Radikalchilik bizning nazarimizda: Reymond Ibrohim qarashlari haqiqat mezoni bo’la oladimi?

 (“Radikalchilik o’zgalar nazarida: G’arbona qarash haqiqat mezoni bo’la oladimi?” maqolasiga munosabat)

 Mirakmal NIYAZMATOV

“Vatandosh” gazetasi saytida 20-noyabr kuni “Radikalchilik o’zgalar nazarida: G’arbona qarash haqiqat mezoni bo’la oladimi?” sarlavhali maqola chop etildi. Ushbu maqola Reymond Ibrohimning shu nomdagi asari asosida Abu Muslim tomonidan tayyorlangan. Reymond Ibrohim (Raymond Ibrahim) qalamiga mansub ushbu maqola, dastlab, joriy yilning 1-sentabrida ingliz tilida Reymond Ibrohimning shaxsiy veb sahifasida chop etilgan edi.

Avvalo, muallif haqida bir-ikki og’iz so’z. Reymond Ibrohim asli misrlik koptik nasroniy bo’lib, AQShda sharqshunoslik va Arab tili mutaxassisligi bo’yicha ta’lim olgan. Islom, Nasoro va Yahudiylik hamda Yaqin Sharq masalalariga oid ko’plab maqola va kitoblar muallifi.

Maqolada, shubhasiz, davrning dolzarb savoli o’rtaga tashlangan: Musulmonlarning qaysi e’tiqodlari va maslaklari  radikal yoki radikal emasligini kim belgilaydi? Savol dolzarb va o’rinli, ammo unga berilgan javob muallifning masalaga xolis nazar solmaganini ko’rsatmoqda. Maqolada olg’a surilgan fikrlar o’quvchida, go’yoki, Islom, haqiqatdan ham, radikal bir dindir, degan tasavvur uyg’otadi.

Bunday munosabatni Abu Muslimning tarjimasidan ilg’ash qiyin. Tarjimon jumlalarni tarjima qilishning uddasidan chiqqan, ammo maqola satrlari orasiga yashiringan asosiy iddao tarjimada o’z aksini topmagan. Natijada “Vatandosh” o’quvchilarining aksariyati uchun va taxminim bo’yicha, tarjimon uchun ham, Reymond Ibrohimning maqolasi Islom dini va musulmonlar haqidagi fitnalarga ochiqlik kiritadigan ijobiy ochiqlamalardan biri sifatida qabul qilingan.

Reymond Ibrohimning ushbu maqolani yozishdan asosiy maqsadi nima ekanini tushunish uchun maqolaning inglizcha matnidagi xulosaga e’tibor qaratmoq lozim. U maqolasiga shunday yakun yasaydi:

“Therefore, rather than arrogantly brushing aside Islam’s centuries-old worldview—which at root is behind any talk of “de-radicalizing” Muslims—Western leaders would do well to take the time to learn the particulars of the religion (Ta’kid bizniki).”

Xulosadagi “Islam’s centuries-old worldview” o’zbekchaga “Ming yillardan beri yashab kelayotgan Islom” deb tarjima qilingan. Ammo Reymond Ibrohim bu jumla bilan Islom dini keltirgan go’zal odob va hayot tarzi, shu bilan birga, uning dunyo  diniy, ma’naviy va ilmiy salohiyatiga qo’shgan hissasini emas, balki bugungi kunda Saudiya Arabistonida avj olgan vahhobiy-salafiy dunyoqarashini nazarda tutgani aniq. Reymond Ibrohim uchun Islomning tag-tubida vahhobiy-salafiy ta’limoti yotadi. Shu sababli u salafiylardan misol keltiradi va ularning ta’limotini go’yoki asrlar davomida Islom dunyosida qabul qilinib, amalda qo’llanib kelingan e’tiqod va amallar ekanini iddao qiladi.

“Ming yillardan beri yashab kelayotgan Islom” deb yozar ekan, muallif ushbu jumla ortidan, “[Islomning] mohiyatida “deradikallash” (radikallikni yo’qotish) tushuchasiga umuman yot bo’lgan dunyoqarash [yotadi]” (“which at root is behind any talk of “de-radicalizing” Muslims”), deb ta’kidlaydi. Sodda qilib aytganda, musulmonlar orasida vahhobiy-salafiylarga o’xshab fikr yuritmaydiganlarni topish mumkin emas, shuning uchun ham musulmonlarni “deradikallash” bilan ovora bo’lmasdan, “G’arb davlatlari rahbarlari dinning tafsilotlarini o’rganishlari maqsadga muvofiq bo’lar edi” (“Western leaders would do well to take the time to learn the particulars of the religion”), demoqchi. Bu bilan Reymond Ibrohim Islom dini mohiyatini o’rganing, demoqchi emas, albatta. Aksincha, u Islom dini bu vahhobiy-salafiy ta’limotidan iboratligini aytib, G’arb davlatlari rahnamolarini shu haqiqatni qabul qilishga va Islomga va musulmonlarga shunga yarasha munosabatda bo’lishga chaqirmoqda.

Reymond Ibrohim asli misrlik bo'lgan xristian sharqshunos olimi va arab tili bo'yicha mutaxassis

Reymond Ibrohim ushbu maqolani nima maqsadda yozganini to’liq anglash uchun uning kim ekanligini chuqurroq o’rganmoq lozim. Reymond Ibrohim Arab tili mutaxassisi bo’lib, Islom diniga oid ko’plab maqola va kitoblar yozgan. Uning Islom dini va musulmonlarga nisbatan qanday fikrda ekanini bilish uchun uning shaxsiy vebsahifaga joylashtirilgan turli materiallar bilan tanishib chiqishning o’zi kifoya. Masalan, saytning “Audio/Video” bo’limiga “Yahudiylik va Xristian dini Islom dini kabi zo’ravonmi?” (“Are Judaism and Christianity as Violent as Islam?”) deb nomlangan audiofayl joylashtirilgan. Unda Reymond Ibrohim, hech qanday ta’rif va ochiqlama bermasdan, musulmonlar namoz farzligiga qanday ishonsalar, harbiy jihodning ham farz ekanligiga shunday ishonadilar, deydi. Bu bilan u, yuqorida tahlil qilingan maqoladagi munosabat kabi, satrlar orasiga, barcha musulmonlar Usoma Bin Lodin kabi harbiy jihod tarafdorlaridir, degan tushunchani olib kiradi.

Xristianlarning Salb urushlarini musulmonlar olib borgan urushlar bilan taqqoslab, Salb urushlari musulmonlarniki kabi diniy ta’limotga asoslanmagan edi, deydi. Bu bilan u, Xristian dunyosidagi din nomi bilan bog’liq bo’lgan urushlar aslida alohida kishilarning xatosi bo’lgan, diniy ta’limotning natijasi emas, demoqchi. Aksincha, Islom tarixidagi barcha janglar esa diniy ta’limotga asoslangan edi, deb xulosa qiladi u.

Reymond o’z fikrining yanada tushunarliroq bo’lishi uchun quyidagi qiyosni keltiradi: Agar Yevropa xalqi musulmon bo’lganda edi, u hech qachon Renessans davrini ko’rmagan bo’lar edi.

Reymond Ibrohimning bu gaplari uning Islom dini va tarixidan ilmi o’ta yuzaki ekanini ko’rsatadi, xolos. Vaholanki, zamonaviy Yevropaning uyg’onishida musulmon olimlari boshlab bergan va davom ettirgan ilmlarning o’rni katta ekanini barcha insofli tarixchilar birdek e’tirof etadi.

Munosabatimizga Reymond Ibrohim misol qilib keltirgan Saudiya Arabistoni masalasiga bir oz to’xtalib o’tish bilan yakun yasaymiz. Maqolada vahhobiy-salafiy ta’limoti yangi ta’limot bo’lmay, balki 8-asrda yashagan mujtahid olim Ibn Hanbal davridan borligi va shuning uchun vahhobiy-salafiy dunyoqarashi tipik musulmon madaniyati va yashash tarzining o’zidir, degan xulosa olg’a suriladi.

Islom dini tarixini o’qigan har qanday shaxs uchun Saudiya Arabistonida amal qilinayotgan diniy e’tiqod va amallar o’tmishdagi va bugungi ko’pchilik musulmonlar madaniyati va yashash tarziga misol bo’la olmasligi kundek ayon. Makka va Madina diyorida bugungi kunda Bangladesh, Pokiston, Hindiston va boshqa davlatlardan kelgan muhojir ishchilarga nisbatan keng tarqalgan kamsitishlar, dinning botini qolib, zohiriga ko’r-ko’rona ergashish va diniy amallarni bajarish uchun joriy etilgan ommaviy majburlovlar asl Islom ta’limotidan emas.

Reymond Ibrohim Islom dinini “deradikallash” jarayonini, Saudiya Arabistoni misolida, go’yoki, G’arbni dunyoviy (sekulyar) yashash tarzidan voz kechtirish misoliga qiyoslaydi. Bunday o’xshatish va uni qo’llab quvvatlash uchun keltirilgan dalillar asossizdir. G’arb, Saudiya Arabistonidan farqli o’laroq, besoqolbozlikka oddiy holat deb qaragani bilan, hammani besoqolboz bo’lishga majburlamaydi. G’arb jamiyati, umuman olganda, dunyoviy (sekulyar) bo’lgani bilan, diniy hayot tarzini tanlaganlarni ta’qib qilmaydi, majburlab “dunyoviylashtirmaydi.”

Men uchun vahhobiy-salafiylarning asl Islom ta’limoti nima ekani haqidagi fikrlari unchalik muhim emas. Men uchun tashvishlanarli holat ularning o’z ta’limotlari va dunyoqarashlarini boshqalarga ham majburan singdirishga bo’lgan urinishlaridir. Islomda ming yillardan beri Ahli Sunnat va jamoat qoshida to’rt mazhabning birga yashab kelgani va ularning bir-birlarini inkor etmaganlari va ayblamaganlari Islomda diniy bag’rikenglik tamoyilining borligi uchun ochiq misoldir. Salafiylar Islomning ana shu muhim tamoyilini buzayotganlari bois ham ularning “radikal” Islomlarini 8-asrdan beri amal qilib kelayotgan asl Islom, deb atash notog’ridir.

Islom dini shu kungacha taraqqiy etgan bo’lsa, majburlov va taqiqlar ostida musulmon niqobini taqqan munofiqlar hisobiga emas, balki Islom dinining tub mohiyatini tushunib, unga amal qilganlar hisobiga taraqqiy etgan va tarqalgan. Reymond Ibrohim radikalchilik haqida gapirganda, masalaning aynan mana shu jihatiga diqqat qaratmog’i lozim edi.

SHARE