Bu yil O’zbekistondan 5000 kishi Hajga boradi

8-oktabr kuni Kinochilar uyida Muborak Haj safariga boruvchi fuqarolar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi vazifasini bajaruvchi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari A.Yunusov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari N.Baxtiyorov ishtirok etgan ushbu uchrashuvda Haj ibodatlarini to‘la-to‘kis ado etish, bu boradagi tartib-qoidalar, an’ana va ruknlar, shuningdek, safar talablari xususida tushuntirish berildi. Shuningdek, Saudiya Arabistoniga borgandagi holatlar, samolot va yuklar bilan bog’liq masalalar, tashikiliy ishlar haqida tushuntirildi. Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarning savollariga javoblar berildi.

Bu yil yurtimizdan 5000 ga yaqin fuqarolarimiz Muborak Haj safariga otlanadilar. Ular uchun qulay shart-sharoit yaratish, ziyoratchilar salomatligini muhofaza qilish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muborak safarga ketayotgan yurtdoshlarimizga yo’llari bexatar, Hajlari qabul bo’lishini tilaymiz!

SHARE