Axborot urushi: Uni kim boshqaradi

Abu MUSLIM

«Nima uchun qadimiy Karfagen o‘rnida joylashgan Tunisda bo‘layotgan voqealar Troya voqealariga bu qadar o‘xshash? Britaniya razvedkasining (MI-6) agenti janob Assanjning sayti Troya oti kabi internet va boshqa global telekanallarga «kerakli» ma’lumotlarni yetkazib turibdi. Shuncha vaqt o‘tsa hamki, axborot urushlari mazmun jihatidan o‘zgargani yo‘q».

Professor Igor Panarin o‘z maqolasida keltirib o‘tgan tarixiy o‘xshashliklar biz musulmonlarni so‘nggi kunlarda arab o‘lkalarida va umuman dunyo miqyosida bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida fikrlashga undashi kerak. Ayniqsa, Vatanimizga tegishli hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Chunki Vatanimiz musulmonlari ham, biz buni istaymizmi yo‘qmi, allaqachon axborot urushining ob‘yektiga aylangan. Ko‘pchilik bu axborot urushiga «uchinchi jahon urushi» deb ta‘rif bermoqda.

Rossiyalik yetakchi mutaxassislar yozishicha, axborot urushi (information war) – strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun raqibning axborot maydoniga informatsion ta’sir ko‘rsatish harakatidir.

Axborot urushi «targ‘ibot» (propaganda) atamasiga bevosita bog‘liq. «Targ‘ibot» atamasini Rim Papasi 1622-yili, katoliklar va protestantlar o‘rtasidagi o‘ttiz yillik urushda ilk bor qo‘llagan. Papa mag‘lub bo‘layotgan katoliklarning jangovor ruhini ko‘tarish maqsadida maxsus kongregatsiya – iymon targ‘iboti bo‘limini ishga tushirgan.

1622-yildan birinchi Jahon urushigacha targ‘ibot atamasi diniy ma’noda qo‘llanilgan. Dushman qo‘shinlari va kuchlariga ta’sir qilish uchun maxsus bo‘linmalar ilk bor ana shu urushlar davomida paydo bo‘ldi.

«Axborot urushi» atamasi ilk bor 1967-yili tilga olingan bo‘lib, bu iboraning muallifi sobiq Sovet ittifoqiga qarshi boshlangan axborot urushining asoschilaridan biri Allen Dallesdir. 1985-yili axborot urushi atamasi Xitoyda ham qo‘llangan.

1992-yili AQSh harbiy qo‘mondonligi Fors ko‘rfazida amalga oshirilgan «Sahrodagi bo‘ron» amaliyoti uchun «Axborot urushi» deb nomlagan alohida hujjat ham ishlab chiqqan.
«Axborot urushi» atamasi 1995-yilda Rossiyada ham paydo bo‘ldi.

Axborot urushi – raqib sanalgan mamlakat rahbariyatiga, uning jamoatchilik yoki diniy tashkilotlariga va ular qabul qiladigan qarorlarga ta’sir ko‘rsatish, ijtimoiy fikr va jamoatchilik ongini o‘ziga kerakli yo‘nalishda shakllantirishga urinishdir. Ta’sir qilishning asosiy dastaklari – kitoblar, kinofilmlar, televideniye, internet, OAV nashrlari.

Axborot urushining muhim jihati – raqibning rahbariga psixologik bosim o‘tkazib, uni «kerakli» qarorlarni qabul qilishga majbur qila bilishdir. Misol uchun, kerakli laqablar o‘ylab topiladi (kofir, tog‘ut, munofiq, vahhobiy va hokazo), turli xil dezinformatsiya, ya’ni haqiqatdan yiroq axborotlar tarqatiladi. Yolg‘on maqsadlar sari yo‘nalishga majbur qiluvchi xatti-harakatlar va vahima uyg‘otuvchi uslublar qo‘llaniladi.

Axborot ta’siri – dalillarni (faktlarni) buzib ko‘rsatish yoki raqibning tabiiy idrok qilish qobiliyatini so‘ndirish, uning fikrini his-tuyg‘ular (emotsiyalar), kuchli hissiyotlar ta’sirida ushlab turish, ya’ni “jahl chiqsa, aql ketadi” degan holatga olib kelish.

Misol uchun, G‘arb ommaviy axborot vositalari (OAV) va «Al-Jazira» telekanalining Qaddofiy samolyotlari «tinch» namoyishchilarni «bombardimon qilgani» oqibatida Liviya ko‘chalarida yuzlab o‘liklar yotgani, begunoh xalq ayovsiz qirilayotgani haqidagi axborotlardan so‘ng BMT maxsus rezolyutsiya qabul qilishga «majbur» bo‘ldi. Haqiqatdan yiroq bu axborotlar ta’siri ostida NATO Liviyani bombardimon qilishi va yaqin kelajakda bu mamlakat Afg‘oniston va Iroq kabi bosib olinishi mumkin bo‘lib qoldi…

Axborot hujumlari hatto musulmon olamining mashhur va nufuzli olimi Yusuf Qarzoviyni ham chetlab o‘tmadi. Shayx Qarzoviy ham yolg‘on axborot (dezinformatsiya)  qurboniga aylanib, Qaddofiyning hokimiyatda qolishiga qarshi fatvo berib yubordi. Ba’zi imomlar esa Qaddofiyni Allohning va dinning dushmani deb, unga takfir e’lon qilishdi.

Ehtimol, u yomon siyosatchi bo‘lgandir, biroq u Afrika qit’asidagi ko‘plab qabilalarning Islomga kelishiga sababchi bo‘lgan, dunyodagi ko‘plab musulmonlarga homiylik qilib turadigan, namozxon kishi edi.

Vaholanki, Liviyada yashayotganlar telefon orqali hech qanday bombardimonlar bo‘lmaganini, o‘liklar ham yo‘qligini, bolalar maktablariga, kattalar esa ishlariga borib kelayotganini aytib turdilar. Haqiqiy bombardimonlar esa BMT qabul qilgan rezolyutsiyadan keyin, G‘arb koalitsiyasi tomonidan amalga oshirildi.

Bu elektron OAVlaridagi yolg‘on va soxta axborotning (dezinformatsiya) yopirilishi va uning oqibatiga bir misoldir.

Yuqorida aytilganlarga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, axborot ta’siri kutilgan natijani berishi uchun zarur paytda yolg‘on xabar tarqatish (dezinformatsiya) bosimini kuchaytirib, axborot jang maydonini (poligonini) yolg‘on ma’lumotga to‘ldirib yuborish, zarur paytlarda esa axborot bo‘shlig‘ini (vakuum), ya’ni axborot olish juda muhim bo‘lgan vaqtda axborot bermay «axborot ochligini» tashkil qilish kabi usullardan foydalanish mumkin.

Axborot urushlari turli xil aloqa (kommunikatsiya) vositalari yordamida amalga oshiriladi. Vositalar navi (assortimenti) juda boy bo‘lib, unga mashhur OAVlardan boshlab mish-mishlar, g‘iybatlar va hatto latifalargacha (anekdot) kiritish mumkin.

Kechagi axborot urushlari bugungisidan batamom farq qiladi. Yangi zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanib ketishi, sun’iy yo‘ldosh televideniyelar, internet tarmoqlar boshqalar uchun yopiq bo‘lgan ma’lum hudud, ya’ni lokal konfliktlarning zudlik bilan tarqalishi ularga olamshumul ahamiyat berilishiga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda Xitoyda 500 million, Rossiyada esa 50 millionga yaqin internetdan foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tgan. Endilikda ijobiy yoki salbiy mazmundagi axborotlarning global tarmoqqa chiqishi uchun bir soniya kifoya. Bu axborotlarning nafaqat milliy manfaatlar, xavfsizlik va mamlakat suverenitetiga, balki shu mamlakatda yashayotgan musulmonlarga ham aloqasi bor. «Islomiy omil» esa bugungi kun axborot urushida yetakchi o‘rinni egallab oldi.

Axborot urushini oddiy reklamadan farqlaydigan jiddiy belgi shuki, bunda asosiy maqsad qarshi tarafga nisbatan uning maqsadi va unga yetishish vositalaridan to‘liq foydalanishiga to‘sqinlik qilish, chalg‘itishdir.

1945-yili Markaziy Razvedka boshqarmasi xodimi (keyinchalik MRB direktori) Allan Dalles Kongressda AQShning Sovet ittifoqiga qarshi kurash strategiyasini quyidagicha bayon qilgan:

«Biz nimaga ega bo‘lsak, ya’ni hamma oltinlarimiz, moddiy boyliklarimizning barchasini ularni laqillatish va aldash uchun sarf qilamiz! Inson ongi, insonlarning fikrlashi o‘zgarib turishga moyil. Alg‘ov-dalg‘ovlik bilan ularning qadriyatlarini soxta narsalarga almashtirib, shu soxta narsalarni qadriyat sifatida qabul qilishga majbur qilamiz. Qanday qilib deysizmi? Biz fikrdosh va ittifoqchilarimizni Rossiyaning o‘zidan topib olamiz.
Bosqichma-bosqich katta miqyoslarda bo‘yin sunmas xalqning tarix sahnasidan o‘chishi fojiasini amalga oshiramiz. Ularning onglari o‘chib boradi. Adabiyot va san’ati yo‘qotiladi…

Adabiyot, teatr va kinolari faqat eng tuban insoniy tuyg‘ularni maqtab, ularni «chiroyli» qilib ko‘rsatib boradi. Biz fahsh, zo‘ravonlik, xoinlik va umuman olganda har qanday axloqsizlikka topinishni («kult») madh etayotgan va ularning ommalashuviga sabab bo‘layotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Mamlakatni boshqarishda chalkashlikni ko‘paytirib tashlaymiz.
Biz kishi bilmas, ammo o‘ta faol darajada amaldorlar orasida poraxo‘rlikni, qat’iyatsizlik (printsipsizlik) va o‘zboshimchalikni rivojlantiramiz. Rasmiyatchilik va qog‘ozbozlikni «fazilat» darajasiga ko‘taramiz.

Insof va vijdon o‘tmishda qoladi, ularga sohib kimsalar kulgi ostiga olinadi.

Surbetlik va bezbet bo‘lish, yolg‘on va aldamchilik, ichkilikbozlik va giyohvandlik, hayvoniy qo‘rqish hissi va uyatsizlik, xoinlik, millatchilik, rus xalqiga nisbatan nafrat va dushmanlikni targ‘ib qilishimiz gurkirab rivojlanadi.

Buni ulardan juda ozchilik payqab qolishi, anglab-tushunishi mumkin. Ammo biz bunday kimsalarni kulgiga qoldiramiz, ularga nisbatan yolg‘on ishlatib, jamiyatda ularning yuzlarini qora qilish, obro‘sizlantirish yo‘llarini albatta topamiz.

Biz shu usulni bir necha avlodga qo‘llaymiz. Biz ularni bolalik chog‘laridan boshlab, keyin esa yigitlik vaqtlaridan buzishga harakat qilamiz, fahsh yo‘llarini ochib beramiz. Biz ularni surbetlarga, yaramaslarga aylantiramiz. Ana shunday qilamiz».

Ularning rejasi amalga oshib, muvaffaqiyat qozondi. G‘arbga qarshi turgan sotsialistik «qo‘rg‘on» yo‘q qilindi.

Endi esa G‘arb farovonligining asosi hisoblangan sudxo‘rlikka qarshi markscha-lenincha utopik nazariyalar bilan emas, balki diniy pozitsiyalarga asoslangan va ijtimoiy adolatni doim targ‘ib qiladigan Islom dunyosining navbati kelganga o‘xshaydi.

Demak, mafkuraviy yolg‘on axborot tarqatish – dezinformatsiyaning bosh maqsadi – raqib tarafidagi insonlarning ongidagi asl ma’noni buzib ko‘rsatish, keraksiz narsalarga urg‘u berish, asl sabab va mohiyatlarni yashirish, axloqiy me’yorlarni buzib, ruhiy fitnalarga duchor qilish va ijtimoiy beqarorlikni vujudga keltirish ekan.

90-yillarning boshida Vyetnamdagi partizanlarga qarshi axborot urushi bo‘yicha mutaxassis amerikalik Semyuel Xantington o‘ylab topgan va go‘yoki «sivilizatsiyalar to‘qnashuvi» bo‘layotgani haqidagi mafkuraviy dezinformatsiya jamoatchilik ongiga singdirildi.

Xantington rejasini yaxshiroq tushunish uchun undan oldin o‘tgan Allan Dallesning Sovet ittifoqiga qarshi doktrinasiga murojaat qilish kerak. Chunki hech kimga sir emas, endi «kommunistik xavf» tushunchasi o‘rniga «Islom xavfi» merosxo‘r bo‘lib keldi.

Dallas dokladidagi Sovet ittifoqiga bog‘liq ba’zi joylar o‘rniga musulmonlarning voqeligidagi narsalar bilan almashtirilsa, Xantington rejasi o‘zining barcha «go‘zalligida» namoyon bo‘ladi!

Ammo Xantington «ola-bula» qilib, aniqrog‘i qog‘ozga o‘rab, asosiy maqsadlarni ustalik bilan yashirmoqda, G‘arbning «jangovar fili» sifatida yolg‘ondan G‘arb nasroniyligini Islom bilan to‘qnashadigan qilib ko‘rsatmoqda.
Aslida esa Xantingtonning “troyan oti”da nasroniylar va musulmonlar to‘qnashuvi emas, balki Yangi G‘arb nasroniy dunyosi bilan Islom dunyosining to‘qnashuvi haqidagi fikr yotibdi.

G‘arb dunyosi butun demokratiya, erkinliklar, farovon hayot, barqarorlik va taraqqiyotning barcha sohalarini o‘zida mujassam etgan. Islom dunyosi esa go‘yoki buning aksi.

Shunga binoan, bu rejada ommaviy axborot vositalarida Islom o‘rta asr tajovuzkorligi, vahshiy (varvar) din ekanligi, o‘zga din vakillari, ularning madaniyat va qadriyatlariga toqatsizligi va har qanday dunyoviy boshqaruvga qarshi qilib ko‘rsatilishi kerak.

Dunyo jamoatchiligi nazdida Islom parokandachi (destabilizator), buzg‘unchi omil sifatida namoyon bo‘lib, qashshoqlik, diniy va etnik tartibsizliklar, isyonlar va inqiloblar manbasi sifatida ko‘rsatilishi shart.

Islomning bunday andozasi ingliz protestantlari, ya’ni «toza din» fidoyilari («puritanlar») tomonidan  o‘n sakkizinchi asrda Arab yarim orolida muvaffaqiyatli ishga tushirilgan.

Tushunarliki, bu oqim (sekta) darhol bid’atda ayblanib ketmasligi uchun arablarning millatchilik asosida turklardan ozod bo‘lish harakatini (panarabizm), takfirni keng qo‘llaydigan xavorijlar oqimining usulini va bir narsaning javhariga, mohiyatiga va asl ma’nolariga e’tibor bermay, sirtiga yuzaki qarab hukm chiqaradigan zohiriylar ta’limotini aralashtirib yuborishdi.
Shubhasizki, bu oqim Britaniya, keyin esa AQSh himoyasida bo‘lmaganida xalifalar ularni hech qanday muammosiz yanchib tashlagan bo‘lar edi (bu gap boshqa marginal oqimlarga ham tegishli).

Gegemon (yo‘lboshchi) uchun bunga o‘xshash oqimlar faqat buzg‘unchi (destruktiv) amaliyotlarlar va kerakli mamlakatlarda kerakli vaqtda amalga oshiriladigan “to‘qnashuv va tartibsizliklar” emas, balki Islomni qora rangda ko‘rsatish uchun ham kerak.

Arab diyorlaridagi hech qanday «demokratiya» mavjud bo‘lmagan qator mustabid (despot)  rejimlarning «Shimoliy Atlantika demokratlari» tomonidan qo‘llab-quvvatlanib turishi ham faqat neft uchun emas, balki tinch «etnik-ekzotik» shaklda bo‘lsa-da, baribir Islomni «o‘rta asr» imidjida ko‘rsatish uchun ham kerak.

Ingliz tilida gaplashuvchi janoblar neftga boy shayxlar bilan faqat neftdan tushgan foydani baham ko‘rgandagina ular bilan do‘st bo‘lishga tayyor turadilar va birgalikda viskilardan urib, Gavana tamakisini tutunlari orasidan arab tulporlarining chopishini rohatlanib tomosha qiladilar.

Bu sun’iy rejimlar «mujohidlar»ning tezkor (mobil) guruhlariga «homiylik» qiladilar. Bu guruhlar MRBning buyrug‘iga ko‘ra turli xil vazifalarni amalga oshiradi. Misol uchun AQSh prezidentining reytingini ko‘tarish uchun aytilgan va kerakli joylarni beqaror mintaqa qilib beradilar.

Dunyoning istalgan burchagida istalgan qabohatni uyushtirib, shu oqimga «yozib» qo‘yaveradilar. «…Mana Amerika demokratiyasi kurashib kelayotgan Islomning haqiqiy agressiv ko‘rinishi», deb jar ham soladilar…

Dalles aytmoqchi, ular shunday qildilar va qilmoqdalar.

Oqibatda ular qimorboz ingliz jentlmenlari o‘ynaydigan va sohibining istagiga ko‘ra turli xil ko‘rinishga ega bo‘la oladigan «joker»ga aylanadilar. Bu karta ularning  siyosiy «taxlami»da «dushman basharasi»ni anglatib, uning o‘rniga har qanday yuzni kompyuter yordamida joylashtirish mumkin.

Bugun shu masxaraboz-jokerning qizil yulduzli «budyonovka» qalpog‘ini echib, o‘rniga sallalik kimsaning rasmini joylashtirib qo‘ydilar.

Kimdir aytishi mumkinki, bularning hammasini kofilar o‘ylab topgan, buning Islomga aloqasi yo‘q!

Yo‘q, yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vassalom sunnatlarda ularga o‘xshaganlarning ta’rifini topsa bo‘ladi:

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ali ibn Abu Tolib Yamandan Rasululloh sollallohu alayhi vassalomga tuprog‘idan tozalanmagan yombi tilloni qarz ila oshlangan teriga solib yubordi. Bas, u zot uni to‘rt kishi – Uyayna ibn Badr, al-Aqra’ ibn Hobis, Zayd al-Xoyl va Alqama ibn Ulosa orasida taqsimladilar. Shunda u zotning sahobalaridan bir kishi «Ulardan ko‘ra bunga biz haqli edik», dedi.

Bas, bu Nabiy sollallohu alayhi vassalomga etdi va: «Menga ishonmaysizlarmi?! Holbuki, men osmondagi zotning ishonchlisiman. Menga ertayu kech osmonning xabari kelib turadi», dedilar.

Shunda ko‘zlari ichiga kirgan, ikki yanog‘i bo‘rtib chiqqan, do‘ngpeshona, sersoqol, taqirbosh va ishtonini shimarib olgan bir kishi o‘rnidan turib: «Ey Allohning Rasuli! Allohdan qo‘rqing!» dedi.

«Sho‘ring qursin! Men er ahlining Allohdan qo‘rqishga eng haqlisi emasmanmi?!» dedilar.

So‘ngra haligi kishi ortiga qaytib ketdi. Shunda Xolid ibn Valid:

«Ey Allohning rasuli Uning bo‘yniga zarba beraymi?» dedi.

«Yo‘q. Ehtimol, u namoz o‘qir», dedilar.

«Qanchadan qancha namozxon tili bilan dilida yo‘q narsani aytadi», dedi Xolid.
Shunda Rasululloh alayhissalom:

«Albatta, men odamlarning qalbini teshib ko‘rishga ham, qorinlarini yorib ko‘rishga ham amr qilinmaganman», dedilar.

So‘ngra u zot ketib borayotgan haligi kishining ortidan nazar solib turib:
«Mana shuning jinsidan bo‘lgan bir qavmlar chiqadi. Ular Allohning kitobini ko‘p tilovat qiladilar. Ammo u ularning bo‘g‘izlaridan nariga o‘tmaydi. Ular dindan xuddi o‘q kamondan chiqqandek chiqadilar. Agar ularni topsam, albatta, Samud qavmidek qatl qilardim», dedilar».

Ushbu hadisning boshqa rivoyatida esa yana boshqa muhim joy bor: “Sizlardan biringiz ularning namozi oldida o‘zining namozini, ro‘zasi oldida o‘zining ro‘zasini haqir sanaydi….

Ular ahli butlarni qo‘yib, ahli Islomni qatl qiladilar».

Qaysidir musulmon agar men bunday musulmonni tanimayman, men unday odamlarni ko‘rgan emasman desa, u so‘zlarida xolis emasdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vassalomning ularga bo‘lgan munosabati ibratli va namunalidir.

Albatta, «sof Islom» ideyasining (g‘oya) rivojlanishi faqat tashqi sabablarga ega emas. Ichki sabablar ham talaygina. Musulmonning hayoti va atrofidagi jamiyatlarda diniy muxolif kuchlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan ko‘p omillar bor. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vassalomning hadislarida ham aytilgan.

Diniy hayotda ba’zan halokatli og‘ishlar yuz beradi. Buning uchun mas’ul bo‘lganlar doim ham buni o‘z vaqtida qaytarishga qodir bo‘lmaydi, uni tuzatishga esa jamoatchilikning ma’lum qismi kirishib ketadi.

Umuman olganda, boshqarish sohasiga nisbatan norozilar doim topiladi. Ya’ni, amalga oshiq shaxs yuqori lavozimu martabalarning aynan unga emas, balki boshqalarga nasib etganiga chiday olmaydi. Ish bor joyda kamchiliklar ham, shu kamchiliklarni tuzatmoqchi bo‘lganlar ham doim topiladi…

Nihoyat, jamiyatni zaharlayotgan poraxo‘rlik, mahalliychilik, yoshlarning rivojlanishi va o‘sishida hech qanday istiqbol yo‘qligi ijtimoiy adolatning boshqa muqobil yo‘llarini izlashga majbur qiladi. Ko‘pchilik dinga murojaat qilgani uchun «Islomiy faktor» bu jarayonga aralashib qoladi.

Agar bu harakatlarga tashqaridan turib, tashkiliy kuch sifatida kimdir ko‘mak bermasa, vasatiy ummat, jamiyat va mamlakat uchun hech qanday xavf bo‘lmaydi va u faqat lokal xarakterga ega tendentsiya bo‘lib qolaveradi.
Faqat mo‘may moliyaviy ta’minot orqasidan va g‘arbcha puxta hisoblab chiqilgan strategiya va taktikagina xususiy norozilikni va ummat ichidagi tabiiy munozaralarga buzg‘unchilik ko‘rinishlarini olib kirib, barqarorlikni izdan chiqaradi.

Shunday qilib, «sof Islom» tarafdorlarining ko‘pchiligi Islomga qarshi boshlagan axborot urushining qurboniga aylanib, o‘zlari bilib-bilmay begona mamlakat maxsus xizmatlarining «beshinchi kolonna»siga aylanib, «boshqariladigan konflikt»ga amaliy hissalarini qo‘shadilar.

Afsuski, ko‘pchilik yoshlar nozik chegara chizig‘ini anglamay, shunday targ‘ibotlarga uchib, diniga, dindoshlariga, o‘z xalqi va mamlakatiga qarshi isyon qilishgacha boradilar.

Tashqaridan bo‘layotgan xurujlardan qanday himoyalanish mumkin?
Islomga qarshi axborot urushining asosiy maqsadi – musulmonlarni madaniyat va turmushlarida etno-ekzotik xususiyatlarnigina saqlab qolib, o‘z dinlaridan uzoqlashtirilgan, boyvachchalarning xizmatlarini qilib yuradigan, aldanib, ahmoqqa aylangan iste’molchi qullarga aylantirishdir.

Nasroniy dunyosi bu urushda mag‘lub bo‘lgan. Endi u «sharq varvar»lariga alternativ sivilizatsiya sifatida taklif qilinishga yaramoqda, xolos.

Islomga qarshi axborot urushining oraliq maqsadlaridan biri – omma ongida isyonchi va qo‘poruvchilarning ijobiy suratini paydo qilishdan iborat. Bundan ikki maqsad ko‘zda tutilgan:

1. Global (Islomni global miqyosda yomonotliq qilish).

2. Taktik (saflarni dezinformatsiyaga ishonganlar bilan to‘ldirib, ko‘paytirish)
Isyonchining ijobiy suratini paydo qilish uchun uni «rasmiy»larning muxolifi qilib ko‘rsatish lozim. Buning uchun rasmiy idoralarni obro‘sizlantirish kampaniyasini olib boriladi.

Islom maydonidagi axborot urushining strategiyasi quyidagi chiziq bo‘yicha saflangan:

1. Mashhur ulamolarni, jamoat, tashkilotlarni, ma’rifat markazlarini va imomlarni obro‘sizlantirish, faoliyatlariga tashqaridan va ichkaridan to‘sqinliklar qilish;

2. «Sof Islom» tasavvurini va «sof Islom» tarafdorlarini OAV yordamida maqtab, martabalarini, obro‘larini oshirish va ular haqida iliq fikrlarni shakllantirish (bu ish asosan internetda amalga oshirilmoqda);

3. Muxolifat vakillarining radikallashishini ta’minlash, qurolli qo‘shporuvchilik harakatlarida (diversiya) ishtirok etishga targ‘ib qilish, «shahid»lar «shaxs»ini shakllantirib, barqarorlikni izdan chiqarishga o‘xshash siyosiy vazifalarni hal qilish.

Ushbu taktikani amalga oshirish strategiyasi “rangli inqilob”lar taktikasidan farq qilmaydi, shakllar (sxema) mutlaqo bir xil:

Dezinformatsiya, yolg‘on xabarlarni o‘rtaga tashlash, ayni paytda hayot va mansabda biron narsaga ega bo‘la olmagan faol, yosh yigit-qizlarni o‘ziga og‘dirib, ularning ongiga o‘zlarining yolg‘on mafkurasini singdirish, bu dunyo va oxiratda muvaffaqiyat qozonishning yagona va maqbul mafkura ekaniga ishontirish.

Ma’lum vaqtgacha ommani muxolifat kayfiyatida ushlab turish va uning orasida o‘zinikini targ‘ib qilish, keyin esa…

Internetda fleshmob chaqirig‘i bilan ma’lum joyda, ma’lum vaqtda jamlanib, biron narsani amalga oshirish… inqiloblar uyushtirish va hokimiyatni egallashga urinish… (O‘zbekistonda Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar kesilganida fleshmob uyushtirildi, ya’ni bu uslub ilk bor sinovdan o‘tdi)
Arab dunyosidagi «rangli inqiloblar»dan bizlarga hech qanday xavf va xatar yo‘q. Hatto hech qanday – na mafkuraviy, na moddiy eksport sezilgani yo‘q.
Ammo «rangli inqilob»lar xoh u musulmon yurtlarida bo‘lsin, xoh nasroniylar yurtida bo‘lsin, ularning buyurtmachisi bitta – shuni yaxshilab bilib olishimiz kerak.

Islomga qarshi kurashadigan mafkura sifatida faqat «salafiya» nomi bilan tanilgan oqimni atash to‘g‘ri emas. Mazkur oqim Islom ichidagi turli xil bid’atlarga qarshi primitiv reaktsiya sifatida vujudga kelgan. Bu mafkura, ta’rif qilinayotganidek, o‘zicha unchalik radikal emas, chunki ular sunnat va solih salaflarga «ergashadi», sunnatda esa Rasululloh sallallohu alayhi vassalom har qanday isyon qilishdan qaytarganlar, harbiy jihod masalasida ham qattiq shartlar qo‘yilgan. Ularga amal qilmaslik esa og‘ir jinoyat hisoblanadi.
Shuning uchun ham, o‘n sakkizinchi asrda Britaniya puritanlari tomonidan tashkil qilingan sektalar traditsion oqimlarga muxolif bo‘lgan «salafiya» firqasining nomidan unumli foydalanib kelmoqdalar.

Shunday qilib, «salafiya» nomini o‘zlariga niqob qilgan guruhlarning shiori ostida birinchi o‘rinda jihod, kofirga chiqarish, o‘zga din vakillari bilan kelishib yashashni «tog‘ut qonun»larini tan oluvchilar deb ayblashlarini ko‘rishimiz mumkin. Yana ular g‘ayrimusulmon mamlakatlarida  hukumatga qarshi partizanlik urushini olib bormayotgan musulmonlarni munofiq deb bilishadi. Ularning qoni va moli halol deyishadi.

Xuddi Rasululloh sallallohu alayhi vassalom aytganlaridek, «Ular Allohning kitobini ko‘p tilovat qiladilar. Ammo u ularning bo‘g‘izlaridan nariga o‘tmaydi. Ular dindan xuddi o‘q kamondan chiqqandek chiqadilar.»

Jurnalistlar aynan mazkur  yangi xavorijlar darajasigacha «to‘ldirilgan» salafiya versiyasini «vahhobiylar» deb atagan. Ammo tan olish kerak, buning musulmoncha atama sifatida qo‘llanilishi unchalik to‘g‘ri emas.

Islom faktoridan foydalangan holda Islomga qarshi axborot urushining vositalari hamda ularga qarshi choralar haqida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

1. Islom haqidagi risolalar yordamida populistik dezinforatsiyalarni (ommabop yolg‘on axborotlarni) tarqatish. Qisqa, uzuq-yuluq ma’lumotlarni berib, Islomga qiziqayotganlarni Islomdan sovutish yoki ularning qalbiga shubha, gumonlarni solish. Misol uchun, ishtonlarning uzun-qisqaligi, paranji haqidagi ma’lumotlarni inson hayotidan ham baland va qadrli ekanini bayon qiladigan kitob va maqolalar. Maqsad bitta – Islom haqida yolg‘on tasavvurlarni hosil qildirish.

“Men arzon narsalarni sotib oladigan darajada boy emasman”, degan mashhur ibora bor.

Ba’zi imomlar tushunish oson bo‘lgan islomiy adabiyotlarning yo‘qligi tufayli arzon narsalarga ishqivoz bo‘lib yoki «sof Islom»ni targ‘ibot qiladigan kitoblardan ta’sirlanibmi, murshidga qo‘l berganlarning va qabristonlarni ziyorat qiluvchilarning qoni va molini halol, deb yuborganlar. Lekin jinoyatlarga targ‘ib qilinmagan taqdirda ham, mazkur sifatsiz «adabiyot»lar Islomga jiddiy zarar keltirib, musulmonlarni obro‘sizlantirish uchun kifoya qiladi.
Qarshi chora: Musulmonlar uchun yozilgan ilmiy, chinakam ma’rifat tarqatuvchi kitoblarni ko‘paytirish. Mahalliy xalqni, uning madaniyati, tilini va shu erning o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshi biluvchi ulamolar tomonidan yozilgan kitoblarni nashr qilish.

Jumhur musulmon olami e’tirof qiladigan muhaqqiq ulamolarning kitoblarini arab tilidan tarjima qilinishini yo‘lga qo‘yish (masalan, Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, ibn Moja, Termiziy va Nasoiylarning kitoblari).

Bu choraning bahosi – mamlakat suvereniteti va musulmonlarning tinchligidir. Arzonga aldanib qolmaslik kerak.

2. Dinning asl manbalarini buzib o‘rtaga tashlash: soxta Qur’oni karim tarjima va tafsirlari, «tanlangan» noilmiy hadislarni ko‘paytirish.

Qur’oni karim tarjimasiga bog‘liq muammoga biz boshqa maqolada to‘xtalganmiz, bu narsa hadislarning tarjimasiga ham taalluqli.

Umumiy baho: Qur’on va sunnatga oid ko‘p tarjimalar so‘zma-so‘z bo‘lgani uchun Islom haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lib qolish xavfi bor. Uni o‘qigan odamlar noto‘g‘ri e’tiqodga ketib qolishi mumkin. Misol uchun, Allohning sifatlariga oid masalalarda zohiriylar mazhabiga muvofiq bo‘lib qolish ehtimoli kuchli…

Qarshi chora: Ulamolarining kitoblarini ko‘paytirish. Tafsir va hadislarni faqat sharhlar bilan berish.

Agar shu masalada bo‘shliq hosil bo‘lsa, uni buzg‘unchi (destruktiv) elementlar tezda to‘ldirib, keyin kech bo‘lib qolishi mumkin.

3. Ta’lim. Diniy o‘quv yurtlarida zamonaviy uslubiy va texnologik asoslarning zaifligi sababli ta’lim olish sohalarida ham yuqorida gapirilgan tendentsiyalar bo‘yicha dezinformatsiya makoni bo‘lish ehtimoli kuchli. Ko‘pincha o‘qish jarayoni moliyaviy ta’minlanish jarayoniga bog‘liq bo‘ladi, ya’ni kim moliyalashtirsa, o‘shaning mafkurasi singdirilishi xavfi bor. Islomni o‘rganishni umuman man qilib qo‘yish ham dushmanlar taktikasiga foyda beradi. Dinga ehtiyoj bor ekan, odamlar dinni o‘rganish yo‘llarini topib oladilar. Buni dushman ham biladi. Diniy ta’limni cheklash esa faqat zarar keltiradi.

Qarshi chora: Ta’lim sohasini yuqori darajalarga ko‘tarish. O‘rta asr usullaridan voz kechish, ya’ni ma’nosini tushunmasdan yod olishlar, eski zamonlarning eski fatvolari va hokazolar (misol uchun, kartoshka halolmi? Kepka kiygan odam kofir bo‘ladimi va hokazo).

Masjid va madrasalarda qisqa muddatli ta’lim kurslarini tashkil qilish. TV, gazeta va radiolarda islomiy-ma’rifiy dasturlarni ham ko‘paytirish (ya’ni nomiga haftada bir marta emas, balki har kuni yoki kun aro. Misol uchun, ma’ruza tinglamoqchi bo‘lgan odam bir hafta kutib o‘tirmaydi, u o‘ziga kerak bo‘lgan narsani baribir topib oladi).

Dunyoviy fanlarni ham puxta o‘rgatish, ya’ni dunyoviy bilimlar bazasi ham zamonaviy talablarga ko‘ra shakllangan bo‘lishi.

Musulmonlar haqida, ularning hatti-harakatlari haqida turli “fatvo”lar muntazam chiqib turadi, ammo “fatvo” berganlarning kimligini aniqlab, fatvolariga raddiya berilmaydi. Bunga mas’ul xodimlar esa sustkashlik qiladi. Boshqalarning esa keng ma’noda bunday imkoniyatlari yo‘q.

Internet saytlar haqida. Internet va boshqa telekommunikatsiya vositalariga alohida e’tibor berish kerak. Ma’rifiy saytlarga zaruriyat katta, chunki tashqaridan xuruj qilishga shay bo‘lgan saytlarning sanog‘i hisobsiz.
Ma’rifiy saytlarning xolding-resurslarini tashkil qilish dolzarb masaladir.

Ali Vyacheslav Polosinning  «Информационная безопасность российской уммы» maqolasi asosida Abu Muslim tayyorladi.

SHARE