Yangi yildan yangi tizim ishga tushadi

Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi qaroriga asosan, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko`maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta`minlash maqsadida 2022-yil 1-yanvardan e`tiboran butunlay yangi tizim – har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha hokim yordamchisi lavozimi joriy etilmoqda.

Mazkur hujjatda hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo`yicha respublika komissiyasi tashkil etilishi belgilangan edi. Ayni paytda mazkur komissiya hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida iqtisodiyot va investitsiya komplekslariga kiruvchi vazirlik, idoralar, tijorat banklarining mas`ul xodimlarini  har bir tuman va shaharga biriktirgan. 

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari Respublika komissiyasi va respublika vakillarining ishchi organlari etib belgilangan.

Komissiya a`zolari shaharchalar, qishloqlar, ovullarda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish bo`yicha ishlarni tizimli tashkil etadi.

Shuningdek, hududlarga chiqqan holda mutaxassis kadrlar va tegishli soha mutaxassislari bilan hamkorlikda master klaslar o`tkazilayotir. 


Nilufar Bozorova,
O`zA