Jin, sehr va folbinlar haqida

Insonni adashtiruvchi kofir jin uch holatda odamning ichiga kirib olishi mumkin ekan:

1. Gunohi kabira qilayotganda.
2. Qattiq xafa bo‘lganda.
3. Qattiq xursand bo‘lganda.

Gunohi kabira qilayotgan paytda kirib olgan kofir jin insonni o‘sha gunoh bilan butkul zalolatga uchratishni reja qiladi. Inson o‘zini bu gunohdan saqlashga urinsa-da,  jin vasavasa qilib, o‘sha gunohi kabirani qildiraveradi.

Inson qattiq xafa bo‘lganda, taqdirdan malomat qilib, Allohni esdan chiqaradi. Qattiq xursand bo‘lganda ham Allohni unutadi. Shu holatda insonga jin kirib olishi mumkin.

Jinning vasvasalaridan qutulish uchun Qur’on o‘qib uni chiqarib yuborish o‘rniga, odamlar darhol folbinga yuguradilar. Folbinning ham ichida jin borligi uchun, bemorning ichidagi jin bilan muloqot qiladi. Kofir jin esa insonni zalolat botqog‘iga yana-da cho‘ktirish maqsadida, uning nomiga qurbonlik so‘ysa, o‘sha odamdan chiqishini aytadi. Folbin esa jinning talabi bitta tovuq yoki qo‘yni qurbon qilish ekanini etkazadi. So‘ng inson jinning nomini aytib qurbonlik qiladi. Tanasidan jin chiqib ketganidan engillab, folbinga ixlosi oshadi. Bu bilan u ikkita  gunohi kabira qilib, iymonidan ajraladi: birinchidan, folbinni tasdiqlagani uchun, ikkinchidan Allohdan o‘zgaga atab qurbonlik so‘ygani uchun.

Jin esa bundan so‘ng ham tinch turmaydi. Folbinga borib, o‘sha odamni o‘ziga yana bog‘lab berishini talab qiladi. Ixlosi tushgan “bemor”ga folchi “shu vazifani olmasangiz bo‘lmaydi”, deb uqtiradi. Natijada yana yangi folbin paydo bo‘ladi.

HALOL SEHR NIMA?

Vahid Abdussalom aytadi:
“Ey singlim!
Sen eringni o‘zingga isitaman, deb harom folchilarga bording-a… Iymondan ajrading-a… Allohning rasuli qaytargan harom joyga halol pullaringni sarflading-a…
Menga quloq solgin-a, senga halol sehrni o‘rgatay:

Ering seni, farzandlaringni boqaman deb ko‘chada ishlab, horib uyga kelganda ro‘parasida kulib turgan, eri uchun go‘zal kiyimlarini kiygan xushsurat, xushmuomala ayolini ko‘rishni xohlamaydimi? Sen esa bironta marosim bo‘lsa birovlar uchun go‘zal kiyimlarni kiyib, atir-upalar bilan o‘zingga oro berasan-u, shularni senga olib bergan ering ishdan kelganda esa dog‘lanmagan yog‘ hidi ufurib turgan yamoq kiyim bilan uni kutib olasan. Unga yaxshi keldingizmi, deya ko‘ngil so‘rash o‘rniga, kundalik g‘alvalaringni gapirasan. Shunday qilishga qilasan-u, keyin folchi qidirib yurasan. Sen uning uchun pardozlanishing va unga go‘zal muomala qilishing sehrning halolidir. Sen yana bunda Allohning rizoligini ham topasan.”

QALAM NEGA YOZMADI?

1500 ga yaqin kitob yozgan hindistonlik buyuk olim Ashraf Ali Tahonaviy “Bayonul Qur’on” deb nomlangan tafsirni yozayotgan paytlari ayollari u kishiga ish buyuribdi: “qafasdagi qushga donini berib, so‘ng madrasaga keting”. (Shunday buyuk zotlarga ham ayollari ish buyurarkan)
Hazrat “Bayonul-Qur’on”ning xayolida ayollarining gapini esdan chiqarib, madrasaga ketaveribdilar.

Shu zotning shogirdlaridan Shafe’ Usmoniy aytadi:

“Agar bir odamning 1500 ta kitob yozishiga kimki shubha qiladigan bo‘lsa, unga ikki gunohkor ko‘zim bilan ko‘rganimni aytib beray: “Men Tahonaviyning qalamini qo‘li tegmagan holda kitobning ustida aylanib yozayotganini ko‘rganman”.

O‘sha kuni tafsirni davom erttirmoqchi bo‘lgan olimning qalami qimirlamabdi. Xarchand urinib, uni yurgizishga harakat qilmasin, qalam turgan joyida turaveribdi. Shunda Yaratganga “Yo, Allohim, men har doim yozishga o‘tirganimda qalam o‘zi yozishni boshlardi, mendan nima gunoh sodir bo‘ldiki, bugun qalamim yozmayapti” deb nola qilibdilar. Shunda qush esga tushib, qalamni tashlagancha, uyga yugurib ketibdilar.

Uyga borib, qushga don berib kelganlaridan so‘nggina qalam qimirlagan ekan. Qalam yozishni boshlagan joy esa “Niso” surasidagi “Ayollaringiz bilan yaxshi muomalada bo‘linglar!” degan oyat ekan.

GO‘ZAL HIYLA

Angliyalik mustamlakachilar Hindiston musulmonlarini qatag‘on qilarkan, minglab qori va olimlarning boshini olgan ekan. Musulmon  rahbarlaridan, buyuk olim, “Hujjatul Islom” Qosimun Nonutviyni ham hibsga olish uchun kelganlarida  u zot Masjidi Chattada baytullohni supurib yurgan ekan. Buyuk olimning juldur kiyimlarda masjid supurayotganini ko‘rgan askarlar, u kishidan “Qosim qaerda?” deb so‘rashibdi.

Qosimun Nonutviy hikoya qiladilar:

“Men umrimda yolg‘on gapirgan emasman. O‘limga ro‘para kelib turgan vaqtimda ham yolg‘on gapirmadim. Ular mendan “Qosim qaerda?” deb o‘zimni so‘rashdi. Shunda men bildirmay, biroz orqaga tisarilib: “Bir pas oldin shu erda edi” – dedim. Shunda ular Qosim shu atrofda bo‘lsa kerak, deb tarqalishganda men ham qochib ketishga ulgurganman”.

QALB MAMLAKATI

Ashraf Ali Tahonaviy aytadilar:

“Dunyoning eng buyuk podshosi biron mamlakatga bostirib kirsa, avval o‘sha davlatning eng kiborlarini xor qilib tashlaydi.

Qalb ham juda keng bir mamlakat. Uning ham ichida Kibr, Baxillik, Harislik, Yomon gumon degan iflos kiborlari bor.

Shu mamlakatga shohlarning Shohi kirib kelsa bormi, ularning hammasi yuvilib ketadi.
Bas, qalbni ziynatlantirish uchun ko‘p zikr qiling”.

UCH DIRHAMLIK JANNAT SAVDOSI

Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud dengizning qirg‘og‘ida o‘tirsalar, uzoqdagi kemada ovozi baland insonning aksa urganini, so‘ng “Alhamdulillah” deganini eshitibdilar.

“Alhamdulillah” deyilgandan keyin “Yarhamukalloh” deyish vojib. Abu Dovud “Yarhamukalloh” demoqchi bo‘lsalar, u odam eshitmaydi. Chunki hazratning ovozlari baland emas, aksa urgan odam esa uzoqda. “Alhamdulillah”ni eshitgan odamga “Yarhamukalloh” deyish vojib bo‘lishi uchun ular bir joyda turgan bo‘lishlari kerak.

Shunda Imom Abu Dovud bir qayiqni 3 dirhamga kira qilib, kemaga borib, haligi aksa urgan odamga “Yarhamukalloh” deb qaytgan ekanlar.

Abu Dovud aytadilar: “Shunda qulog‘imga bir nido eshitildi: Ey Abu Dovud, uch dirhamga jannatni sotib olding.”

OLIMNI MOT QILGAN “AJNABIY”

Muhammad Taqiy Usmoniy hikoya qiladi:

“Bir kuni xonamda o‘tirsam sochlari va kiyinishi butkul g‘arbona bo‘lgan bir yigit oldimga kirdi. Unda iymonning miltirab turgan chirog‘i ham ko‘rinmasdi. Yigit savol berdi:

— Hazrat, mening ishim katta bank sohasida hisob-kitobdan iborat. Men buni Angliyada o‘qib o‘rganganman. Shu ishning mohiyatini bilasizmi?

— Bilaman, Hindistonda men bilgan 3 ta shu sohaning zabardasti bo‘lsa, to‘rtinchisi sen ekansan.”

— Mening daromadim shahar hokiminikidan ham ko‘pligini bilasizmi?

— Bilaman.

— Shu ishimda xotirjam ishlab yurgandim. Bir odam menga bu ishdan keladigan daromad harom dedi. Shunga avval sizdan anig‘ini so‘rab bilib olayin, deb keldim. Bu ishim haqida nima deysiz?

— Sening ishingda ikkita harom amal bor: qimor va sudxo‘rlik. Lekin, bir odam haromdan pul topyapti. Bilgan hunari shu. Vaqtiki, bu ishning haromligini bilgach, unga boshqa ish topish farz bo‘ladi. Boshqa halol ishni esa xuddi ochdan o‘layotgan kishi egulik izlagandek izlaydi. Lekin o‘sha ishni topilguncha harom ishini tashlamay turadi. Toki shayton senga halol ishni qidirib och qolding, degan vasvasani solmasin. Bu ulug‘larning gapidir.

— Hazrat, men sizdan qanday ish topish kerakligini so‘ramadim. Bu ishim halolmi harommi? Birgina so‘zni so‘radim.

— Ishing haromdir.

— Buni kim harom qilgan? Sizmi yo xudomi?

— Alloh harom qilgan.

— Alloh harom qilgan bo‘lsa, avval halolning eshigini ochib, so‘ng harom qiladi. Va’da beramanki, o‘lgunimga qadar eski ishimga qaytmayman.

Mening ko‘zimni ochgan edi bu voqea. Bir odam “La ilaha illalloh, Muhammadur Rosululloh” dedimi, surati qandayligidan qat’i nazar bizning ehtiromimizga loyiq ekan. Mening dastlabki gumonim qanday ediyu, uning ancha-muncha olimga xos bo‘lmagan tavakkuli qanday edi!  Shu yigit hozir Amerikaning eng boy musulmonlaridan…”

Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida  AbdulAziz tayyorladi.

SHARE