Afg`on qizlari uchun joriy yil eng yomon yil bo`ldi

Afg`oniston Ta’lim vazirligi rasmiylarining aytishicha, ular ko`plab sabablarga ko`ra qizlar uchun maktablarni qaytadan ocha olishmadi, ammo 7-12 sinf o`quvchilari yangi yilda o`z tahsillarini davom ettira olishadi.

“Maktablarni qaytadan ochish loyihasi moliyaviy tomondan qo`llab-quvvatlansa, qizlar maktablarining hammasi kelgusi yilda ochiladi,” deydi vazirlik matbuot kotibi Nazar Muhammad Irfon.

“Qizlarning o`qishga haqqi bor, ammo biz ularga G`arbdagi kabi sharoitlarni ta’minlab berolmaymiz,” degan Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sher Muhammad Abbos Stanikzay.

Ayni paytda afg`onistonlik qizlar o`qishlarini davom ettira olish uchun mamlakat hukumati va xalqaro tashkilotlarga tinmay murojaat qilishmoqda.

8-sinf o`quvchisi Parneyonning aytishicha, qizlar 3 oydan ko`proq vaqt o`tsada, maktabga bora olishmayapti. Maktablarni qaytadan ochishga va’da qilgan amirlik rahbarlari esa, o`z va’dalarini bajara olishmayapti.

“Kelajagimiz noma’lum, xalqaro hamjamiyatdan Tolibonga maktablarni qaytadan ochishi uchun bosim o`tkazishni so`raymiz,” deydi Bahora ismli o`quvchi.

Maktab o`qituvchilari ham qiyin ahvolda qolishgan. Zuhal Umarzoda ismli o`qituvchi oyliklarning to`lanmayotganligidan shikoyat qildi.

Afg`onistonda hukumat almashgach, butun ta’lim muassasalri yopilgan edi. Biroz vaqt o`tib, o`g`il bolalar uchun barcha maktablar qaytadan ochildi. Ammo qizlar maktablari faqat 6-sinfgacha bo`lgan o`quvchilarni qabul qilmoqda.