ehtiyoj sezadi. Xona namligini normal saqlash uchun biror idishda suv bo‘lishi zarur.

IQTIBOS

“Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun unga ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri  bolani sekin-asta tebratish, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat bo‘lgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qo‘llash miqdoriga qarab, bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil bo‘ladi”.

Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobidan

DALIL

Beshik haqida XI asrda Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida eslab o‘tilgan. XV asrga xos miniatyuralarda ham beshik tasvirini ko‘rish mumkin.

MA’LUMOT

Beshik – chaqaloqni belab va tebratib uxlatish uchun mo‘ljallangan yo‘rg‘a oyoqli maxsus moslama. Uzunligi 1-1,05 m, balandligi 50 sm-60 sm.

Govrapo‘sh – beshik yopinchig‘i, uch xil mavsum uchun moslashgan bo‘ladi: duxoba (qish), ipakli yoki surp (kuz, bahor) va doka (yoz).

Qovuz – tariq, sholi, suli yoki bug‘doy po‘stlog‘idan tayyorlanadigan maxsus ko‘rpacha.

Abdul Cobir tayyorladi .

SHARE