Aeroport va Hayot

Ahad ABDURAHMON
Aeroportda bo’lganmisiz? Menga aeroportlar juda ham yoqadi. U yerdagi odamlar bir-biriga qaramasa ham, bir-birini tanimasa, bilmasa ham, hammasi bir maslakda u yerga yig’ilgan bo’ladilar. Shu sababdan bo’lsa kerak, ko’z-ko’zga tushsa, bir-birlariga ma’noli qarab, ochiq ko’ngillik bilan kulimsirab bosh silkib qo’yishadi. Hamma oldinda o’zini kutib turgan safar yonidan o’tib ketayotgan yoki o’tirgan odamni ham kutib turganini biladi. Horigan va o’jarroq qariya yoki injiqlik qilayotgan bolaning qilmishlari hech kimga malol kelmaydi, negaki hamma biladiki, bu insonlarni qayerdadir intizor bo’lib kutayotganlar bor, ularning diydoriga mushtoq bo’lganlar bor, bu qariya yoki bolaning ham qalbida bir dunyo sog’inch va mehr yig’ilib qolgan va shu sababli ular yo’ldalar.

Yukni topshirish jarayonida odamlar “yukim oshib ketmadimikan, ichida taqiqlangan narsa yo’qmikan,” deya yurak hovuchlab turadilar. Uchoqqa o’tirish oldidan biletlar tekshiriladi va hamma bitta-bitta o’z joylariga o’tiradilar va samoga ko’tariladilar….Yo’lingizga intizor bo’lganlarning yoniga omonlikda yetib oling, diydoriga mushtoq bo’lganlaringizni esonlikda ko’ring, yo’lovchilar!

Men ba’zan hayot va aeroport o’rtasida juda ko’p paralellar ko’raman. Biz hammamiz bu hayotdagi o’tkinchi yo’lovchilarmiz. Manzillarimiz boshqa-boshqa bo’lishi mumkin, lekin hammamizning maqsadimiz manzilga eson-omon yetmoqlikdir. Safar hammamizning boshimizda bor. Bu jihat ayniqsa masjidlarda yaqqol ko’zga tashlanadi. Huddi aeroportdagi kabi turli-tuman tanish va begona odamlar…..ammo hammasini ajib bir samimiyat va birdamlik hissi bog’lab turadi. Magar hammamiz bu dunyoda bir musofirlar ekanmiz, hammamiz o’z manzilimizga eson-omon yetib olishimiz haqqi, bir-birimizga mehrliroq bo’lmog’imiz darkordir. Bir kun kelib bizning bu dunyoda orttirgan gunohlarimiz ham huddi aeroport yukxonasidagi kabi taroziga tortiladi. Dunyoda gunohsiz bandaning o’zi yo’q, lekin hammamiz “ ‘yukim’ oshib ketmadimikan,” degan xavotirda yuramiz. Birgina farq shuki, aeroportda aynan qancha yuk olib chiqishingiz ma’lum va ravshan, hayotda esa…..faqat Tarozibongagina ayondir.

Shu sababli qancha oz bo’lsa shuncha yaxshi…

Safaringiz xatarsiz bo’lsin, aziz do’stim.  Siz va siz kabilarga diydoriga zor bo’lganlaringizni ko’zlagan manzillaringizda jamul-jam ko’rish nasib etsin va siz kabi yuki yengillarning sharofati ila bizdek yuki og’irlarga ham joy topilsin… Omin!

SHARE