[FOTO va VIDEOLAVHA] O‘zbekistonlik hojilar Makkai Mukarramada

Vatanimizdan Muborak Haj safari niyati ila chiqqan 5000 nafar yurtdoshlarimiz Makkai Mukarrama ziyoratini davom ettirmoqdalar.

Madinai munavvaradan shinam avtobuslarda Makkai mukarramaga kelgan yurtdoshlarimiz Masjidul haramdan 5 km masofadagi mehmonxonadan joy oldilar.

Hojilarimiz Makkai mukarramaga tashrif buyurib, xushu‘ bilan, talbiya va takbir aytgan holda Masjidul Haramga kirdilar. Yetti marta qudum tavofi, raml, hajarul asvad ziyorati amallarini bajargan hojilar, zam-zam suvidan qonib ichdilar.

Safo va Marva sa‘ylarini ham bajargan hojilarimiz Zulhijjaning sakkizinchi kuni (4-noyabr) tongda Makkai mukarramada Minoga yo‘l oldilar va Arafa kuni bomdod namozini o‘qiguncha Minoda turdilar.

Hojilarimiz Zulhijjaning to‘qqizinchi kuni (5-noyabr) Minoda bomdod namozini o‘qigach, Arafotga chiqdilar va Rahmat tog‘iga yaqin joyda vuquf qildilar. Quyosh botgach, barcha hojilarimiz Muzdalifaga borishdi va o‘sha yerda tunni o‘tkazdilar.

Zulhijjaning o‘ninchi kuni (Qurbon hayiti kuni, 6-noyabr) bomdod namozini erta vaqtda o‘qigach, hojilarimiz Muzdalifada bir lahza vuquf qilib, takbir, tahlil va Payg‘ambarimiz s.a.v.ga salovot aytib, duo qildilar. Tong yorishgach, Minoga yo‘l oldilar va shaytonga tosh otish amalini bajardilar.

Qurbon hayitining ikkinchi (7-noyabr) va uchinchi (8-noyabr) kunlari shaytonga tosh otish amalini bajargan yurtdoshlarimiz Baytulloh tavofini amalga oshirmoqdalar.

So‘nggi marta vido tavofini amalga oshirgan hojilar uchun Haj amallari yakunlanadi.

Hojilarimizning dastlabki guruhi Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 11-noyabr kuni Vatanimizga qaytadilar. 24-noyabrgacha barcha yurtdoshlarimiz yurtimizga qaytadilar.

[nggallery id=12]